Choliqushi (roman). Rashod Nuri Guntekin  ( 289593 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 ... 61 B


shoir  13 Oktyabr 2007, 16:30:53

Chorbog‘ bo‘yoqchilar, duradgorlar, bichiqchilar va uzoq yerlardan yotadigan bo‘lib kelgan qarindoshlar bilan goh to‘lib, goh bo‘shardi. Har kim o‘ziga yarasha biron ish bilan band edi. Ular hozirdan taklifnoma yozish, kamu ko‘stlarni sotib olish uchun bozorga qatnash, kiyim tikish bilan mashg‘ul. Men shoshib qolganimdan ishbuzarmonlik qilardim. Biron ishga qo‘l urish u yoqda tursin, boshqalarning ishiga xalal beradigan har xil bemazagarchiliklar qilardim. Menda so‘nggi telbalik xuruji boshlangan edi. Burungiday mehmonlarning bolalarini tevaragimga to‘plab, chorbog‘ni boshimga ko‘tarardim.
Hamma yerdagi singari oshxonada ham remont, bo‘yoq ishlari borardi. Shuning uchun yangi oshpaz qozon-tovoqlarini hovlining to‘riga qurilgan chaylaga ko‘chirib, ovqatni ochiqda pishira boshlagan edi.
Bir kuni kechga yaqin oshpazning chayla oldida varaqi pishirayotganini ko‘rdim. Shu on miyamga bitta shaytonlik keldi.
— Bolalar, — dedim, — sizlar shu bostirmalarning orqasiga o‘tib, bekinib turinglar. Tovushlaringni chiqarmanglar. Men sizlarga varaqi o‘g‘irlab keltiraman.
Besh minut ham o‘tar-o‘tmas qo‘limda bir tovoq varaqi bilan kichkina o‘rtoqlarim yoniga qaytib keldim.
Bolalarga tegishlarini berib, hammasini hovlining burchak-burchagiga tarqatib yuborganim va tovoqni bostirmaga berkitib qo‘yganim, xayriyatamki, yaxshi bo‘lgan ekan. Lekin bu narsaning oqibatini, oshpaz varaqilarni yo‘qolganini bilgandan so‘ng g‘azabi qaynab, zir yugurishini xayolimga keltirmagan edim.

Qayd etilgan


shoir  13 Oktyabr 2007, 16:31:05

Bir ozdan so‘ng oshxona chaylasi oldida qiyomat qo‘pti. Oshpaz: "œKim o‘g‘irlagan bo‘lsa ham jonini bo‘g‘izidan sug‘urib olaman!" — deb qichqira boshladi. Bolalarning yuragi chiqib ketdi. Ular mening so‘zimga ham quloq solishmay qochib berishdi. Qochib, shubhasiz, yaxshi qilishdi. Chunki birpasdan keyin oshpaz bizni bilib qoldi-yu, qo‘lidagi chovlisini tayoqday silkitib ustimizga bostirib kelaverdi.
Rasvo odam bolalar orasida kattasi men ekanimni ko‘rdi deguncha ularni qo‘yib, meni quvib ketdi. Yugurib kelayotib yo‘lda gursillab yiqilgandan so‘ng battar jahli chiqib ketdi.
Oshpaz yangi, meni tanimaydi, shuning uchun ahvolim mushkul edi. Qo‘lga tushguday bo‘lsam, o‘zimning kimligimni tushuntirguncha, hech bo‘lmasa ikki marta chovli zarbini yeyishim, sharmanda bo‘lishim turgan gap.
Chorbog‘ tomonga chap berishning iloji bo‘lmagandan keyin chor-nochor ko‘chaga qarab urib ketdim, yo‘l bo‘yi chirqirab, dod solib bordim.
Xudo o‘zi yorlaqadi-yu, ertalabdan beri ish bilan band bo‘lgan tikuvchi xonim shogirdi Dilbar xalfa* bilan hovliga dam olgani chiqib kelayotgan ekan. Yo‘l chetida ularga to‘qnash keldim-u "œkelyapti!" deb bo‘yinlariga osildim, orqalariga yashirindim.

