Tohir Malik. Iymonlashish umidi  ( 126053 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 14 15 16 17 18 19 20 B


shoir  26 Iyun 2006, 05:26:16

* * *

Bir san’atkor birodarimiz og‘ir xastalikka uchragach, yaqinlari unga faxriy unvon olib berish uchun turli idoralarga qatnay boshladilar. O’lim eshik qoqib turgandagi ularning bu harakatini yaxshilikka yo‘yish ham mumkin. Har holda unvon berilsa bemor quvonadi. Azoblari salgina bo‘lsa-da, arishi mumkin. Lekin... unvonu mukofotlar ortda qoladi-ku? U dunyoda bularning qimmati yo‘q-ku? Savol-javobda bular inobatga olinmaydi-ku?
Avvalroq bir tanishimiz «Bittagina medal olib o‘lsam armonsiz ketardim», — der edi. «Medal sizga shunchalik zarurmi?» — deb so‘raganimizda «Ha, o‘lgandan keyin duxoba yostiqqa tikib, tobut oldida olib borishga nimadir kerak-ku? Bolalarim otamning hech narsasi yo‘q ekan», deb izza chekishmasin»,— degan edi.
Alloh marhamat qiladi-ki: «Ey Odam farzandi! Senga uch narsani ixtiyor qildim: ya’ni oila ahlingni, molu dunyoingni va molingni. Ammo mol-dunyoing sen o‘lib, oyog‘ing yerdan uzilishi bilan ortingda qoladi. Oyog‘ing uydan chiqishi bilan oilang ham ajrab qoladilar. Keyin qabrda bo‘lasan. qiyomat kunida faqat yaxshi amaling foyda beradi. Amaling tuzuk bo‘lsa, seni ham tuzatib qo‘yar. Agar yomon bo‘lsa, seni halok qiluvchi joyga topshirar». Shunga ko‘ra, hamonki barcha narsa ortda qolar ekan, xasta birodarimizning yaqinlari nishon haqida emas, iymon to‘g‘risida qayqursalar durustroq bo‘larmi edi. Jon chiqmay turib, iymon kalimasini o‘rgatsalar qanday yaxshi edi! Agar farzandlar dono bo‘lsalar «otamiz medalsiz o‘tdi», deb kuyunmaydilar, balki «otamiz iymon bilan ketdilar», — deb Yaratganga shukurlar qiladilar.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:26:26

* * *

Bir qiz yomonlarga qo‘shilib, buzuq yo‘lga kiribdi. Albatta ota-ona uni to‘g‘ri yo‘lga solishga harakat qilishgan. Ammo bemaza hayotning mazasini totib qo‘ygan qizni quruq nasihatlar, hatto qamoq jazosi ham hidoyat sari burolmadi. Oqibat ota-ona so‘nggi chorani qo‘llashgan - qizni «oq» qilishgan. Bu bilan ular o‘zlarini ham Alloh oldida, ham el-yurt oldida poklab olishgan. Ota-ona boshiga tushganni «falokat» deymizmi, «fojia» deymizmi, «qora tun» deymizmi, yuraklarni poralab tashlagan «balo chaqini» deymizmi, nomi nima bo‘lsa bo‘lsin, buni hatto dushmanimizga ravo ko‘rmaylik. Ota-ona farzandini oq qilgani bilan uning qorong‘i tuni yorisha qolmaydi. Oq qilish bilan o‘ziga ozgina tasalli berganday bo‘ladi. Isnod o‘tida qovjirab, azoblanishi esa davom etaveradi.
Shu o‘rinda oq qilishning mohiyatini o‘rganishga urinib ko‘rsak: bu arab lisonidagi «a’q(qa)» so‘zidan kelib chiqqan. Dastlabki ma’nosi poklanishni bildirarkan. Yana bir ma’nosi esa «ajratish» ekan. Demak, oq qilmoqlik gunohkor farzandni o‘zidan ajratib, poklanish degan ma’noni anglatarkan. Ya’ni «bu badkirdor gunohlar botqog‘ida qoldi. Men uning gunohlariga sherik emasman, mas’ul ham emasman», de-yilmoqchi bo‘ladi.
Yuqorida aytganimizday, bu holat kishining o‘ziga tasalli berishi uchungina asqotadi. Ota-onaning farzand taqdiriga mas’ulligi hech qachon ozaymaydi. Solih farzand ota-onaga rahmat, ya’ni savob keltirgani kabi, yomonlikni kasb qilgan farzand, oq bo‘lgan taqdirda ham har bir gunoh ishi bilan ota-onasiga la’nat keltiraveradi. Shu sabab ehtimol ota-ona a’mol daftariga gunohlar yozilaverar, vallohi a’lam? Agar oq qilish bilan ota-ona gunohdan osongina qutula olsa edi, uning mas’uliyati, farzand tarbiyasining savoblaridan olajak ajrlari yuqori qilib qo‘yilmas edi.
Yana bir ayanchli voqea: bir kishining farzandi vafot etib, qavm janoza namoziga saflangan choqda masjid hovlisiga nasroniy dini vakillari kirib kelishdi-da: «Bu yigitga janoza o‘qimog‘ingiz joiz emas, u bizning dinimizni qabul qilgan edi, unga biz haqlimiz», deyishdi. Birga kirib kelgan guvohlar bu da’voni tasdiqlashgach, ota hushidan ketar darajada holga kelib, o‘g‘lini oq qildi. Otaning ahvoliga albatta hamma achinadi. Ammo oq qilish bilan masala hal bo‘ldimikin? Bola nima uchun o‘zga dinga kirib ketdi? Otaning nomi musulmon, ammo peshonasi sajdaga tegib namoz o‘qirdimi? Yo‘q. Farzandiga dinni o‘rgatganmidi yoki biron muallimga topshirganmidi? Yo‘q. Endi dodini kimga aytsin?!
Bu otaning nolasi ko‘pgina odamlarni qalblaridagi muhrlarni yechmoqqa undarmikin?

