1
Samoda parvoz qilayotgan samolyotlarda har soniyada minglab kishilar uchadilar. «Skaylayner» jurnalida berilgan bu raqamlar Tornni qiziqtirib qo’ydi va u odamlarni ikki guruhga: osmon va yerdagilarga bo’ldi. Torn odatda bunday bema’ni narsalar bilan shug’ullanmasdi, ammo samolyotdan tushganda uni qanday yangilik bilan qarshi olishlarini o’ylamaslik uchun yana xayolga berildi. Statistikaga ko’ra, agar yer aholisi birdaniga yo’q bo’lib ketsa, havoda parvoz qilayotgan bir necha yuz ming kishigina omon qolar ekan — ular hatto yerda nima sodir bo’lganini ham bilishmaydi.
Samolyot Rim uzra parvoz qilardi. Torn yana o’yga cho’mdi: nechta erkak va ayol tirik qolarkin? Agar ular yerga eson-omon qo’nib olishsa, sog’lom jamiyatni tiklay olishadimi? Tirik qolganlarning aksariyati erkaklar bo’lishi aniq, chunki yuqori lavozimlarda ko’proq erkaklar o’tirishadi, demak ularning foydasi bo’lmaydi, chunki barcha ishchilar halok bo’lgan bo’lishadi. Rahbarlar qoladilar, lekin ularning qo’l ostida hech kim bo’lmaydi. Demak, bir necha samolyotda doimo ishchilarni olib yurilsa, foydadan xoli bo’lmas ekan. Samolyot asta pastlay boshladi. Torn sigaretini o’chirib, pastga qaradi. U keyingi paytda samolyotda tez-tez uchar va bunga ko’nikib qolgandi. Lekin bugun u judayam hayajonlanardi. O’n ikki soat ilgari u Vashingtonda telegramma olgan va agar bu vaqt ichida biror narsa yuz bergan bo’lsa, endi kech edi. Katerina nihoyat farzand ko’rgandi.
U ilgari ikki marta homilador bo’lgan, ammo ikkisida ham homilasi tushib ketgandi. Bu safar u homiladorlikning sakkizinchi oyida ko’z yorgandi. Torn agar biror narsa yuz bergan bo’lsa, Katerinadan bir umrga ayrilishini bilardi.