Fargʻona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon  ( 155473 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 ... 40 B


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 23:03:39

— Ularni tamagirlarga — Afshinga, kohinga qoldirib ketaman.
Hayzuronning yuzi bo‘zarib ketdi.
— Qanday qilib bu yerni tashlab ketasan, butun boyliging shu yerda, o‘zing esa aytganing aytgan, deganing degan sayidasan.
— Boylikning ham, hukmfarmonlikning ham menga keragi yo‘q, — dedi Jahon qat’iy va keskin tusda. Zirg‘omdan uzoqdaligi tufayli Afshin o‘ziga ko‘z olaytirishidan qo‘rqayotganini aytmoqchi bo‘lganini payqagan Hayzuron uni yupatishga tushdi:
— U senga yomon niyatda bo‘lsa, sadqai sar. Parvo qilma. Sen o‘z saroyingda malikasan, bu yerdan seni chiqarishga kimning haddi bor?
— Yo‘q, u mening shu yerda qolishimni istayapti, men o‘zim ketmoqchiman, — dedi Jahon unga qayrilib.
— Jon qizim, qanday qilib ketasan, qaerga borasan? Qani, ayt-chi?
Jahon boshini egib turib: «Ketaman dedim, ketaman. Boshqa gap yo‘q. Siz bu yerda qolishingiz kerak» — dedi.
Ko‘ziga jiq-jiq yosh olib Hayzuron uning gapini bo‘ldi:
— Men bu yerda nega qolarkanman? Sensiz men bu yerda nima qilardim, qizim. Sen qaerda bo‘lsang, men ham o‘sha yerda bo‘laman, faqat qaerga borishingni bilmoqchiman, xolos.
— Iroqqa.
— Qizim, bu gap aytishga oson, ammo uni amalga oshirish qiyin. Biz bilan Iroq orasi qancha yo‘lligini bilasanmi o‘zing?
— Bilmayman, lekin so‘zim bir, ketaman dedimmi, ketaman.
Hayzuron ohista uni yupatishga tushdi:
— Sen aqlli va dono qizsan, o‘ylamay bir ishni qilmaysan, albatta. Biz bilan Iroq orasi bir necha oylik yo‘l. Bu yo‘lning ko‘p qismi xatarli sahro va biyobonlardan iborat. Qaroqchi va yo‘lto‘sarlar ko‘pligi uchun u yerlarda faqat qurol-yaroqli soqchilar kuzatuvida, ko‘pchilik bo‘lib yurish mumkin, xolos.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 23:04:00

Jahon o‘z so‘zida qattiq turib oldi:
— Bo‘lganicha bo‘lar, Iroqqa ketishim muqarrar.
— Sayidam, oppoq qizim, o‘zing yaxshilab o‘ylab ko‘r. Yosh joningga rahming kelsin, ko‘ra-bila turib o‘zingni halokatga otma! Iroqqa bormoqchi bo‘lgan odam qo‘rqinchli dasht-sahrolarni kesib o‘tishi kerak. U yerlarda turkman va boshqa qabilalarning qaroqchilari ko‘p bo‘ladi. Ular ko‘pincha Xuroson va Eronga ketayotgan savdogarlar yo‘lini to‘sib, mollarini tortib oladilar, o‘zlarini o‘ldiradilar ham. Shunday yo‘ldan qanday qilib yolg‘iz bora olasan? — dedi unga yolvorib Hayzuron.
— Mayli, qismatda bitilgani bo‘ladi, odamlar boradigan yerga men ham bora olaman. Borish uchun kerakli hamma tadbirni ko‘raman.
Hayzuron Jahonni bu niyatidan qaytarish mumkin emasligini angladi:
— Sen Afshinning betini ko‘rmaslik uchun Iroqqa ketmoqchiga o‘xshaysan. Axir uning istiqomat qiladigan joyi Iroq-ku. Iroqda uning nufuzi hamma yerdagidan ko‘proq emasmi?
— Iroqqa yetib olsam, undan tap tortadigan yerim qolmaydi. Xalif o‘sha yerda turadi. Uning hukmi Afshinnikidan zo‘rroq bo‘lsa kerak, albatta. Bundan tashqari Zirg‘omim ham o‘sha yerda-ku, — dedi-da, Jahon bir oz tin olgach, yana so‘zida davom etdi, — men Zirg‘omdan yordam talab qilmoqchi emasman, lekin haqiqatga quloq solinadigan bir mamlakatda u ahmoq chol bilan gaplashib qo‘ymoqchiman. U o‘z askarlari bilan bu yerda mendan g‘olib chiqishi mumkin, ammo Bag‘dodda buning uddasidan chiqa olmaydi. Endi siz meni bu niyatdan qaytaraman deb bekorga urinmay qo‘ya qoling!

