IBN SINO, Abu Ali al-Xusayn b. Abdulloh Buxoriy (980-1037) - o‘rta osiyolik qomusiy olim. Yevropada Avitsenna nomi b-n mashhur. Buxoro viloyatining Afshona qishlog‘ida amaldor oilasida tug‘ilgan. Otasi ismoiliylar firqasiga mansub bo‘lgan. I.S. yoshligidan ilm-fan o‘rganishga kirishadi, Sharq mutafakkirlari asarlarini, qad. yunon tabiiy-ilmiy va falsafiy merosini o‘rganadi. I.S. asarlari 280 dan oshadi, bizgacha ularning 160 ga yaqini yetib kelgan. I.S. iste’dodli, xotirasi kuchli, zehni o‘tkir bo‘lib, 10 yoshidayoq Kur’onni yod bilgan. I.S.ning ilohiyotga oid qarashlari "Ash-shifo", "An-najot", "Ishorat va tanbehot" kabi asarlarida bayon etilgan. Uning fikricha, olamdagi barcha mavjud narsalar ikkiga bo‘linadi: zaruriy vujud (vujudi vojib) va imkoniy vujud (vujudi mumkin). Zaruriy vujud - hech narsaga bog‘liq bo‘lmagan, irodali, qudratli Tangridir. Qolgan hamma narsa imkoniy tarzda mavjud bo‘lib, zaruriy vujud - Tangridan kelib chiqadi.
I.S. "At-ta’liqot" risolasida "insonlarning aqli haqiqiy mohiyat va haqiqatni, "birinchi"ni (ya’ni, Xudoni) idrok qilmaydi" deb yozadi.
I.S. fikricha, vujudi o‘zidan bo‘lgan narsagana hakdir. Binobarin, Xudo hakdir va undan boshqa har qanday narsa botildir. Vujudi vojib uchun biror isbot ham yo‘q va o‘zidan o‘zgacha yo‘l b-n uni bilib bo‘lmaydi. Chunonchi, u Kur’oni karimdagi fikrga qo‘shilib, "Alloh guvoxlik beradiki, undan boshqa iloh yo‘kdir" deydi. I.S. "Donishnomaye aloiy" asarida yozadi: "Uning barakotidan shu narsa kelib chiqadiki, olamning avvali bordirki, U olamga o‘xshaydi. Olamning borlig‘i Undan, Uning vujudidandir. U esa, vojib va o‘z-o‘zicha vujuddir. Barcha narsalarning borlig‘i Uning tufaylidir". I.S. dinga e’tiqod qilsa ham o‘z davridagi ba’zi tasavvurlarga e’tiroz bildirgan. I.S. ijodi, ilmiy faoliyati Sharq va Yevropadagi fan, ma’rifat va madaniyat taraqqiyotiga katta ta’sir ko‘rsatdi.