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:26:36

* * *

Dang‘illama uy qurib, baland devorlar, temir panjaralar bila ixota qilishdan maqsad — biron nimaning daf qilishidan saqlanishdir. O’zini bu dunyo balosidan ehtiyotlashga aqli yetgan banda u dunyoda kutilajak azob sellaridan ixota qilishni o‘ylamaydimi? Do‘zax azobi, do‘zax olovidan baland devoru temir panjara yordamida saqlanib bo‘lmaydi. Bu devor, bu temir panjarani uy atrofiga emas, o‘z nafsi qarshisida tiklasa, qiyomat azoblaridan qutulib qolgan bo‘lardi.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:26:46

* * *

Ba’zilar ko‘ngilida iymon chirog‘i yonmaydi. Bunga sabab: Alloh unga hidoyatni iroda etmagan, deyishadi. Ajab noto‘g‘ri fikrdir bu. Alloh uchun barcha bandalar birdir. Faqat har bir banda alohida ravishda imtihon qilinadi. Birining imtihoni ikkinchisinikiga sira o‘xshamaydi. Agar banda qalbida hidoyatga mayl bo‘lsa, Alloh uni beradi. Deydilarki: «Bola yig‘lamasa, ona ko‘krak tutmaydi». Hidoyatga yetishmoq ham shu kabidir. Alloh har bandasiga aql, zehn, idrok berib qo‘yibdi. Shu aql ko‘zi bilan atrofiga qarab, hidoyat yo‘lini izlasa, nahot Alloh bermasin? Beradi! Banda hidoyatdan begona ekan, Alloh emas, o‘zi aybdor.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:26:57

* * *

Insonlarning tengligini aynan anglamoq to‘g‘ri emas. Odamlar bir xilda teng emaslar. Jismdagi quvvatlari, shaklu shamoyillari, ranglari turlicha bo‘lgani kabi aql darajalari, dunyoni anglashdagi zehn quvvatlari, qobiliyatlari... ham har xildir. Bandalar faqatgina Robbilari huzurida tengdirlar. Ya’ni qilmishlari uchun olajak ajru jazolarda tenglar. Ya’ni— bir savob ishga olimga o‘n savob, dehqonga ikki savob yozilmaydi. O’monlik uchun olimning olimligi siylanib, gunohi kamaytirilmaydi. Bandalarning xoh shohu xoh gado bo‘lsin, tengligiga ishora — haj ibodatida barchaning ehromga kirishi, vafot etganida esa bir hilda kafanlanib ketmog‘idir...

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:27:03

* * *

Bir kitobda «Alloh o‘z mahluqotlaridan ba’zilariga hayot bergan va ba’zilariga bermagan», degan gapni o‘qib o‘yga toldim. «Hayot» deganda nima nazarda tutilyapti? Jonmi yoki harakat qila olish imkonimi?
Odamga hayot berilgani shubhasiz bir haqiqatdir. Hayvonlarga ham berilgan bu ne’mat. Ammo daraxtlar, maysalarga-chi? Ular ham tug‘iladilar, yashaydilar, o‘ladilar. Barglar, maysalar... ham Allohga tasbeh aytadilar... Demak, ularga ham hayot, jon berilgan. Hatto ko‘zga ko‘rinmas mikroblar, bakteriyalar (balki ularni «insu-jins» desak bo‘lar?) ham jonlidir. Inson a’zolariga kirgan bakteriyalar kasal qo‘zg‘ar ekan, demak, uning ham joni bor. U holda hayot (jon) berilmagan, deyilganda tog‘u tosh, tuproq nazarda tutilar? Bu ham kishini o‘ylatadigan muammoli savol. Chunki tog‘lardagi vulqon harakatini jonsiz hodisa deymizmi? Tuproqning daraxtlarga, o‘simliklarga quvvat berishi-chi? qolaversa, Yer sayyorasining hamisha harakatda bo‘lishi-chi? Shunga ko‘ra, Alloh barcha yaratgan mahluqotlariga jon berganu biz bularni sezmaymiz, desak joizmikin? Ehtimol bunda ramziy ma’no yashiringandir. «Hayot berilmagan», deyilganda qalblari muhrlanib qolganlar nazarda tutilgandir...

