Ulamolar fatavolarida quyidagi so‘zlar bor: «Xoin, aldoqchi, o‘g‘ri, battol, foiz oluvchi (sudxo‘r) va beruvchi, yetim molini yeyuvchi, yolg‘on guvohlik beruvchi, qarzga biron narsa olib, undan tonuvchi, poraxo‘r, o‘lchov va tarozidan urib qoluvchi, molining aybini yashirib sotuvchi, qimorboz, sehrgar, munajjim, fohisha, dod solib yig‘lovchi, sotuvchidan so‘ramay haqini olib qoluvchi dallol va hur-ozod odamni sotib pulini yeyuvchi kimsalar ham boshqalarning haqini nohaq yeyuvchilar sirasiga kiradi».
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Qiyomat kunida ayrim kishilarni olib kelishadi. Ularning Tuhoma tog‘icha keladigan yaxshiliklari bo‘ladi. Ular keltirilgach, Alloh ularning yaxshiliklarini to‘zg‘igan g‘uborga aylantirib qo‘yadi-da, o‘zlari do‘zaxga uloqtiriladi». «Yo Rasululloh, bunday bo‘lishining boisi nedur?» deya so‘rashgan edi: «Ular namoz o‘qir, ro‘za tutar va haj qilar edilar. Biroq, ular biron-bir harom narsaga duch kelsalar, uni olishar edi. Shu bois, Alloh ularning amallarini behuda qiladi», deb javob berdilar» (Tabaroniy rivoyati).
Alloh taolodan afv, ofiyat va O‘zi suygan, rozi bo‘lgan ishlarga muvaffaq qilishini tilaymiz. Albatta, U saxovatli, marhamatli, mehribon va rahmli zotdir.