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 23:04:28

    Jahon eshik tomon qadam tashladi. Qattiq sarosimada qolgan, yig‘idan o‘zini bosa olmagan Hayzuron ham hiqillay-hiqillay uning orqasidan ergashdi.
    Jahon u yoq-bu yoqqa qaramay, yugurgancha o‘z xonasiga kirdi. Uning chehrasida shijoat va xotirjamlik sezilardi. Yana gap qo‘shishga yoki orqasidan kirib boraverishga jur’at qilmay Hayzuron qadamini sekinlatdi. Ichkaridan turib uni Jahon chaqirdi. «Labbay» deb ichkariga kirgan Hayzuron qizning g‘alati bir holatda karavoti ustida o‘tirganini ko‘rdi. Bir tomondan uning chehrasida jiddiyat — aniq niyat belgilari, ikkinchi tomondan esa, andak sarosimalik nishonalari ayon bo‘lib turardi. U kirishi bilan Jahon: «Somon hali ham qaytib kelgani yo‘qmi?» deb so‘radi. Hayzuron ohista javob qildi:
— Yo‘q, sayidam, bugun ertalabdan buyon ko‘rganim yo‘q.
Jahon boshini bir silkib qo‘ydi-da, «keling, ona, yonimda o‘tiring», deb oqsochni taklif qildi.
Hayzuron uning yuziga qarashga iymanib turardi. Sekin yoniga o‘tirdi. Jahon gap boshladi:
— Mening safarga chiqishim sababini hech kim bilmasin, buni sir saqlang, saroy mutasaddisi Mehtarga mol-mulk, ekin-tikinlarimizdan xabardor bo‘lib turishni topshiring. So‘raganlarga: «Yaqin bir shaharga ketyapmiz», — deb qo‘ya qoling.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 23:04:53

— Xo‘p, sayidam, buyrug‘ingni albatta bajaraman. Yo‘lga qachon chiqamiz?
— Yaqin fursatda, ta’ziya marosimi tugashini kutmasdanoq jo‘naymiz. Qaysi kuni yo‘lga chiqishimizni keyinroq aytaman. Safarimiz juda olis. Shuning uchun olib ketiladigan barcha safar anjomlarini taxt qilib qo‘yishingizni o‘tinib so‘rayman.
    Hayzuron qabul ishoratini qilib boshini qimirlatib qo‘ydi. Jahonning qasd qilgan ishidan sira qaytmasligini u yaxshi bilar va buni ko‘p tajribadan o‘tkazgan edi. Shuning uchun ertagacha sabr qilishni ma’qul ko‘rib, oraga boshqa so‘z qo‘shmadi. Bir oz sukutdan keyin qizning o‘zini yolg‘iz qoldirib chiqib ketdi.
    Bu uzoq safarda Somonning ham hamroh bo‘lishiga ehtiyoj borligi uchun Jahon butun kunni shu haqda fikr yurgizib kech qildi. Bunday safarga Somon jon-jon deb chiqishini Jahon yaxshi bilardi. Ertasiga ertalab Jahon uyqudan uyg‘onishi bilanoq Somonning eshigini qoqdi. Dabdurustdan unga: «Shunchalik beg‘am bo‘ladimi kishi. Qaerlarda qolib ketdingiz axir, aka?» — deb gina qila boshladi. «Bir kungina ko‘zingga ko‘rinmasam shunchalik vaximaga tushasanmi, oylab yo‘q bo‘lib ketsam nima qilarding?» — dedi Somon. «Nima gap, biror yoqqa ketish niyatidamisiz?» — so‘radi qiz.
— Shu shaharda men butun baxt-iqbolimdan ajralgan bo‘lsam, endi bu yerda istiqomat qilib nima maza topardim. O‘z yerimda, ona yurtimda, hatto o‘z oilamda xor-zor bo‘lib yurishimdan nima foyda. Sen saroyu, mol-mulku hamma narsaga vorissan. Bu yerda ayshu ishratingni surib yuraver. Meni o‘z holimga qo‘y, boshim oqqan tomonga ketay, — dedi Somon o‘zini mungli qilib ko‘rsatib. Bu gapni u qanday niyatda aytayotgani Jahonga sir emasdi. Lekin akasining «safarga chiqaman» deganining o‘zi Jahonga yo‘l ochib berdi: «Ikkimiz birga safarga chiqsak, nima deysiz?»

