Ba’zilar esa suralarning uzun-qisqaligiga qarab tartib berganlar.
Masalan Hazrat Ali(r.a.)ning majmu’alarida birinchi sura «Iqro’», ikkinchisi «Muddassir», uchinchisi «Muzzammil» va hokazo nozil bo‘lish tartibi asosida yozilgan edi.
Ubay ibn Ka’b va Abdulloh ibn Mas’udning majmu’alarida esa suralar uzun-qisqaligiga qarab, masalan, avval «Baqara», keyin «Niso», undan keyin «Oli Imron», va hokazo tartiblangan edi.
Ammo «Quyosh tutilishi» voqe’asi bilan bog‘liq bo‘lgan hadisda rivoyat qilinishicha, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) namozda eng uzun ikki sura—«Baqara» va «Oli Imron» suralarini qiroat qilganlar. Qiroatni baland ovozda o‘qiganlari uchun, eshitganlarning birortasida shubha paydo bo‘lishi mumkin emas. Shundan ko‘rinadiki, Usmon (r.a.)ning mushaflarida «Baqara» surasidan keyin «Niso» surasini emas, balki «Oli Imron» surasini yozilishi Rasululloh (s.a.v.)ning qiroatlariga ergashishdan kelib chiqqan. Demak, Mushaf kotiblari ikki hadisdan birini tanlab, o‘z ijtihodlari vositasi bilan suralarni «Baqara», «Oli Imron», «Niso» tartibida joylashtirganlar.