Xonimchaning qilig‘i yoqmaganidan yoki ruschani yaxshi bilmaganidan emas, balki xayol ipining bir uchi erida, qizida, bir uchi hademay uchrashishi lozim bo‘lgan o‘g‘illarida bo‘lgani sababli ham unga jim ketish ma’qulroq edi. Ba’zilar ruhi bezovta paytda kim bilan bo‘lsa bo‘lsin, suhbatlashib xayolini chalg‘itishga, shu yo‘l bilan ruhning ezuvchi to‘rlaridan qutulib chiqishga urinadi. Manzura unday toifadan emas. U har qanday ruhiy azobning mute cho‘risi. Safarga otlanganidan beri shu cho‘rilik libosida.
Ichimlik simirib bo‘lingach, xonimcha sumkasidan sigaret chiqarib, birini labiga qistirdi-da, so‘ng qutini Manzuraga uzatib, iltifot qildi:
— Oling, cheking!
Manzura chekuvchi ayollarni ko‘rgan-u, ammo «qachondir, kimdir menga ham chekishni taklif qilar», deb o‘ylamagan edi. Shu bois hamrohining taklifini darrov anglamadi.
— Chekasizmi? — deb so‘radi xonimcha uning darrov javob bermaganidan g‘ashi kelib.
— Yo‘q-yo‘q, — dedi Manzura, hijolat bo‘lib. Uning bu holi zimdan kuzatilsa, chekmagani uchun uyalyapti, deb o‘ylash ham mumkin edi.
Xonimcha «chekmasang battar bo‘l», deganday bir chimirilgach, sigareta tutatdi. Dam o‘tmay uchoq bekasi kelib:
— Aeroflot qoidasiga ko‘ra salonda chekish mumkin emas, — dedi.
Xonimcha uning gaplariga e’tibor qilmadi.
— Sizga aytyapman! — dedi beka, qat’iyroq ohangda.
— Tupurdim o‘sha aeroflotingga ham, qoidasiga ham, — dedi xonimcha. — Bor, ishingni qil, menga xalaqit berma. Men tekinga uchmayapman. Pulini to‘lab qo‘yganman. Qanday xohlasam, shunday uchaman.
— Qoidani buzganingiz uchun qo‘ngan yerimizda jarima to‘laysiz.
— Voy, voy, qo‘rqitib yubording-ku, qo‘ngan yerimizda, agar istasam, samolyotingga qo‘shib o‘zingni ham sotib olaman. O‘layotgan paytingda ham oyog‘imni o‘pib o‘lasan.
— Bezbet ekansiz!
— Bor, ishingni qil, ammo kimligingni unutma!