TURLI ZIKRLAR KITOBI
Bilingki, bu kitobni foydasi katta bo‘lgan duo-zikrlardan tashkil topgan turli boblar ila to‘ldirdim. Bu duolarda tartib lozim bo‘lmagani uchun tartiblamadim.
257-bob Xursandchilik xabari berilgan paytda Alloh taologa hamdu sano aytish mahbubligi haqida
Bilingki, biror ne’mat hosil bo‘lganda yoki biror balo-ofat ketganda, Allohga shukr sajdasi qilmoq va hamdu sano aytmoq mahbub amallardandir. Bunga dalil sifatida mashhur hadis va asarlar ko‘pdir.
754/1. Amr ibn Maymun uzun kelgan mashvarat haqidagi hadisda Umar ibn Xattobning (r.a.) o‘limlari haqidagi qilgan rivoyatlarida Umar (r.a.) o‘g‘illari Abdullohni Oishaning (r.a.) huzurlariga ikki do‘stlari bilan birga dafn etishga izn berishlarini so‘rash uchun yubordilar. Qachonki, Abdulloh (r.a.) kelgach, Umar (r.a.): «Biror yangilik olib keldingmi?» deganlarida, Abdulloh (r.a.): «Ey mo‘minlar amiri, siz yaxshi ko‘rgan narsaning iznini olib keldim», dedilar. Shunda Umar (r.a.): «Alhamdulillah, menga bundan ko‘ra muhimroq narsa yo‘q», dedilar. Imom Buxoriy rivoyatlari.