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 23:05:33

— Xo‘sh, senda ham safarga chiqish niyati bormi? — dedi somon.
— Ha, bo‘lmasa-chi?
— Sening biror yoqqa borishingga hech bir hojat yo‘q. Ammo Iroqqa boradigan bo‘lsang, unda boshqa gap. U yerda sevgiling Zirg‘om yashaydi.
— Ha, men Iroqqa bormoqchiman, siz o‘zingiz-chi? — so‘radi Jahon.
— Yaxshi uqib olginki, — dedi Somon, — bunday safarning o‘zi bo‘lmaydi. Unga ko‘p tayyorgarlik ko‘rish lozim. Yo‘l olis va qo‘rqinchli bo‘lgani uchun biror qofilaga qo‘shilib borishimiz kerak.
— Mayli, nima chora ko‘rish lozim bo‘lsa, shuni ko‘ring, lekin tezroq harakat qiling.
    Somonning yuziga qon yugurdi. U ko‘pdan o‘ylab yurgan maqsadiga erishmoq uchun Jahondan shunday ruxsat olish payida edi. Afshindan qochib safarga chiqishga Jahon bunchalik oshiqmaganda, akasining g‘arazini bilib qolgan bo‘lardi. Lekin u Afshindan tezroq qutulish maqsadida o‘sha g‘arazga e’tibor bermadi hisob. Akasiga safar tadorigini ko‘rishni topshirib, o‘zi ham Hayzuron bilan unga bildirmay tayyorlana boshladi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 23:06:03

      *  *  *

     Xalifa Mu’tasim Bag‘dodni qo‘yib, turkiy va boshqa xalqlarni joylashtirish uchun undan ellik mil (150 km.) nariroqqa Surra man rao (Kim ko‘rsa xursand bo‘ladi)* nomli shaharcha bunyod qildi. U abbosiy xalifalarning ikkinchi shahri hisoblanadigan bo‘ldi. Mu’tasim u shaharni dahalarga bo‘lib, dahalarni turli yurtlardan keltirilgan askarlar uchun alohida-alohida qilib ajratib berdi. Ularning ba’zilari samarqandlik turklar, ba’zilari Far-g‘onadan, ba’zilari esa Ushrusana va boshqa joylardan keltirilgan yigitlar edi. Xalifa har bir toifa uchun maxsus qo‘mondon belgiladi. Ularning mashhurlari esa Ushrusana shahzodalaridan bo‘lgan Afshin, avval Mu’tasim qo‘mondonlaridan bittasining quli bo‘lib, keyin ozod qilinib, qo‘mondonlikka ko‘tarilgan Ashnos, yana Itox va Sumo degan sarkardalar ediki, keyingi ikkitasi ham ilgari qul bo‘lishgan.
     Mu’tasim Surra man raoni bino qilish oldidan me’morlarni, binokor ustalarni, mardikor, duradgor, temirchi va boshqa hunarmandlarni chaqirtirgandi. G‘isht, yog‘och kabilarni Basra, Bag‘dod, Antokiya* va Shomning boshqa chekkalaridan, marmar toshni esa Loziqiya*dan keltirgan edi.
     Mu’tasim o‘zi uchun shaharning o‘rtasida qasr qurdirdi. Uning yonida esa katta masjid jome bunyod qilib, masjid tevaragida bozor barpo etdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 23:06:53

