Abdulla Qodiriy. O'tkan kunlar (roman)  ( 400962 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 ... 62 B


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:28:28

Qo'rboshining ko'zi oltinlar ustida o'ynab bular barakasida qiladirg'an sunnat to'yisini, Marg'ilon beklari oldida ortdiradirg'an obro'sini o'ylamoqda edi. Oltinlardan yigirmatasi ajratilgach, sanoqqa ishonmay ko'rib turg'anim tushmi, deb uyqusiradi. Homid oltinlarni uzatdi, — mana, bek aka, bu arzimagan oltin holis oshnalig'imizning bog'lanishidir, yana yetmagani bo'lsa qarab turmasmiz.

Qurboshi titrab, qaxshab oltinlarni joyladi. Homiddan nihoyatda xursand edi:
— Xo'sh, mulla Homid, endi bu kungi hangamalardan so'zlashayliq, — dedi bek. — Pochchangiz ila jiyaningizning bu ishka oralashib qolg'anlari yomon bo'ldi-da.

Bu so'zdan Homidning yuziga qayg'irish alomati chiqdi va e'tibor bilan qo'rboshining og'zig'a qaradi.

Qo'rboshi davom etdi:
— Bu ikki begunohning qamalishlarig'a ham o'sha yaramas sabab bo'ldi. Yo'qsa ularni qamoqqa olishg'a qushbegi buyurmas edi. Ammo kechagi qushbegiga so'zlag'an so'zingiz Otabek ila qayin otasini o'limga mahkum qilg'anidek, pochchangiz ila jiyaningizni bir qadar oqlaydir. Shuning uchun men borg'an so'ng bo'ladirg'an hukm majlisida ehtimol qarindoshlaringizni qutqazishg'a muvaffak, bo'lurman. Har holda qarindoshlaringizning qattig' jazo tortishlari shubhalikdir, siz payqadingizmi, yo'qmi kecha men jarchig'a bu kungi osilg'uchilarni Otabek ila Mirzakarim bo'lg'anlig'ini ta'yinlagan edim.
   

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:28:35

— Marhamatingizga qulliq, — dedi Homid, — ammo shundog' bo'lsa ham qarindoshlarim to'g'risida xavfdaman... Buning boshqacharog' bir ebini topib bo'lmasmikin?

Boyag'i mukofotlar qo'rboshini chinlab bosh og'ritishg'a majbur etar edi. Bu to'g'rida ul ancha o'ylab oldi:
— Kecha qushbegi oldida Otabeklarni qay ravishda ayblab so'zlagan edingiz, tag'in bir eshitib ishning rejasini olay-chi?
— Qushbegiga so'zlag'anim shunday edi — «Otabek aytdi: endi bizning Toshkand xalqi qipchoqlarning jabru zulmi va tadbirsiz idorasi ostida yotib juda to'ydi. Boshlab Toshkanddan qipchoq balosini yo'qotish uchun Azizbek va otam boshliq isyonga tayyorlandilar. Shu maqsadda Marg'ilon og'aynilarini ham qipchoqlarg'a qarshi oyoqlandirmoq uchun meni bu yerga yubordilar. Biz tokay qipchoqlar qo'l ostida ezilamiz va bir hovuch dalatoblarg'a bosh egamiz, dedi. Otabekning bu so'ziga qutidor va Akram hojilar qo'shilishib, unga bu yo'lda yordamlashmakchi bo'ldilar. Ammo men bo'lsam bu gapka qarshi tushib: sizlarning bu fikrlaringiz yanglishdir, biz uch yil bo'yi janobi O'tabboy qushbegining qo'l ostlarida yashab hech bir zulm ko'rmadik. Shu holda hukumat ustiga yakdomimiz kufroni ne'mat bo'lur, dedim. Otabek menga qattig' so'zlar aytdi. Pochcham ila jiyanim bo'lsa manim fikrimda edilar, ammo uyimizga kelgan mehmon, deb ularga ochiq qarshilik qilmadilar. Bu majlisdan keyin men bir necha vaqt Otabek va yo'ldoshlarining qonlari to'kilmasin deb bu gapni ichimga solib yurdim. Biroq Toshkandda Azizbek va Yusufbek hojilar isyoni boshlangandan so'ng o'zimning bu ishimni hukumatimiz uchun xiyonat bilib, qo'rboshi janoblariga xabar berdim. O'zimning sodiqona bu xizmatim evaziga janoblaridan ojizona o'tinchim shul-ki, bu sirni sizlarga bildirguchi men bo'lg'anlig'imni o'zlaridan boshqa kimarsa bilmasin, xatto muttahamlar ham sezmasinlar» — mana, faqirning Otabeklarni ayblashim va qarindoshlarni oqlashim xulosasi shundan iboratdir.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:28:42

