Rivoyat qilishlaricha, kimki o‘ziga halol bo‘lmagan ayolni shahvat bilan ushlasa, qiyomat kunida qo‘li bo‘yniga bog‘langan holda keladi. Agar o‘psa, lablari olovda qirqiladi. Bordi-yu zino qilsa, qiyomat kunida sonlari tilga kiradi-da, uning zarariga guvohlik beradi: «Men haromga mindim», deydi. Shunda Alloh taolo unga g‘azab ko‘zi bilan qaraydi. Bu qarashdan bandanidagi go‘shtlar erib tushadi. U sarkashlik qilib: «Men bu ishni qilmaganman», deydi. Unga qarshi tili guvohlik berib: «Men halol bo‘lmagan so‘zlarni so‘zlaganman», deydi. Qo‘llari: «Men haromni ushlaganman», desa, ko‘zlari: «Men haromga nazar tashlaganman», deydi. Oyoqlari: «Men halol bo‘lmagan ishga yurib borganman», deydi va farji: «Men qilganman», deydi. Yelkasidagi farishtalardan biri: «Men eshitganman», desa, ikkinchisi: «Men yozganman», deydi. Alloh taolo: «Men bilib, uni yashirganman», deydi. So‘ngra farishtalarga: «Uni ushlanglar va azobimdan tottiringlar. Darhaqiqat, behayo kimsaga g‘azabim kuchaydi», deb buyuradi. Quyidagi oyati karima bu fikrni tasdiqlaydi:
«U kunda — qiyomatda qilib o‘tgan (amallari) sababli ularning tillari ham, qo‘l va oyoqlari ham o‘zlarining ziyonlariga guvohlik berur» (Nur surasi, 24).
Ayrim zinolar boshqalaridan ulkandir: kishining onasi, opa-singlisi yoki boshqa mahrami bilan qilgan zinosi.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimki mahramiga yaqinlik qilsa, o‘ldiringlar» (Imom Ahmad rivoyati).
Barro roziyallohu anhu aytadilar: «Tugun ko‘tarib kelayotgan amakimni uchratib qoldim. U kishidan: «Yo‘l bo‘lsin?» deb so‘ragan edim: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meni otasining xotiniga (ya’ni, o‘gay onasiga) uylangan kimsaning oldiga yubordilar va uning bo‘ynini chopib, molini olishimni buyurdilar», deya javob berdilar» (Abu Dovud, Termiziy rivoyati).
Alloh taolodan fazlu marhamati ila gunohlarimizni mag‘firat etishini so‘raymiz. Albatta, U marhamatli, saxovatli zotdir.