BAYRAMNING FAZILATI
Shavvol oyining birinchi kuni Ramazon bayramiga, Zulhijja oyining o‘ninchi kuni Qurbon bayramiga to‘g‘ri keladi. Bu kunlarning bayram deyilishiga sabab shulardir:
1. Mo‘minlar Ramazon bayramida Allohga toat hisoblanuvchi farz - Ramazon ro‘zasini tutgandan keyin, Payg‘ambar (s.a.v.)ga toat hisoblanuvchi olti kunlik Shavvol ro‘zasini tutishga qaytgan bo‘ladilar. Qurbon bayramida esa, yana Allohga toat hisoblanuvchi farz hajni ado etib, Rasululloh (s.a.v.)ni ziyorat qilishga hozirlanadilar.
2 - Bayramlar har yili takrorlanadi.
3 — Bayramda Allohning ehsoni ko‘p bo‘ladi.
4— Bayram kunining o‘zi sevinch va quvonch bilan keladi.
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) birinchi marta Bayram Namozini hijratning ikkinchi yilida o‘qiganlar va uni Ramazon Bayram Namozi deb e’lon qilganlar.
Abu Hurayradan — Alloh undan rozi bo‘lsin — rivoyat qilinadi:
— Bayramlaringizni takbir bilan ziynatlantiring. Alloh Rasuli (s.a.v.) buyurdilar:
— Kim bayram kuni uch yuz marta «Subhanalloh va bihamdihi» desa va buni musulmonlarning o‘lganlariga baxshida etsa, har bir qabrga nur kiradi. U kishi o‘lgan vaqtda Alloh uning qabriga ming nur kiritadi.
Vahob ibn Munabbih hikoya qiladi:
— Iblis har-bayram kuni bir nido qiladi. Yordamchilari yig‘ilishadi. Unga derlarki:
— Ulug‘ ustoz, nega buncha g‘azabli ko‘rinasiz? Iblis shu javobni beradi:
— Alloh mo‘minlarni yorlaqadi. Endi sizlar ularni nafsoniy orzulari bilan chalg‘itmoq uchun qattiqroq ishlashga majbursiz.
Yana Vahob ibn Munabbih aytadi:
— Alloh jannatni Ramazon bayrami kuni yaratdi. Tubo daraxtini shu kuni o‘tqazdi. Jabroilni shu kuni vahiy elchisi qilib sayladi. Fir’avn sehrbozlarining tavbasini shu kuni qabul etdi.