29-hadis
Mu’oz ibn Jabal (r.a)dan:
- Yo Rasululloh, menga shunday bir amalni ayting-ki, u meni jannatga kiritib, do‘zaxdan uzoqlashtirsin,- dedim Nabiy sollallohu alayhi vasallamga.
- Sen ulkan narsa haqida so‘rading,- dedilar Nabiy sollallohu alayhi vasallam- Biroq u Alloh ta’olo oson qilgan kishiga osondir: Allohga ibodat qil va Unga hech narsani sherik etma. Namozni to‘kis ado et, zakot ber, Ramazon ro‘zasini tut va bayt (Ka’ba)ga haj qil!
So‘ng dedilar:
- Senga yaxshilik eshiklarini ko‘rsatayinmi?! Ro‘za (do‘zaxdan saqlovchi) qalqondir. Sadaqa bamisoli suv o‘tni o‘chirganidek gunoh-ma’siyatlar (asari)ni o‘chiradi. Kishining (kechasi turib) tunda o‘qigan namozi ham (yaxshilik eshiklaridandir).
So‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyidagi oyatni tilovat qildilar:
«Ularning yonboshlari o‘rin-joylaridan yiroq bo‘lur (ya’ni, tunlarini ibodat bilan o‘tkazib, oz uxlaydilar) Ular Parvardigorlariga qo‘rquv va umidvorlik bilan duo- iltijo qilurlar va Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan infoq-ehson qilurlar. Bas ularning qilib o‘tgan amallariga mukofot qilib ular uchun berkitib qo‘yilgan ko‘zlar quvonchini (ya’ni Oxirat ne’matlarini) biron jon bilmas».
So‘ng dedilar:
- Senga ishning boshi, asos-ustuni va o‘rkachining tepasi- oliy nuqtasi haqida xabar beraymi?!
- Ha! Yo Rasululloh!- dedim men.
- Ishning boshi Islom, ustuni namoz va o‘rkachining tepasi (ya’ni cho‘qqisi) jihoddir!
So‘ng (yana) dedilar:
- Senga mana shularning hammasining asosiy qismi- o‘zagi haqida xabar beraymi?!
- Ha! Yo Rasululloh!- deb javob berdim. Nabiy sollallohu alayhi vasallam tillarini ushlab dedilar:
- O’zing uchun manavini tiygin!
- Ey Allohning Nabiysi, nima biz gapirgan gaplarimizga ham javob beramizmi?!
- Seni yo‘qlab onang yig‘lasin, axir odamlarni yuzlari bilan- yoki burunlari bilan dedilar, do‘zaxga itqitayotgan narsa tillarining mevalari emasmi?!- dedilar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam.
Termiziy rivoyati. hasan-sahih hadis.