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:27:11

* * *

«Asrimizda ilm-fan taraqqiy etdi», degan iborani ko‘p ishlatamiz. Shu o‘rinda «nisbatan» degan so‘zni qo‘llasak o‘rinli bo‘lar. Chunki XX asrdagi ilm-texnika rivoji 19-asrga nisbatan olinadi. Holbuki 19-asrda, undan avvallari ham buyuk kashfiyotlar qilingan. Al-Beruniy yaratgan globus, Al-Xorazmiyning «al jabr»i, Ulug‘bek kashf etgan yulduz... 21-asrda ham Xudo xohlasa, fan-texnika rivojlanadi. Bu hodisa ham XX asrga nisbatan, deb belgilanishi shubhasiz.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:27:20

* * *

Bir hamkasb akamiz bilan ozgina bahslashib oldik. U kishi asarlarida ayolning dafn marosimini tasvirlabdilar. Mayit dafn etib bo‘lingach, bir odam «Falonchixon qanday odam edi?» deb so‘raydi. To‘planganlar «Yaxshi edi, Xudo rahmat qilsin», deyishadi. Kamina «ayollar dafn etilganda bunday so‘ralmaydi, «Falonchi qanday odam edi?» — deb faqat erkaklar so‘raladi, deb edim, akamiz «Nima, ayollar odam emasmi?» — deb ranjidilar.
Aslida bu so‘rashning, javobning marhum uchun foyda-ziyoni yo‘q. So‘rovga binoan «yaxshi odam edi», desak, go‘yo biz Yaratganning oldida guvohlikka o‘tgan bo‘lamiz. qabrga qo‘yilgan odam hayotda yaramaslarning yaramasi hisoblangan bo‘lsa-da, dafn marosimida birov ovoz chiqarib: «yomon edi, endi jazosini olsin», demaydi. So‘rovga beriluvchi javob marhum yoki marhuma yaqinlarining ko‘ngliga malham bo‘lish uchun kerak. Yana odamlarning «men ham kelganimda so‘raladi, birodarlarim nima deb javob qilishar ekan?» — deb o‘ylashlari uchun lozim. Alloh bu dunyodagi umrini yashab, huzuriga keluvchi bandasining yaxshi-yomon ekanini guvohlarsiz ham amaliga qarab biladi.
Garchi janoza namozida o‘ziga xos iltijolar qilsak ham, ya’ni «Yo Rab, o‘lganlarimizni iymonlari bilan qabul etgin, bu mayit esa rahmatingga muhtoj... Basharti gunohlari bo‘lsa, o‘zing kechir», deb munojot qilsak-da, bu duolarning qabul qilinishi yo ijobat bo‘lmasligini Allohning o‘zigina biladi.
Endi erkak-ayol masalasiga kelsak, musulmonlarda mayitni qabristonga erkaklar olib boradilar. Erkak mayitni yaxshi biluvchilar ko‘p bo‘ladi. Ayol mayitning qandayligini begona erkaklar qaerdan bilishsin? Durust, ayollar hozir erkaklar orasida ishlaydilar, yuradilar. Biroq, shunda ham begona erkak ayol turmushini yaxshi biladi, deya olmaymiz.
1976 yili Abdulla Avloniyning farzandlari davrasida bo‘lganimizda o‘g‘illari Kenja aka onalarini madh eta turib, shoirning shogirdlaridan «Ayamiz ham g‘azal yozar edilar, bilarmidingiz?» — deb so‘radilar. U kishi g‘oyat hilm va lutf bilan: «Rahmatli onangizning ajoyib pazanda ekanliklarini bilardim», deb javob qaytardilar. Javobdagi mantiqqa qoyil qolmoq kerak. U kishi ustozni yo‘qlab kelganlarida, uy bekasi yonlarida o‘tirmagan, ustoz esa tabiiyki, «xotinim g‘azal yozadi», deb maqtanmagan. Ayol o‘z vazifasini bajarib, taom pishirib mehmonxonaga kiritgan. Bu masaladagi bahsga «Erdan — el, xotindan — er rozi bo‘lmog‘i kerak», deb yakun yasasak to‘g‘riroq bo‘lar.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:27:28

* * *

Tuyaqushning g‘alati odati bor: biron xavfni sezsa, boshini qumga tiqib turaveradi. Ba’zi odamlarda ham shunday odat mavjud: haqiqatdan qo‘rqib, boshlarini go‘yo qum orasiga tiqib yashaydilar. Atrofga qaramaydilar. Kelajakni tasavvur qila olmaydilar. Eng yomoni yaqinlashayotgan xatarni sezmaydilar.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:27:42

 * * *

Xalqimizda bir maqol bor: «Aytsam - tilim kuyadi, aytmasam - dilim». Ulug‘ shoirlarimizdan Atoyi hazratlari yozganlar: «Aytsam - o‘ldirarlar, aytmasam - o‘lam». Falastinlik shoir Muin Bsisu yozgan ekan: «Aytsam ham o‘ldiradilar, aytmasam ham o‘ldiradilar, aytib o‘lganim yaxshi».

Qayd etilgan