Qayd etilgan


shoir  13 Oktyabr 2007, 16:31:17

Dilbar xalfa oshpaz chovlisiga qo‘llarini ko‘tarib:
— Bu nimasi, oshpaz, jinni-minni bo‘ldingmi? Axir bu kelin xonim-ku! — deb o‘shqirdi.
Boshqa payt bo‘lsa, bu so‘z uchun Dilbar xalfani albatta yulib olardim. Lekin shu qadar qo‘rqib ketgan edimki, o‘zim ham bilmay unga qo‘shilib:
— Xudo haqqi, men kelin jonimman, oshpaz! — deya chinqirdim.
Men bu oshpaz singari jinni, g‘ayri odamni ko‘rgan emasman. Oshpaz Dilbar xalfa bilan tikuvchi xonimning so‘zlariga bir oz ishonmay turdi. "œYo‘q, bunaqa bezori kelin bo‘lmaydi. Unday bo‘lsa, menga yangi shim olib berasan. Buni qara, shimning tizzasini yirtding!" dedi.
Bechora yiqilganda burnini ham yara qilib olibdi. Lekin, baraka topkur, burnimni ham to‘laysan, deb turib olmadi.
Yashirib ketishga qilgan harakatlarimga qaramay, bu komediya hammaning qulog‘iga yetdi va har gal ovqat ustida menga qarab-qarab qo‘yish odat tusiga kirdi.

Qayd etilgan


shoir  13 Oktyabr 2007, 16:31:30

* * *

To‘yga uch kun qolgan edi. Yana har kuni kechki payt o‘sha mash’um hovli eshigida, bolalar bilan arqondan sakrashib o‘ynab yurganimda yangi bir hujumga uchradim. Lekin bu safargi hujum meni oshpaz qo‘lidan qutqazishga harakat etgan tikuvchi xonimdan bo‘ldi.
O‘ttiz yilchadan beri chorbog‘da kiyim tikib kelgan bu frantsuz xonim oltmish yoshli, ko‘zoynakli qari qiz edi. U dunyoning eng nozik, eng shirin muomalali ayollaridan bo‘lishiga qaramay, shu oqshom u ham menga olov purkadi:
— Kechirasiz, madmazel, bir necha kundan keyin sizni madam, deb atay boshlaymiz. Shu ishingiz to‘g‘rimi? Kiyimingizni oxirgi marta o‘lchab ko‘rish uchun sizni yarim soatdan beri axtaraman-a, — dedi.
Eng yomoni — Basima xolamning u bilan birga kelgani bo‘ldi. Xo‘mrayib turishidan, janjal chiqquday bo‘lsa tikuvchining yonini olishi aniq edi. 
— Pardon, madmazel, shu yerda edim, ko‘p afsus, axtarganingizni bilmabman, — dedim.
Xolam indamay turolmadi. Meni yo‘lga solmoqchi bo‘lganda, har vaqt iyagimdan ushlab silar edi, hozir ham shunday qila turib:
— Aylanay bolam, hozir sening ovozingni, qahqahalaringni birov eshitmasligi kerak-ku, — dedi. — Uch kundan keyin ham chaqirgan mehmonlarimiz orasida yana shunday qilmasayding, deb qo‘rqaman.

Qayd etilgan


shoir  13 Oktyabr 2007, 16:31:49

Harvaqt bebosh, qo‘rs ko‘ringanimga qaramay, o‘sha kunlar qorishiq hayajonlar changalida talpingan va erkalanish, muloyim bo‘lish ehtiyoji bilan yurak-bag‘rim ezilib yurgan kunlarim edi.
Iyagimni xolamning qo‘lidan chiqarmay, etagimni barmoqlarim bilan ikki yonidan ushladim-da, yengilgina reverans qilib, tizzalarimni bukdim.
— Xafa bo‘lmang, xola, — dedim, — ko‘p emas, faqat uch kungina yana tishingizin tishingizga qo‘yib turing. Ana undan keyin siz menga xola emas, boshqa ismli, boshqa sifatli kishi bo‘lasiz. Choliqushi xolasiga qilgan sho‘xligini Farida u xonim afandiga qilolmaydi. Ha, bunga jur’at etolmaydi, ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin.
Xolamning ko‘zlariga yosh chiqdi, betlarimdan cho‘lp-cho‘lp o‘pib:
— Hamisha onang o‘rnida edim, yana shunday bo‘lib qolaman, Faridam, — dedi.
Yurak to‘lqinim shu darajaga yetgan ediki, men ham uni biqinlaridan ushlab azot ko‘tardim, yana shu hayajon bilan betlaridan o‘pdim.

