O'zbek shoirlarining ajoyib sherlari  ( 327521 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 ... 54 B


Muhammad Amin  26 Dekabr 2007, 18:22:55

So'lim bahor, qanotlaringda

So'lim bahor, qanotlaringda
Sog'intirgan yozni olib kel.
Atlas ko'ylak kiygan qizlarning
Lablarida nozni olib kel.

Izlarimni sog'ingan tuproq
G'uboriday to'zidi kunlar.
Olucharang qizlar qo'lida
Ko'klam, sendan qoldi ol gullar.

Oq tunlarni daraklab, istab
Ham soy kechib, qir oshgan mardum,
Oq tunlarning sharpasi menman,
Saharlarning yolqini dardim.

Hovuchimga olib tunlarni
Mayxo'r kabi ichaveraman.
G'amlab qo'ygan haftalarimning
Chigilini yechaveraman.

Ichma jonim, ayriliq azob,
Bu men, sezmay qoldim xatarni
Atrofimda o'ttiz uch soqchi
Ortga tashlab bo'lmas safarni!
1988

Qayd etilgan


Muhammad Amin  26 Dekabr 2007, 18:23:28

Istadim

Bol labingni qirmizini istadim,
Dil ovutgich dil so'zini istadim.
O'rim sochi tong bo'yida iforli
Shul chamanning hur qizini istadim.

Yomg'ir isi siypab o'tdi yuzimni,
Yillar oldi bahor bilan kuzimni,
Mardum ettim ko'zda qaro ko'zimni
Ul sanamning oy yuzini istadim.

Erka yillar sochlarimni qor etdi,
Ikkimizni ikki yo'lda zor etdi,
Ishqimizni qo'sh dutorga tor etdi
Rohlaridan ishq izini istadim.

Kiprigimda shabnammidi, sezmadim,
O'tgan umr yolg'onmidi sezmadim,
Bu qanday yo'l, kezdimmi yo kezmadim,
Qaydan izlay yor o'zingni istadim.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  26 Dekabr 2007, 18:24:05

Qizlar go'zal edi...

Qizlar go'zal edi o'n besh yoshimda
Yodimda jonlanar bir suluv damlar:
Men seni sevaman deb aytolmadim,
Yoshgina jonimni o'rtadi g'amlar.

Men seni sevaman deb aytolmadim,
Yigirma bahorim xumor boqqanda
Men ayta olmadim sevaman deya,
Yillarim suv kabi sim-sim oqqanda.

Yigirma beshimni "kecha" deb bitdim,
O'ttizni qoralab dedim bugunim.
Men seni sevaman deya olmadim,
O'ttiz uch gulxanda yondim gulgunim.

Men bugun Iskandar kabi mag'lubman,
Yillarga ulashib yigit yoshimni.
Va lekin sevaman deya ayturman
Men sening oldingda egib boshimni.
1988.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  26 Dekabr 2007, 18:24:55

Dilimda tilimga kelmagan so'z bor...

Dilimda tilimga kelmagan so'z bor,
Yo'limda yoronlar yurmagan iz bor,
Qaydadir qoshlari qalab bir qiz bor,
Men unga aytaman sog'inchlarimni.

U barcha azobga chidab yashaydi,
Ko'ksiga sog'inchni qadab yashaydi,
O'zini bir umr aldab yashaydi
Men unga aytaman sog'inchlarimni.

Qo'ynida shamollar to'lg'angani rost,
Sochlari beliga chulg'angani rost,
Tunlari to'shakda uyg'ongani rost
Men unga aytaman sog'inchlarimni.

U tonggi shudringlar kabi tozadir,
Menga olislardan xatlar yozadir,
Vasliga talpingan dil parvozdadir
Men unga aytaman sog'inchlarimni.
1988.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  26 Dekabr 2007, 18:26:06

Bir yildan so'ng sodir bo'lgan tush

(Otam Ostonaqul Tursun o'g'li xotirasiga)