— Barakalla,—dedi qo'rboshi,—sizning bu gaplaringiz juda ham o'rinlik tushkan, men ishonamankim, Ziyo aka bilan Rahmat qutilurlar.
— Buni nimaga suyanib aytasiz?
— Suyanchig'imiz ma'lum,—dedi qo'rboshi,—qushbegiga Otabek ila qutidorni osmoq fikrini bergan bu so'z, pochchangiz bilan jiyaningizni nechuk qutqarmasin.
— Pochcham bilan jiyanim ilgarigi suroqda qanday javob bergan edilar, buni xotirlay olasizmi?
— Ularning javoblari kechagi sizning oqlashingizg'a sira ham qarshi kelmaydir. Chunki ular majlisda bunday so'z bo'lmadi, deb tondilar. Bu ersa o'z uylariga kelgan mehmonlarni rioya qilishlari bo'lib chiqadir-da, yana ish sizning oqlashingizg'a yopishib keladir.

Homid tag'in bir mulohazaga tushkan edi. Uning bu holini kuzatib turgan qo'rboshi:
— Endi ortiq o'ylamangiz, mulla Homid,—dedi, orada siz qo'rqarlik hech bir ish yo'q.

Homid nimadir aytmakchi bo'lar edi-da, o'ngg'aysizlanib to'xtar edi. Bir-ikki qayta og'zini juplab qarasa ham yana so'zlay olmadi. Qo'rboshi uning bu holidan xabar topdi:
— Gapuring, gapuring, munda yot kishi yo'q. Qo'rboshining bu so'zi daldasida Homid jasoratlandi:
— Bu kun hukm majlisida pochcham ila jiyanim so'zlaridan yanglishib ketsalar nima bo'ladir?

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:28:50

— Nega yanglishsinlar, ular bilganlaridan ortiqni albatta so'zlamaslar. O'lim degan narsa ko'z o'ngiga kelib to'xtagandan keyin Otabekdek mehmonlar rioyasi ko'ngildan quvilur, so'zning to'g'risini aytishka majbur bulurlar va ish ham sizning ayblash, oqlashlaringiz ruhiga kelib to'xtar.

Homid yana ham o'ngg'aysizlanib tushdi, o'zining ichki sirriga shu chokg'acha tushuna olmagan qo'rboshig'a la'natlar o'qur ekan:
— Ayblash, oqlash so'zlarimning ruhini siz bir yoqqa ko'yaberingda, ishning ichki tomonini mulohaza qiling, qo'rboshi aka,— Dedi.

Xoin ila sotilg'an ko'zlar to'qnashdilar-da, bir-birisidan ma'no olishdilar va oraga bir necha daqiqa so'zsizlik, jimjitlik kirdi. Qo'rboshi chindan ham bu o'ringacha Homidning ichki sirrig'a muttaliq bo'lmag'an, qo'liga kilg'an oltinlarni ham yolg'iz uning qarindoshlarining qutilishlari yo'lidagi choychaqalar deb bilar edi. Ammo endi ilgari va hozirda kissaga tushkan oltinlarni Otabek ila qutidorning qon baholari ekanligini s'ezib vijdoni to'lqinlanayozdi va mutaraddid bo'ldi. Qo'rboshining bu holi Homidni ma'lum ikki yo'l ustida qoldirgan edi. Bu ikki yo'l ustida qolg'an Homid sarosima edi. O'zini jaxannamga yuborish va najotka chiqarish ixtiyori qarshisidagi bekning qo'lida edi. Unga tez-tez qarar va hol tili bilan unga yana ko'b oltinlar va'da qilar edi. Bu va'dalarni Homidning yuzidan o'qugan qo'rboshi—«ikki kishining xun baholari!» deb qichqirmoqda bo'lgan vijdon sadosini eshitib o'lturmadi:
— Endi bunga qarshi qanday yo'llar ko'zlaysiz?
   

