Tilni tiymoq, bu — xoinlik, tuhmat, yolg‘on, g‘iybat, chaqimchilik, istehzo, birovni masxara qilish, yolg‘on qasam ichishdan tiyilish, azon aytilayotganda, masjidlarda, Qur’oni karim o‘qilayotganda, iqomat va xutba vaqtida, hojatxonada, jimo’ paytida so‘zlashmoq va suhbatlashmoqdan tiyilish, Qur’oni karimni o‘z ra’yiga ko‘ra tafsir qilmoq, omonat so‘z va sirlarni fosh qilmoq, gunohkorlarni himoya qilmoq, birodarining uzrini qabul etmaslik, mo‘minlarni qo‘rqitmoq va shunga o‘xshash til vositasida bajariladigan behuda va yomon amallardan o‘zini saqlashdir.
Qur’on tafsirlarida til va qo‘l bilan jafo yetkazish u yoqda tursin, ko‘z va qosh bilan insonga yetkaziladigan aziyatning ham til va qo‘l jafosidan qolishmasligi bayon etilgan.
Insonning tabiati uch joyda ma’lum bo‘ladi: safarda, ovqatlanish paytida, pul va molga tegishli oldi-berdilarda. Chunonchi, haj safarida inson mashaqqatlarga, yo‘l qiyinchiliklariga yo‘liqadi. Og‘ir paytlarda inson hamrohiga qanday muomala qiladi? Faqat o‘zining g‘amini yeydimi yoki boshqalarga ham yordam beradimi? Ana shu masalalarda haqiqiy mo‘minning kamoloti namoyon bo‘ladi. Agar bir chekkada o‘tirib, qodir bo‘lsa-da, hech kimga yordam bermasa, aksincha, o‘zgalardan yordam so‘rasa, unday odamga afsuslar bo‘lsin. Bu hol ham tanballik, ham iymon zaifligiga dalolatdir.
Tanavvul paytida ham faqat qornini o‘ylashlik iymondagi nuqsonning alomatidir. Savdo-sotiqda ham shunday. Birinchi navbatda o‘z manfaatini o‘ylaydigan insonlar hech qachon komil musulmon bo‘lolmaydilar. Dunyoga hirs qo‘ygan, xudbin, muxolif, mag‘rur, mutakabbir, ziqna, darg‘azab, riyokor, shuhratparast insonlar ham shu jumladandirlar.
Tasavvufda mazkur illatlardan xalos bo‘lishga va go‘zal xulqlarni egallashga yo‘llanmalar bor. Masalan, riyozat chekib Allohni doimiy zikr etish orqali eng qabih insonlar ham eng solih mo‘minlarga aylanganliklari ayni haqiqatdir. Keraksiz yotgan bir temirni olib, olovga qo‘ysangiz, cho‘g‘day qizarib, yumshaydi, keyin uni muayyan shaklga solib, o‘zingizga kerakli asbob yasab olishingiz mumkin.
Shuningdek, komil musulmonlarning qatoriga qo‘shilgan badxulq odamlarga ham beixtiyor fozillarning fazilati yuqadi. Shuning uchun ulug‘larimiz avlodlariga doimo ulamo, hukamo va faqihlar majlislarida qatnashishni, ulardan fayz olishni va hech qachon ulardan ayri bo‘lmaslikni nasihat qilganlar. Zero, ular taomni xushta’m qiladigan ziravorga yoki o‘z vaqtida yoqqan barakotli yomg‘irga o‘xshaydilar. Quruq, jonsiz yerlarga yomg‘ir yoqqach, u yerlar ko‘karib, yashnaganiday, o‘lgan, jonsiz qalblar ham olimu fozillar davrasida qayta jonlanadi. Parvardigor barchamizni hidoyat va kamolotga sabab bo‘luvchi olim va hakimlar majlislaridan ayirmasin!