Ochilib ketadi uyning eshigi,
Sen kirib kelasan tungi ko'ylakda,
Sen kirib kelasan qora telefon
Navbatchi xotinning nigohi bilan
Qani yo'l!!
Oyoqlar otlaning yo'lga,
Qo'llar jomadonga joylang asabni.
Turtinib boradi ko'zlar kiprikka
Xayolni yetaklab boradi vujud.
Menga kassirlarning ko'zi uchmagan,
Menga kassirlarning nozi dardisar,
(Men uchun yig'laydi aeroplanlar)
Kipriklar qurshovin yorar tomchi yosh,
Kassir xotin esa tuynugin yopib
Beparvo bo'yaydi do'rdoq labini
Men esa,
Bu palla Oliy jazoga
Andisha nomini hukm qilaman.
So'zlar bir-birini boshlaydi g'ajib,
So'zlar bir-birini xo'rlar, kamsitar.
Yaxshiki, topilar tartib saqlar ham,
U olib ketadi meni ayirib,
U olib ketadi qo'lni qayirib
U meni tushunar, u yo'l topadi.
Va yo'lga kuzatib qo'yadi, ajab?...
Eh mirshab og'ayni, buncha yaxshisan,
Yaxshiyam, sen kassir emassan, oshna...
Men oxir-oqibat uchib ketyapman,
Men uchib ketmyapman, qora telefon...
1987.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  26 Dekabr 2007, 18:27:39

Qaytma endi ortingga

Qaytma endi ortingga,
Ortga qaytmoq or endi.
Yog'sa hamki boshingga
Yomg'ir emas, qor endi.

To'rt unsurda sinalgan
Odamizod, bilib yur,
Suyagingni g'am iti
G'ajisa ham kulib tur.

Yuragingni bayroq qil,
Aytib o'tgan oqinlar.
Olov bo'lsang, taftingdan
Taft oladi yaqinlar.

Birlashtirdi bizlarni
Bitta yo'lda qon tagida.
Bitta bayroq tagida,
Bir olovdan yon endi.

Yagona yo'l - haq yo'li,
Shunga sodiq qolamiz
Qolganlarni jang bilan
Safimizga olamiz!

1987

Qayd etilgan


Muhammad Amin  26 Dekabr 2007, 18:28:44

Bahriddinning to'yi

Nega buncha g'amnoksan, do'stim,
javdiraysan boladay nega?!
Axir bugun latif yaldoda
bir pariga bo'lasan ega...

Do'stim, seni tushunmoq mahol
charchoqdanmi, ranging siniqar
bandi g'ijimlangan dastorgul
qara quchog'ingda uniqar...

Mahtal turar amringni kutib
kelinbola, ko'zlari suzuk.
Barmoqlaring nega titradi
barmog'iga solganda uzuk...

Akalaring nega indamas,
yangalarni bir hadik dog'lar.
Kelmadimi, Toshkand uzoq deb
Nurotadan bo'ylagan tog'lar.

Ro'parangda qizchalar o'ynar...
nigohiga ishvalar osib
senga hayron kuyovjo'ralar
oq ichasan betinim, bosib.

Avjga chiqar, qaytar, ha qaytar,
Sheralidan bir yigit aytar.
Qanday baxtli, baxti qorasan,
o'rindiqqa cho'kib borasan.

Kelin esa beparvo sanar
qadahlarning juftmi-toqini
Balki o'ylar shu palla xushhol
aldadim deb bir qishloqini...

Baxt izlaydi tilaklardan u,
qadahlarning sasi xush yoqar,
u bilmaydi, sening ko'zingda
yangalarning ta'nasi oqar.

Tilaklardan baxtli bo'lar u,
Bir yigitni baxtsiz qilar u,
Hammasini bilar... bilar u!
Bir yigitni baxtsiz qilar u!

Mayli, davom etaversin to'y,
Hakamlik ber ahli tamizga.
Qo'y Bahriddin, ko'z yoshingni qo'y,
tur, ketamiz Nurotamizga...

1987

Qayd etilgan


Muhammad Amin  26 Dekabr 2007, 18:29:46

Bezovta ruh

Bu qanday kuch, meni tezlaydi,
Yuragim qon, birov sezmaydi
Qaylardadir bezovta bir ruh
Qodiriyning qabrin izlaydi.

Meni bir or yig'latib ketdi,
Dil siniq tor, yig'latib ketdi
Haq degan yor yig'latib ketdi
Qodiriyning qabrin izlaydi.

O'zli elim, o'zliging qani,
G'amli, qaro ko'zliging qani,
Tuzing qani, tuzlig'ing qani -
Qodiriyning qabrin izlaydi

Uyg'oning ey, xobga botganlar,
Qabrlardan turing, yotganlar:
Qodiriyning nomin sotganlar
Qodiriyning qabrin izlaydi.

Ular bilmas davron jabrini,
Ular qo'ymas shayton sadrini,
Yo'lga chiqqan el o'z qadrini -
Qodiriyning qabrin izlaydi.