     Mansurning* Bag‘dodni qurishdagi tartibiga amal qilib, bozorda har bir kasb egalari uchun alohida rasta ajratdi. Xalifa qo‘mondonlar uchun o‘z qasridan, kishilar xonadonlari va rastadan uzoqroqdan maxsus joylar ajratdi. Ashnosni shaharning narigi chekkasiga — shimoliy tomoniga va qasrdan bir necha chaqirim nariroqqa joylashtirdi. U yerni Bag‘dod — Karxiga o‘xshatib Karx deb nom qo‘ydi. Afshinni esa janub tomonda al-Matira nomli joyga o‘rnashtirdi. U ham xalifa qasridan bir necha mil uzoqda edi. Farg‘onaliklar uchun boshqalarnikidan ko‘ra yaxshiroq joydan yer ajratdi. Turklar, xurosonliklar va mag‘ribliklar uchun ham alohida-alohida yerlar ajrattirib berdi. U hamma qo‘mondonlariga o‘z odamlari uchun masjid va bozorlar bino qilishni buyurdi. Dajla daryosining oqar tomoniga qaragan katta ko‘chalar chiqardi. O‘sha ko‘chalar kesib o‘tadigan kichik va boshi berk tor ko‘chalar ham qurdirdi. Al-Matiraning shimol tomonidan Dajla bo‘ylab Karxga boradigan ko‘cha markaziy ko‘cha edi. Kishilar uchun ajratilgan turar joylar esa ana shu katta ko‘chaning o‘ng va chap tomonlarida joylashgan bo‘lib, Dajlaga boradigan kichik va tor ko‘chalar unga yopishgandi. Moliya idorasi, Mu’tasimning qasri, masjid va qul bozori ham shu ko‘chada edi. Bu ko‘chaning qarshisida Abu Hamd nomli yana bir ko‘cha chiqarilgandi. Mu’tasim Dajla daryosi ustiga sharqiy qirg‘oqdan g‘arb tomonga o‘tadigan ko‘prik qurdirdi va daryoning u tomonida imoratlar bino qilib, daraxtlar o‘tqazdi, quduqlar qazdirdi. Har bir mamlakatdan turli ustalarni, masalan, Misrdan suv inshooti mutaxassislarini, qog‘oz ishlash ustalarini, Basradan esa chinni va sopol ishlash ustalarini oilalari bilan ko‘chirtirib keldi. Binolarning hammasi bir necha qavatli bo‘lib, atrofi bog‘-bo‘stonlarga aylantirilgandi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 23:07:22

    Mu’tasim Surra man rao degan shunday shahar qurganini eshitib, oldi-sotdi qilmoq uchun atrof-tevarakdan kishilar yog‘ilib kela boshladi.
    Mu’tasimdan keyin xalifa bo‘lgan al-Vosiq*, al-Mutavakkil* va boshqalar bu shaharni kengaytirib,  katta binolarni yana ham ko‘paytirdilar.
    Farg‘onaliklar uchun qurilgan binolar orasida Mu’tasimning saroyi yoniga eshigi Dajla tomonga qaragan bir bog‘cha, ichida uncha katta bo‘lmagan bir imorat turardi. Uning yonida ikki dona xurmo daraxti qad ko‘targan. Somurroda yashovchilar bu uy kimga qarashli ekanini bilishmasdi. Chunki unda bozorga chiqib ro‘zg‘orga kerakli narsalar olib keladigan xizmatkorlardan bo‘lak kishini ko‘rishmasdi. Qo‘mondonlar esa bu Zirg‘omning hovlisi ekanini bilishardi. Ular o‘zlariga o‘xshab katta hashamatli uy qurmagan, har xil xizmatchi va cho‘rilar saqlamagan Zirg‘omning dunyo lazzatlariga — aysh-ishrat, zeb-ziynatga e’tibor bermasligidan ajablanishardi. Ular bu yerda Zirg‘om yolg‘iz o‘zi yashaydi deb ham o‘ylashardi. Zirg‘om Farg‘onaga ketmasdan burun ba’zi qo‘mondonlar bu uyga kelib turishardi ham. Ammo u safarga ketganidan keyin hech kim bu dargohga qadam bosmay qo‘ydi. Chunki uyda Zirg‘omning ko‘zlari ojiz bo‘lib qolgan qari onasi va Mas’uda nomli bir cho‘ridan bo‘lak hech kim ko‘rinmasdi.

____________________
* Bu shahar Somuro deb ham yuritiladi.
* A n t o k i ya — Antioxiya shahri.
* L o z i q i ya — Laodikiya shahri.
* M a n s u r — abbosiylar xalifasi (754—775). Bag‘dod shahrini qurdirgan.
* A l-V o s i q — abbosiylar xalifasi (842—847).
* A l-M u t a v a k k i l — abbosiylar xalifasi (847—861).