Qayd etilgan


shoir  13 Oktyabr 2007, 16:32:16

* * *

Mademuazel mayda ikir-chikirlaridan boshqa kamchiligi qolmagan oq ko‘ylagimni qo‘liga olganda, qip-qizarib ketganligimni his etdim. Uydagilarni birma-bir silab o‘pmoqqa, yolvormoqqa boshladim:
— Nima bo‘ladi-ya, tashqariga chiqib tursalaringiz. Sizlarning oldingizda kiyolmayman. Choliqushini orqasidan uzun etakli ko‘ylakda tovusga o‘xshaganini ko‘z oldilaringizga bir keltiring. Voy, qanday kulgili-ya! O‘zim ham rosa kulaman-da. — Shu narsa oddiy kiyimda bo‘la qolsin, deb har qancha yalinsam ham baribir dardimni hech kimga anglata olmadim.
Mademuazel qo‘lida ko‘ylak bilan oldimga kelganda, bamisoli birov meni tutmoqchi bo‘layotgandek, o‘zimni olib qochar, dir-dir titrar edim.
Tashqaridagilar to‘polon ko‘tarishar, kiramiz deb ichkariga suqilishardi.
— Biz oz kutinglar, iltimos qilaman, bir minutgina, keyin hammangizni chaqiraman, — deb yolvordim. Lekin ular gapimga ishonmasdilar.
— Aldaydi, yechib tashlagandan keyin chaqiradi, — deb eshik oldida baqirishardi.
Ana shundan keyin ikki tomon o‘rtasida hayajonli tortishuv ketdi.
Tashqarida bolalar ham, kattalar ham aralash qichqirishadi, eshikni itarishadi, men esam bor kuchim bilan eshikni ichkaridan tortib turdim.

Qayd etilgan


shoir  13 Oktyabr 2007, 16:32:28

Supada temir nag‘alli botinkalari bilan yer tepinib: "œhujum... hujum... jang..." deb qichqirishgan bolalarning ovoziga butun chorbog‘ yugurib keldi.
Mademuazel tevaragimda parvona bo‘lib:
— Voy, qo‘yinglar, xudo haqqi, qo‘yinglar, ko‘ylak yirtiladi, — deb chinqirar, lekin ovozini hech kim eshitmasdi.
Nimayam bo‘ldi-yu, bir zumda to‘polon tiyildi. Eshikka oyoq dupuri yaqinlashib kelaverdi. Komronning:
— Och, Farida, menman. Mening kirishimga taqiq yo‘q, tabiiy. Ammo, senga yordam qilgani keldim, — deganini eshitdim-u jahlim chiqib gangib qoldim.
Bu safar:
— Hamma kirsin, mayli, lekin sen emas. Xudo haqqi, sen ket. Bo‘lmasa, xudo ursin, yig‘lab yuboraman,— deb yolvora boshladim.
Lekin Komron yolvorishlarimga quloq solmadi, eshikni qattiq itarib, ikki qanotini lang ochib yubordi.
Men apil-tapil uyning bir burchiga qochdim-da, qo‘limga kirgan bir paltoga chirmanib oldim.
Mademuazel yorilar darajada edi.
— Jonimni qoqay, ko‘ylak xarob bo‘ldi, — deb sochlarini yula boshladi.
Komron paltoni bir uchidan ushladi-da, kulib turib:
— Yengilganingga tan beraver endi, Farida. Och, ko‘ylagingni ko‘rayin, — dedi.
Menda na ovoz bor edi va na harakat.

Qayd etilgan


shoir  13 Oktyabr 2007, 16:32:49

Bir oz kutgandan keyin yana o‘tina boshladi:
— Farida, hozir ko‘chadan keldim. Juda charchaganman. Meni ko‘p qiynama. Ko‘ylagingni shunchalar ko‘rgim keladiki, o‘jarlik qilaversang, zo‘rlik qilish majburiyatida qolaman. Menga qara, beshgacha sanayman: bir, ikki, uch, to‘rt, besh.
Komron iloji boricha kechiktirib aytgan ana shu "œbesh"dan so‘ng paltoni tortdi-da, yuzimni ko‘z yoshlari bilan yuvib o‘tirganimni ko‘rib, yomon ahvolga tushdi, keyin bolalarni itarib chiqarib, eshikni yopib qo‘ydi.
Mademuazel hayronlikdan lol bo‘lib qoldi. Komron ham qariyb shu ahvolda edi. Bir ozdan so‘ng uyatli, alamli bir tovush bilan:
— Kechir meni, Farida, — dedi. — Sen bilan shunchaki hazillashmoqchi edim. Haqqim bo‘lsa kerak, deb o‘ylovdim. Lekin hali ham yosh bola ekansan... Meni kechirasan-da, a?
Boshimni hamon palto ichida yashirib turib javob qildim:
— Xo‘p, lekin bu yerdan shu zamon chiqib ketasan. 
— Bir shart bilan. Seni bog‘ to‘ridagi qoya oldida kutaman. Esingdami, to‘rt yil avval ikkalamiz o‘sha yerda yarashgan edik. Bugun ham shunday qilamiz. Xo‘pmi?
Bir oz ikkilanib turganimdan keyin:
— Xo‘p, boraman, — dedim. — Lekin sen hoziroq chiqib ket.