Bir azob bor - dardi jondadir,
Bir giyoh bor - bandi qondadir,
Bir buloq bor - oti Xondamir -
Qodiriyning qabrin izlaydi...

Qayd etilgan


Muhammad Amin  26 Dekabr 2007, 18:30:44

Do'sti xalillarga so'ngso'z o'rnida

Yomg'irlarning qanotinda yelib ket,
Bu ko'ngilda ne azob bor, bilib ket,
Yo'ling tushsa, Samarqandga kelib ket,
Sog'indim do'st, xabaringni berib ket.

Bu dunyoda dard atalmish qatim bor,
Fikratimda na halovat, tatim bor,
Turnalarning qanotinda xatim bor,
Sog'indim do'st, xabaringni berib ket.

Dilda bir mung, nolamidi, bo'zmidi,
Xazonli kuz izlarinda izg'idim.
Birinchi qor so'zlariday to'zg'idim,
Sog'indim do'st, xabaringni berib ket.

Umr goh shod, gohi noshod asotir,
Darchalarni bizga bir-bir ochodir,
O'z ko'nglimg'a o'zim bo'ldum musofir
Sog'indim do'st, xabaringni berib ket...

Qayd etilgan


Muhammad Amin  26 Dekabr 2007, 18:31:16

Diydor

yoki qirq yildan so'ng o'rnatilgan haykal haqida ballada

...Tiniq momo haykal yoniga odamlar oyog'i tortilganida keldi. Ko'zidan qaynoq-qaynoq yosh oqib, titroq qo'llari bilan haykalni uzoq tavof qildi. Ana shunda, birodarlar, bir mo'jiza sodir bo'ldi, hali-hali hushimga kelolmayman. Tinglaganda toshlarni ham eritguvchi Nodiru Tiniqning haroratli baytlari ko'klam sabosida potrab sochilgan o'rik gullariday menga tinchlik bermay qo'ydi...

Nodir:
-Omonmisan, bu dunyoda, Tinig'im,
Qo'y, yig'lama, juftim, ko'ngli sinig'im.
Qirq yil bo'ldi, qaro yerda to'lg'andim,
Bahorlarda seni qo'msab uyg'ondim...

Tiniq:
-Omonmisiz, bu dunyoda, Nodirim,
Tinig'ini tirik yoqqan botirim.
Qirq yil bo'ldi, yuragimda chiroq yo'q,
Ummondaman, o'tay desam qirg'oq yo'q.

N:
-Esingdami o'n besh kunlik kelinchak,
Ko'zi cho'lpon, sochi tundek kelinchak...
Jangga ketdim, visolingga to'ymadim,
Boqib qaddi niholingga to'ymadim,

T:
-Yo'lga boqsam, yo'llar bo'zlab keladi,
Nomingizni gullar so'zlab keladi.
Sandiqdagi chimildiqda isingiz,
Yuragimning har zarbida ismingiz.

N:
-Umr guldir, bahorlari, yozi bor,
Ko'ngillarning aytilmagan rozi bor.
Bahor qolib nechun kuzni tanlading,
Ko'plar qolib, men baxtsizni tanlading.

T:
-Qirq yil azob, termulganim yo'l bo'ldi,
Vujudim tosh, suv kelmagan cho'l bo'ldi
Sizga bug'doy, gardi menga bo'lsin-a,
Sizga umr, zardi menga bo'lsin-a...

N:
-Armon edi, qishlog'imni bir ko'rsam,
Soyli tog'u toshlog'ini bir ko'rsam,
Sunbul sochli Tinig'imni bir ko'rsam,
Dardli ko'ngli sinig'imni bir ko'rsam...

T:
-Xatlar oldim, uchburchakli, uniqqan,
El azador, yig'lab rangi siniqqan.
Qovjiradi o'sma qo'ygan qoshlarim,
Sizdan xabar keltirmadim qushlarim...

N:
-Olis ekan Ovruponing yo'llari,
Sog'intirdi cheki yo'q yurt cho'llari,
Qabrim uzra bosh ko'targan giyohlar
Hamon o'sha kelinchakni so'roqlar...

... Ana shundan so'ng haykal jonlanganday bo'ldi, qo'li Tiniqning sochlariga yetdi. SHunda men sunbul sochlari to'lg'angan, o'n sakkiz yoshli, qayrilma qoshli suluv kelinchakni... navqiron yoshli Nodirni ko'rdim... Ular kunchiqar tomonga qarab ketishardi...

Qayd etilgan