Fasl
Jamoat namozining fazilati juda ulug‘. Alloh taoloning:
«Darhaqiqat, Biz (Lavhul-Mahfuzda) zikr qilgandan keyin Zaburda: «Albatta, (jannat) yeriga Mening solih bandalarim voris bo‘lurlar», deb yozib qo‘ygandirmiz» (Anbiyo surasi, 105), oyatining tafsirida «ular besh vaqt namozni jamoat bilan ado qiladigan zotlar», deyilgan.
«... va ularning qilgan ishlarini hamda (qoldirgan) izlarini yozib qo‘yurmiz» (Yosin surasi, 12), oyatiga ko‘ra, Alloh namozxonlarning bosgan qadamlarini yozib qo‘yadi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Kishining jamoat bilan o‘qigan namozi uyi va bozorida o‘qigan namozidan yigirma besh barobar ortiq bo‘ladi. Bu shundayki, agar tahoratni chiroyli qilsa, so‘ng masjidga faqat namoz uchungina borsa, uning har bir bosgan qadami sababli darajasi ko‘tarilib, xatosi o‘chiriladi. Agar namoz o‘qisa, modomiki joynamozida turar, tahorati buzilmas ekan, farishtalar uning haqiga: «Ey Alloh, uni salomat qil, unga rahm ayla», deya salovot aytib turishadi. Modomiki, namozni kutib turar ekan, u namozda, deb e’tibor qilinadi» (Muttafaqun alayh).