Bu yo‘lchilikda Ollohning seviklisiga yo‘ldosh bo‘lgan va buyurgan vazifalarini sha’nlariga loyiq bir tarzda bajargan onamiz Ummu Salama (r.anho) ham dam olish uchun hujralariga kirdilar.
O’rtada safarga qatnashmaganlar masalasi turardi. Endi navbat shuni hal etishga keldi. Ba’zilarni safardan kasalliklari yo ko‘zlari ko‘rliklari to‘sgan, agar bu kabi uzrlari bo‘lmaganida yuzda yuz bu safarga borishlari aniq edi. Bundaylar haqida Janobimiz ham yo‘ldaliklaridayoq yetarli tushuntirish berganlar, xuddi borganlar bilan birgaday mukofot olishlarini aytganlar. Ular kimlar ekanini Ulug‘ Mavlo o‘zi biladi. Ertaga huzuriga kelishganida «O’zlaring borolmagan bo‘lsalaring ham, ko‘ngillaringni borganlar bilan birga qo‘shib yuborganlaring uchun Tabuk g‘azotidan sizlarga tekkan ulush mana, olinglar!» deydi, ko‘plarning ko‘zini moshday ochtiradigan buyuk mukofotni taqdim etadi. Niyatlari tuzuk bo‘lgan bu odamlar hech narsa yo‘qotishmagan, aksincha, qozonishgan edi.
Uzr-ma’zurlar boshlandi.
- Ey Ollohning payg‘ambari! Men kasal edim, isitmam shunday bir ko‘tarilib ketdi, o‘rnimdan qo‘zg‘alolmay qoldim. Bunaqa bo‘lmaganimda, Ollohga qasam, sizdan ayrilmasdim, bu yerda qolmasdim!..
Bu xil qasamlar bilan olamlar Egasining seviklisi huzurlariga kelganlar soni xiylagina ko‘p edi.
- Sizni payg‘ambar qilib jo‘natgan Ollohga qasam ichaman, tuya ustida o‘tira oladigan sog‘lig‘im bo‘lganida to‘xtamay ketardim. Men uchun Janobi Mavlodan kechirim so‘rab bersangiz...
Bu uzrni to‘qib huzurlariga kelgan odamga Payg‘ambarimiz (s.a.v.):
- Olloh seni kechirsin, qani, boraver! - deb qo‘ydilar.
- Ey Ollohning payg‘ambari, men uchun ham kechirim so‘rab bering. Borolmadim, ammo siqilib ich-etimni ado qildim. Ollohga qasam, bu kasallikdan endi turmasam kerak deb o‘ylovdim.
- Ollohseniham kechirsin.
O’timli uzrlarim bor, deya ketma-ket qasamlar ichganlarning soni saksondan oshardi. Bu uzrlarini tinglab, biron-bir e’tiroz qilmagan Payg‘ambarni ular ishontirdik deb o‘ylashar, miyiqlarida kulimsiragancha, g‘alabalarini nishonlashar edi. Shuncha qiyinchilik chekilganiga qaramay o‘ljasiz, quruq borib quruq qaytgan, ming bir zahmatlar bilan yo‘l bosib kelganlarga qarab, mana, biz ishni osongina hal etdik, deyayotgandek bo‘lishardi.
Ammo hammani doimo ko‘z ostida tutib turguvchi Ulug‘ Mavlo qalblarining sirlaridan ham xabardor. Ular Habibi akrami huzuriga kelib ming qasam ichishmasin, jazolari bekor bo‘lib qolmaydi.
Nihoyat, Ka’b ibn Molik keldi. Janobimiz (s.a.v.) huzurlarida tiz cho‘kdi.
- Seni nima ushlab qoldi? Aqobadagi kelishuvimizda menga yordam berishga doir so‘z
bermaganmiding? - deb so‘radilar Ollohning rasuli.
Boshqalar-ku bir harakat bilan osongina suvning u yoqasiga o‘tib olishdi. Ular o‘tgan ko‘prikdan bu ham o‘tsa bo‘lardi. Zotan, Ka’b ham birmuncha payt Payg‘ambarimiz (s.a.v.) huzurlarida har xil bahonalarni to‘qib yoqasini qutqarib olishni xayol qilgan edi. Ammo olamlar Egasining rasuli (s.a.v.) kelish vaqtlari yaqinlashgani sayin, bu yo‘lning boshi berk, degan tushuncha og‘ir bosa boshladi. Qo‘shin shaharga kirib kelishi bilan bu tushunchalar ham xayolini tark etdi.
- Ha, ey Ollohning payg‘ambari! Boshqa odamning huzurida bo‘lsaydim, uni xursand qiladigan gaplarni ayta olardim. Chunki men mantiqli va chiroyli gapirishni qoyillatadigan bir odamman. Ammo men shunga ishonamanki, bugun yolg‘on gaplar bilan sizni qoniqtira olganim bilan Olloh taolo mening yolg‘onimni ochib tashlaydi, siz ham mendan g‘azablanasiz. Agar o‘zimni himoya qilmasdan to‘g‘risini aytsam, balki sizning achchig‘ingiz kelar, lekin Ollohning kechirishiga umid qoladi, - dedi.