Murod Mansur
JUDOLIK DIYORI
ARMONLAR DIYORIJudolik diyori...
Armonlar diyori...
Sog‘inchlar diyori...
Vatandagi vatansizlarning unsiz faryodlari.
Ardoqli adibimiz Murod Mansurning yangi asarlarini shunday sifatlasak ham bo‘lar. Mazkur asarning birinchi kitobi bilan adibiyot muhiblari tanishlar. Adibning ko‘p yillik mehnatlari samara berib, ikkinchi kitob ham yozildi. Xalqimizning yaqin o‘tmishdagi armonlari, unsiz faryodlari yozuvchining qalbini larzaga solib, so‘ng qog‘ozga ko‘chdi. Umid shulki, bu unsiz faryodlar siz — muhtaram kitobxonni ham befarq qoldirmas. Yozuvchining yuragini titratgan voqealar katta avlod xotiralarini uyg‘otishi tabiiy. Yosh avlodga esa tariximizning bu sahifalari ertak kabi tuyulsa ajab emas. Xalq boshiga shunchalar tashvishlar tushishi mumkinligini ular hali his etolmasalar kerak.
... Oliy o‘quv yurti talabalari bilan bo‘lgan uchrashuvdan so‘ng bir qiz yaqinlashib, savol berdi: «Siz istiqlolning buyuk ne’matligini aytdingiz, lekin ayrim kattalar «avvalgi zamon yaxshi edi», deyishadi. Kimning gapi to‘g‘ri? Qaysi gaplarga ishonishimiz kerak?» Toliba va uning tengdoshlari biz — katta avlodga shunday savol berishga haqli. Chunki o‘tmishni qo‘msab qoladigan qorin bandalarining bunday gaplarini ba’zi-ba’zida biz ham eshitib qolamiz. Ajablanamiz: «Kechagi kunning nimasi yaxshi bo‘lgan ekan? To‘g‘ri, o‘sha o‘tmish — bizniki. Uni qoralash, loy chapish ongsizlik belgisi. Lekin avvalgi jamiyatning qora kunlaridan ko‘z yummoqlik ham adolatdan emas. Begunoh otilganlarning, sovuq sibiriyaning o‘rmonlarida jasadlari qolib ketgan ajdodlarning, Vatan sog‘inchida ko‘z yoshlari emas, qon yoshlari to‘kib, armon-la vafot topganlarning ruhlari oldida nima deb javob beramiz? Kechagi o‘tmishni «to‘qlik zamoni» deb hisoblovchilar ocharchilik yillarida bir burda nonga zor ravishda ko‘chalarda o‘lib qolganlarning ruhi oldida nima deb javob berar ekanlar?..»
Uchrashuvlarda ko‘p qatori bizga ana shunday turli savollar berishadi. Dam jiddiy, dam hazil ohangida javob qaytaramiz va bu savollarning aksari yoddan ko‘tariladi. Lekin bu qizning savoli esa unutiladigan xilidan emasdi. Biroq, Murodjon akaning asarlarini o‘qish jarayonida ham bu savol bot-bot qulog‘im ostida jarangladi va o‘sha talabchan singlimizga shu kitob orqali xayolan javob berganday bo‘laverdim.
Fasllardan biriga «oltin kuz» deb ta’rif beramiz. 1991 yilning kuzi vatanimiz tarixidagi oltin davrni boshlab berdi, desak yanglishmaymiz. Men o‘sha oylari ota yurt tuprog‘ini o‘pishni eng ulug‘ saodat deb bilib, Xudoga shukrlar qilgan vatandoshlarimiz ko‘zlaridagi yoshni unuta olmayman. Shulardan biri aytgan edi: «Dadam jon berar vaqtlarida dedilarki: «Bolam, men senga boylik meros qoldirmayapman, men senga Vatan sog‘inchini, hijronni meros qoldiryapman. Yurt ozod bo‘lgan daqiqadayoq qanot chiqarib uch, agar uzoqda esang-da, ikki ummonni suzib o‘tsang-da, bor-da, men uchun ham Vatan tufrog‘ini o‘p, men uchun ham bu muqaddas tufroqni ko‘zlaringga surt...»
«Arining zahrini chekmagan bolning qadrini na bilsin», deganlaricha bor...
Istiqlol bergan ne’matlardan yana biri — ana o‘sha armonlar kitoblarga ko‘chdi. «Judolik diyori» o‘sha armonlarning bir qismi, lahzasi xalos. Yozuvchi 1966 yilgi Toshkent zilzilasi bahonasida buzilgan uylarni, xarob qilingan bog‘larni, loyqalangan an-horni bejiz tasvirlamaydi. Odamlarni serfayz bog‘lardan ko‘chirilishi bayonida ramziy ma’no bor. Sovet mafkurasi bu holatni «Lenincha xalqlar do‘stligi tantanasi», deb ta’riflagani bilan aslida bu ham yigirmanchi-o‘ttizinchi yillardagi zulmning boshqa libosda ko‘rinishi, mantiqiy davomi edi. Yozuvchining kechinmalari faqat o‘ziga xos emas, bu — xalqning tilga ko‘chmagan iztiroblaridir. Sultonmurod va Mahfuzaning taqdiri — ayriliqlarning siyoh bilan emas, ko‘z yoshlari bilan bitilgan bayoni. Yodgor — ularning farzandlari — kelajakka bo‘lgan umid. Ilhom sut- chi — bu dunyo hoyu havaslaridan yuz o‘girgan odam. U kurashchi emas, u umid ham emas, lekin undagi pok-likka havas qilmoq mumkin. Hoziq to‘ra — yorug‘ kelajak umidiga ishonch. Parpi bebaxt — gunohlar uchun ajrning naqdligi. Uning tuzalishi zulmning abadiy emasligiga ishora.