— Men yig‘lashni bilmayman! Kishilar yig‘lag‘anda, manim kulgim qistaydir.
— Manim o‘rnimda bo‘lsangiz, siz ham yig‘idan bosh ko‘tarmas edingiz...
— Sening yeringda bo‘lsam bilasanmi nima qilar edim, Zaynab, — dedi Xushro‘y, —
dunyosini ost-ust qilar edim, bir tomchi yoshimni yuz tomchi zahar bilan qo‘shib tashlar
edim.
Zaynab keyingi gap bilan egachisining yuziga ko‘ta-rilib qaradi va Xushro‘yning yuzida
zolimona bir istehzo ko‘rdi.
— Yaxshi, — dedi Zaynab bir xil siniq tovushda, — hamma do‘stlaringiz sizga dushman
bo‘lsin, uch yildan beri sizning so‘zingizni aytib yoningizda kelgan qayin onangiz ham
dushmaningiz yonig‘a o‘tsin: hatto sizni tuqg‘an ota-onangiz ham «sabr qil, bolam!» deb
quruq so‘z aytib o‘ltursinlar... Bas, shu holatda siz yig‘lamay nima qilar edingiz?
Xushro‘y pinagini buzmay yana kuldi:
— Dushman o‘zi nima degan so‘z? — dedi, — men senga boya ham aytdim: kishining
dunyoda do‘sti yo‘q, magar nafsiga o‘zi do‘st; kishining dunyoda dushmani yo‘q, magar
nafsiga o‘zi dushman! Masalan sen o‘zing: otangg‘a, onangg‘a do‘stim, deb ishonding,
ammo ulardan nima yaxshiliq ko‘rding? Bu kun ularning «sabr qil, bolam!» deb bergan
kengashlari sening yarangga malham bo‘larmi? Albatta, bo‘lmas. Boshdayoq ering senga
qaramay qo‘ydi. Ammo sen qayin onangning va’dasiga va tag‘in allanarsalariga ishonding...
O‘zing o‘yla, bolani ona tug‘adir, lekin unga muhabbatni ham ona tug‘ib beradimi? Albatta
bu mumkin emas. Sen bechora shunga ham ishonding. Endi gap nima? Otang senga sabr
yediradir, qayin onang bo‘lsa kundashing duosida... sen bo‘lsang yig‘i quchog‘ida...