Alloh odamlarni yerda yashab, yaxshi ishlar qilishsin, Mening aytganlarimni bajarib, narigi dunyoda katta mukofotlarimni olishsin va «Jannat» degan go‘zal bog‘imda yashab yurishsin, deb yaratgan. Uning buyurganlarini bajarmagan odamlarni esa olov yonib turadigan «Do‘zax» degan joyga tashlab, jazolashini ham aytgan. Alloh hamma narsani yaratgan, hamma narsa unga bo‘ysungan bo‘lsa, demak, undan boshqa hech qanday qudratli, kuchli zot bo‘lmaydi-da!
Adashibmi yoki kimlarningdir gapidan qo‘rqibmi, Allohdan boshqa narsalarga, masalan, quyoshga, haykallarga, hayvonlarga, suratlarga sig‘inib qo‘ysa yoki ana shu narsalardan qo‘rqib yoki biror narsani iltimos qilib so‘rasa, Allohga ularni sherik qiigan bo‘ladi. Bu Islom dinida eng og‘ir gunoh (yomon ish) hisoblanadi. Bu odam o‘ldirishdan ham, ota-onaga qo‘l ko‘tarishdan ham, o‘g‘irlikdan ham, aroq ichishdan ham, xullas, hamma yomon ishlardan ham og‘ir, juda qattiq gunohdir. Ko‘rdingizmi, Alloh juda ulug‘, qudratli, hamma narsaning xo‘jasi ekan. Shuning uchun Alloh nomining yoniga ulug‘langan «Taolo» so‘zini qo‘shib aytamiz, Alloh nomini eshitgan zahotingiz «Jalla Jalal la hu» deb uni maqtaymiz. Shunday bo‘lgach, har biringiz «La ilaha illolloh» degan kalimani yodlab oling, uni har kuni, yurganda ham, bekor turganda ham, uyquga yotayotganda va turayotganda ham — doimo qaytarib turing. Faqat o‘zingiz yodlab qolmay, uni boshqa bilmaganlarga ham o‘rgating. Chunki buni bilmaganlar musulmon bo‘lmaydi. Jannatga ham kirmaydi. Kelgusi mashg‘ulotda «La ilaha illollohu Muhammadur rasululloh» kalimasini, albatta, yodlab berasiz, kelishdikmi?