Juda katta talab qo‘yib yuborgan edim. Lekin xolam avzoyini sira o‘zgartirmadi. Kulimsirab turib lablarini qisdi-yu, oshkora bir mazax bilan:
— Shunaqa degin? Fotiha oshida sening o‘rningga boshqa birovni vakil qilib qo‘yar ekanmiz-da! To‘g‘ri, nikohda shunday, lekin fotihada hali bunday odat chiqqani yo‘q, qizim.
Munosib javob bo‘lmagani uchun yerga qarab turaverdim.
Xolam oladigan sabog‘imning zahrini yumshatish niyatida bir qo‘li bilan belimdan ushladi, ikkinchisi bilan betimni, sochlarimni, peshonamni silab turib:
— Farida, aylanay, endi bolalikni tashlash payti keldi, — dedi. — Endi sening xolanggina emas, onang hamman... Bundan juda xursand ekanligimni aytib o‘tirishning hojati bo‘lmasa kerak? Sen Komron uchun xulq-atvori bizga ma’lum bo‘lmagan har qanday yot qizdan ming chandon a’losan. Faqat... Faqat bir oz havoyisan. Bolalik chog‘larda buning unchalik zarari yo‘qdir. Lekin kun sayin o‘syapsan. O‘sgan saring, albatta, aqling ham oshadi, o‘zing ham og‘ir-bosiq bo‘lasan. Maktabingni bitirib uylangunlaringcha, eh-ha, hali to‘rt yil bor. Ozmuncha vaqtmi! Shunday bo‘lsa ham, sen unashilgan qizsan. Nima demoqchiligimni, qaydam, anglata oldimmi? Og‘ir-vazmin, jiddiy bo‘lishing kerak. Bolalikka, sho‘xlikka, o‘jarlikka xotima ber. Komronning qanchalik muloyimligini, tabiati, hissi qanchalik nozikligini bilasan.
Har bir so‘zi qulog‘imda qolgan bu o‘gitda haqiqatan ham yoqib-kuydiradigan biror narsa bormidi? Buni shu bugun anglab turganim yo‘q. Lekin nima qilay, xolam meni o‘g‘li uchun bir oz kamsitayotganligini sezib turgan edim.