Ayrilishni istamaganimiz bu dunyodan yolg‘iz kafan bilan birga ayrilar ekanmiz, yonimizdan yaxshiliklarimiz, ibodatlarimizgina joy olishini, oxiratda bizga yeganlarimiz emas, yedirganlarimiz, kiyganlarimiz emas, kiydirganlarimiz foyda keltirishini unutmaylik.
Modomiki, el eshigida tilanchi emas ekanmiz, bunga shukrona o‘laroq, un, o‘tin topolmagan, holini birovga arz etolmaganlarni yo‘qlamasak, yordam bermasak, Allohning so‘roqlariga qanday javob beramiz? Ertaga, qilgan isroflarimizning gunohlari qarshisida ter to‘kib, pushaymon bo‘lmasdan burun o‘zimizga kelaylik, bu xil qashshoqlikning va isrofgarchilikning oldini olaylik.
Husayin xutbasini bitirganda, kishilarning ko‘nglida uyg‘ongan to‘lqinlanish, yuraklarni to‘ldirgan hayajon tuyg‘ulari bu xutbaning odamlarga juda yoqqanidan darak berardi. Ammo xutba tinglovchilarga yoqish uchungina emas, xalqqa ta’sir etish, ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlash uchun o‘qildi. Shu sababli xutbaning ta’sirini o‘sha kungi tilga tushish, Odilbekni do‘koniga kelib tabriklab ketgan xesh, do‘stu aqraboning e’tibori bilangina o‘lchamoq to‘g‘ri bo‘lmasa kerak.