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:28:59

Homid o'zining najot tomoniga og'ishkanini sezib entikdi:
— Qushbegiga qilgan ayblash, oklash yo'llarimni pochcham ila jiyanimga tushundirish kerak, deb o'ylayman.
— Tushundirsak tag'in yaxshi.
— Rahmat, bek aka, undog' bo'lsa vaqt qochirmasdan ularning yonlarig'a tushib, to hukm vaqtig'acha uqdira olasizmi?
— Mumkin, o'zingiz tushsangiz yana yaxshi. Homid boshini chayqadi:
— Otabek ila qutidorlarninggina emas, xatto pochcham ila jiyanimning ham manim bu ishlarda ishtirokim borligini bilmasliklari kerakdir.
— Ma'qul. Ammo bunda sizning maqsadingizga qarshi bir gap borkim, hukm chog'ida qushbegi sizni yo'qlasa nima bo'ladir? Bu taqdirda ular sizning bu ishni omili bo'lg'anlig'ingizni bilmaslarmi?

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:29:11

Masalaning bu tomoni ham Homid uchun yomon edi. Farishtadek sof holda qolmoqchi bo'lgan Homidning bu hol sirrini ochar, yuzidagi niqobini olishg'a, raqiblar ila yuzma-yuz kelishka majbur etar edi:
— Hukm majlisida bo'lmaslig'imni uxdangizga ololmaysizmi?
— Uxdaga olmoq qiyin, — deb bosh chayqadi qo'rboshi, — ammo bu bir ehtimolginadir, chunki, qushbegining bir narsaga qaror bergach, ortiq tekshirib o'lturadirgan odati yo'qdir.

Homid uzok o'ylab turmadi, yuzidagi sovuq bir uzgarish ichida:
— Mayli, basharti yuzlashmoqqa to'g'ri kelganda ham men hozir, — dedi, shundan so'ng ajralishdilar.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:29:22

19. HUKMNOMA

O'tkir, qonsirag'an xanjarini beliga osib, oyboltasini ko'targan jallod qushbegining hukmiga muntazir edi. Qushbegining o'ng tomonida qo'rboshidan tortib shahar a'yonlari, qarshisida Otabek, qutidor, Ziyo shohichi va uning o'g'li Rahmat — gunohkorlar va ularning orqasida muhofiz yigitlar.

Otabek bilan qutidorning gunohlari ulug' bo'lg'anliqdan qo'llarida kishan, Ziyo aka bilan Rahmatning qo'llarida bu narsa yo'q edi. Qutidorning yuziga o'lik tusi kirgan, Otabek bo'lsa garangsigan kiyofatda. Anovilar o'zlarini bir muncha tetik tutmoqda edilar.

Qushbegi o'zining yozilib qo'yilg'an hukmnomasini qo'liga olib o'qishg'a hozirlandi. Hamma tip-tinch, yerga qarag'an edi:
— «Menkim Marg'ilon xokimi O'tabboy qushbegi o'z hukmimni xoqon ibni xoqon janobi oliy Xudoyorxon ismi shariflaridan eshitdiraman...»

Xudoyor ismini eshitkuchi a'yon uning ta'zimi uchun o'rinlaridan turib yana o'lturdilar.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:29:32

Qushbegi hukmini o'qudi: «E'timodliq bir kishining shaxodatiga binoan toshkandlik Yusufbek hojining o'gli — Otabek, bu kunda xonimizg'a qarshi bosh ko'targan Aziz parvonachi va o'z otasining vakolatlari bilan Marg'ilon kelib, bu yerdagi fuqarolarni ham xon janobig'a qarshi oyoqlandirmoqchi bo'lg'an Otabekning bu harakati ululamir bo'lg'an janobga yog'iyliq bo'lib, uni, ya'ni Otabek Yusufbek xoji o'g'lini o'lim jazosi bilan jazolash taqozo etadir. Ikkinchi, Otabekka yo'lda ko'makchi bo'lib yurgan Marg'ilon fuqarosi Mirzakarim qutidor ham shu jazoga sazovor tutiladir. Ziyo shohichi bilan o'g'li Rahmat bu bogiylikdan xabardor bo'laturib, vaqtida hukumatka ma'lum qilmag'anlari uchun bir yildan zindon jazosiga maxkum bo'lurlar!»

