TAVAKKUL: tavakkul ehtiyoj onlarida Allohga ishonmoq, zarurat paytlarida unga suyanmoq va musibat chog‘larida ko‘ngilni keng qilib, matonat ko‘rsatmoqdir. Allohga tavakkul qilganlar, har narsa Allohning taqdiri bilan sodir bo‘lishini biladilar. Sabablar esa Allohning hukmidadir. Tavakkul qilganlar ajdodlariga, avlodlariga, mollariga, mulklariga mag‘rur bo‘lmaydilar, ularga suyanmaydilar, ularga ishonib ketmaydilar. Faqatgina Allohning hidoyati bilan barcha ishlari, barcha mushkullarini Allohga havola qiladilar. Kim Allohga tavakkul qilsa, Alloh uning ehtiyojini qoplovchi bo‘ladi.
RIZO: taqdiri ilohiy qay tarzda yuz bermasin, nafsning buni ma’qullashi, qismatga rizolik ko‘rsatishidir. Ba’zi olimlar shunday deydi:
- Insonlarning Allohga eng yaqin bo‘lgani uning taqsimi ilohiysiga eng ko‘p rozi bo‘lganidir.
Mana bular ham ba’zi hikmat ahlining so‘zlaridandir:
- Qanchadan-qancha sevintiruvchi narsalar borki, ular musibatdir, xastalikdir. Va qanchadan-qancha xastaliklar va qayg‘ular borki, ular xayrdir, shifodir.
Bir shoir shunday deydi:
Bordir senga ko‘z ko‘rmagan noz-ne’matlar, Ammo bular yog‘dirar ko‘p musibatlar.
Sabr qil, bor musibatda yorug‘lik ham, Har g‘am ichra bir sevinch bor, sevinchda g‘am.
Bu mavzuda biz musulmonlarga Allohning ushbu oyati yetarlidir:
- Sizlar o‘zingiz uchun yaxshi bo‘lgan narsani yoqtirmasligingiz va siz uchun yomon bo‘lgan narsani yaxshi ko‘rishingiz mumkin. Alloh bilur, sizlar bilmassiz.( Baqara surasi, 216-oyatdan.)