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 23:08:04

     ZIRG‘OMNING ONASI

     Zirg‘omning onasi — Oftob hali qarimasdan oldin, Iroqqa borishdan burunoq ko‘zi ojiz bo‘lib qolgandi. Farg‘onaliklar ham Somurrodagilar kabi Oftobning o‘tmishidan xabarsiz edilar. Xonadonida uzoq vaqt yashaganligiga qaramay, hokim Tahmozning o‘zi ham uning kimligini bilmagandi. Oftob o‘zining asli kim bo‘lganini hatto o‘g‘li Zirg‘omdan ham sir tutib kelardi. Zirg‘om «mening otam kim edilar?» deb so‘ragandi, u: «Otang musulmon askarlaridan bittasi bo‘lib, janglardan birida shahid bo‘lganlar. Men hayotimning so‘nggi nafaslarigacha u kishining xotirasi uchun qora kiyib, motamda o‘tkazishga ahd qilganman», der edi. Har safar Zirg‘om otasi haqida surishtirarkan, onasi shundan nari o‘tmasdi. Lekin Zirg‘omni bu gaplarning o‘zi qanoatlantirmay yurardi. U kunlarning birida: «Rostini aytib bermasangiz qo‘ymayman», deb onasini qistadi. Ona bu gapni yana keyinga surdi. Zirg‘om unga qachon shu va’dasini eslatsa, onasi javobni boshqa vaqtga qoldiraverardi.
     Zirg‘om yoshligini Farg‘onada o‘tkazdi. O‘zi tengi yigitlar qatori askarlikka kirish yoki tirikchilik o‘tadigan biror ishning payidan bo‘lish uchun Iroqqa borishni onasidan maslahat so‘rasa, onasi rozilik bermasdi. Oxiri borib unga ruxsat berdi va ona-bola birgalikda Iroqqa ko‘chib, Somurroda yashab turishdi. Zirg‘omning uquvli, pishiq-puxta yigitligi nazarga tushib, avval askarlikka, undan keyin soqchilar boshlig‘i martabasiga ko‘tarildi. U qachon otasi haqida so‘ramasin, onasi har safar «keyinroq aytaman», deb bir xil javob qaytarardi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 23:08:51

    Zirg‘om oxirgi marta hukumat topshirig‘i bilan Farg‘onaga bormoqchi ekanini aytib, undan ruxsat so‘raganda, onasi tezda qaytib kelish shartini qo‘yib, rozilik berdi. Ona cho‘risi Mas’uda bilan o‘z saroyida yolg‘iz qoldi.
    Oftob butun kunini uyda o‘tkazar, boqchaga ahyon-ahyonda chiqardi. Joriya Mas’uda esa qo‘lidan kelgancha uni ovutish-yupatishga harakat qilardi. U bir necha yildan beri Oftobning xizmatida edi-yu, lekin o‘z bekasining ko‘ngli ochilib, kulib turganini biror marta ham ko‘rmagandi. Oftobning bu qadar ma’yus va parishonholligidan boshqalar kabi Mas’uda ham hayron edi, sababini sira tushuna olmasdi. Shunga qaramay, u Oftobning muloyimligi va kamsuxanligi uchun juda ham sevar, hurmat qilar edi.
    Oftob keksaygan, ko‘zi ojiz bo‘lsa ham, ko‘rkam va yoqimtoy ayol edi. Uning yuzlarida yoshlikdagi mislsiz husnning izlari qolgandi. Boshidan ko‘p og‘ir kunlar kechganiga qaramay, uning barvastaligi, salobati, xushtabiatligi saqlanib qolgan edi. Cho‘risi Mas’uda Oftobning ko‘nglini ko‘tarish uchun har xil voqealardan gapirib berib o‘tirardi. Uning xalif Mu’tasim to‘g‘risidagi hikoyalarga ko‘proq moyilligini, xususan, o‘g‘li soqchilar boshlig‘i bo‘lganidan keyingi voqealarga qiziqib quloq solishini Mas’uda sezardi. Lekin gapirmas, onda-sonda xo‘rsinib: «Bolaginam Zirg‘om qachon kelarkin, juda olislab ketdi», deb qo‘yardi xolos.

Qayd etilgan