Qayd etilgan


shoir  13 Oktyabr 2007, 16:33:12

Boyoqish mademuazelda ham bu g‘alati tabiat kelinchak bilan so‘zlashishga ortiq jasorat qolmagan edi. U og‘iz ochmay ko‘ylagimni yechirib olgandan so‘ng, yana kalta ko‘ylagimni kiydim-u, ustidan qora rang maktab fartugimni ilib, Mujgonning ham yuziga qaramay, o‘z hujramga chopib kirib ketdim. U yerda ko‘zlarimdagi qizillik yo‘qolguncha sovuq suv bilan yuzimni toza yuvdim. Boqqa tushganimda qosh qoraya boshlagan edi. Endi hamma gap — o‘zimni hech kimga ko‘rsatmasdan, uning yoniga borib olishda qolgan edi. 
O‘zimni aylanib yurgan kishiga solib, oshxona orqasida picha yurdim, oshpaz bilan bir-ikki og‘iz so‘zlashdim. Keyin sekin-sekin tashqari eshikka qarab yurdim. Maqsadim: izimni butunlay yo‘qotganimdan keyin devor tagidan o‘tib, uning yoniga tushish edi. Lekin...
Hamisha ochiq turadigan ko‘cha eshigining oldida qora chorshafli, uzun bo‘yli bir xotin kishini ko‘rib qoldim. Yuzi yopiq edi. Chorbog‘dan bir narsa so‘rash niyati bo‘lsa ham so‘rashga yuragi betlamay turgandek ko‘rindi.
Komron meni allamahaldan beri kutib turibdi. Chorshaf ichidan tanish yuz ko‘rinishidan va meni gapga tutib qolishidan qo‘rqib, yo‘limni o‘zgartirdim-da, daraxtlar orasiga o‘zimni urmoqchi bo‘ldim. Lekin u meni chaqirib qoldi.
— Oyimqiz afandim, bir oz sabr qilishingiz mumkinmi?
Nochor qaytdim, eshikka qarab yurib bordim.

Qayd etilgan


shoir  13 Oktyabr 2007, 16:33:26

— Marhamat, xonim afandi, biron xizmat bormidi?
— Marhum Sayfuddin podshoning chorbog‘i shumi?
— Shu, afandim.
— Shu chorbog‘da turasizmi, afandim?
— Ha.
— Unday bo‘lsa, sizga bir iltimosim bor.
— Buyuring, afandim.
— Men Farida xonim afandi bilan ko‘rishmoqchi edim.
Picha g‘alati bo‘lib ketdim. Kulib yubormaslik uchun darrov boshimni egdim. Men "œxonim afandi" deyilganimni birinchi marta eshitganim uchun bu so‘z menga shunday g‘alati tuyuldiki...
"œFarida xonim afandi" men ekanligimni aytib bo‘lmas, bunga yuragim betlamas edi. Lablarimni tishlab turib:
— Juda soz, xonim afandi, — dedim, — marhamat qilib ichkariga kirsangiz, chorbog‘dagilardan so‘rarsiz, sizga Farida xonimni chaqirib berishadi.
Qora chorshafli xotin eshikdan kirib, yonimga kelib olgan edi.
— Sizni uchratganim ko‘p yaxshi bo‘ldi, qo‘zim, — dedi. — Sizdan bitta yordam so‘rayman. Men Farida xonim afandi bilan xilvat qilib gaplashmoqchiman, shuni aytasiz. Iloji bo‘lsa, buni hech kim bilmasligi kerak
Ajablanib yuziga qaradim, ammo atrof qorong‘i bo‘lgani, chorshafini haligacha ochmagani uchun chehrasini farq etolmadim.

Qayd etilgan