— Xaqsiz jazo, — deb Otabek kulimsirab qo'ydi... Qutidor bo'lsa chin o'lik tusiga kirg'an edi.

Ziyo aka bilan o'g'li zindonga jo'natildilar va Otabek bilan qutidor jallod qo'liga topshirildilarda, shuning ila hukm majlisi tamom bo'ldi.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:29:38

Oradan o'n daqiqa chamasi fursat kechkan edi, qushbegining a'yonga so'zlab o'lturgan hikoyasini tezroq bitishini kutmakda bo'lgan qo'rboshi nihoyat chidalmay o'rnidan turdi va:
— Dor ostiga borib hukm ijrosi vaqtida hozir turishimga ijozatlari bo'ladirmi?—deb so'radi. Ul bu so'zni tugatar-tugatmas o'rda qorovuli Pirmat ko'rindi-da, qushbegiga qulliq qildi:
— Bir xotin kishi arzim bor deydir, kirsinmi?

Qushbegi qo'rboshig'a ruxsat ishorasini berib, Pirmatka dedi:
— Kirsin.

O'xshamagan yerda bir xotinning arzga kelishi qo'rboshining ko'ngliga shubha soldi. Majxula xotinning qanday arzi bo'lganlig'ini bilib ketishka tilasa ham qushb'egidan ruxsat olib qo'yg'ani uchun maxkamadan chikishg'a majbur edi. Qo'rboshi maxkama eshigidan dahlizga chiqar ekan, eskigina paranjiga o'ralgan bir xotin qushbegi to'g'risiga to'xtab, bukilib ta'zim qildi. Xotinda hayajon va entikish holatlari bor edi. Shuning uchun qo'rboshining boyag'i shubhasi yana kuchaydi, qushbegining ko'zidan yo'qolib turish maqsadida o'zini eshikning orkasig'a olib ketmay to'xtadi.

Xotin shoshilib kavshini yeshdi-da, eshik ostida nimanidir paranji ichidan axtarindi. Xotinning bu harakatiga tushunolmay ajablangan qushbegi:
— Ichkariga kirib arzingizni so'zlang, opa,— dedi. Xotin ichkariga kirdi va qushbegi oldiga borib unga nimadir berdi-da, orkasig'a qaytib eshik yonig'a kelib turdi. Xotinning berib ketkan narsasi uch, to'rt buklangan bir qog'oz edi. Qushbegi sekin-sekin qog'oz taxlarini ocha boshladi...

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:29:45

— Xudo rizosi uchun tezroq. Yo'qsa... ikki gunohsizning qonlarig'a botarsiz!

Xotinning bu so'zidan a'yon bir-birlariga qarashdilar. Qushbegi tez-tez qog'oz taxlarini ochib bitirdi va yo'g'on qalam bilan yozilg'an uzun bir maktubni o'qumoqqa oldi. Maktubni o'qub chikish uzoqqa cho'zilg'anliqdan xotin nihoyatda toqatsizlang'an edi. Oxirda qushbegi maktubning so'ngrog'ig'a kelib to'xtadi-da, chaqirdi:
— Pirmat, Pirmat! Pirmat yugurib kirdi.
— Labbay, taqsir!

Qushbegining tovshida shu choqg'acha eshitilmagan bir holat bor edi:
— Darrav haligi osilish uchun yuborilg'an gunohkorlarning orqasidan ot bilan yugir! Dor ostidan bo'lsa ham qaytarib kel! Buyrug'imni qo'rboshig'a aytsang unar!

Pirmat kullik qilib daxliz tomong'a qaradi:
— Qo'rboshi ham shu yerdalar, — dedi.
— Chaqir!
   

Qayd etilgan