— Agar mollarni yashirmay o‘z xohishingiz bilan topshirsangiz, eringizning gunohi yengillashadi. Uch-to‘rt oyda eson-omon qaytadi. O‘jarlik qilsangiz, kamida o‘n yilga ketadi. Sherik sifatida siz ham qamalasiz, uyingiz musodara qilinadi,— dedi kelganlardan biri.
— Voy, qamalmay men o‘la qolay,— dedi opoqi yig‘lamsirab.— Mana, hammasi tayyor, hozir o‘zim olib borib topshiraman, deb turuvdim, Hosiljon, bolam, sen aytgin, topshirmoqchiydim, a? Ana qo‘shnim guvoh, ayt, bolam.
— Ha, topshirmoqchiydilar,— dedi U ming‘irlab.
— Sovet kishisining fazilati shunday, — dedi qo‘rqitayotgan yigit.— Halollik — sog‘lik garovi.
U ayvonga chiqib tugunlardan birining chetini ochib ko‘rdi.
— Hammasimi? Yashirmadingizmi?
— Voy, yashirib go‘rimga ortmoqlab ketamanmi? Xudo ursin, hammasi shu, ana, guvoh bolam aytsin.
— Qani, bratishka, ko‘tar, mashinaga olib chiq.
«Bratishka»... demak, «Shomilning odamlari», deb o‘yladi U. Tomoshadan zavqlangan holda, buyurilgan ishni bajardi.
— Ertaga soat o‘nda idoraga borasiz. Tilxat yozib beramiz.
Ular shunday deb chiqib ketishdi.