Ahnaf ibn Qays aytadilar: «Men Qurayshdan bo‘lgan bir necha kishi bilan edim. Shunda Abu Zarr o‘tib qolib: «Oltin-kumushlarini bosib qo‘yuvchilarga oldilariga bosilsa, yonlaridan chiqadigan, gardanlariga bosilsa, peshonalaridan chiqadigan kuydiruvchi tamg‘a «xushxabar»ini bering, dedilar». Boshqa bir rivoyatda kelishicha, shunday dedilar: «U birlarining ko‘krak uchiga qo‘yilsa, yelka kuragidan chiqadi. Va yelka kuragiga qo‘yilsa, ko‘krak uchini titratib chiqadi». Abu Zarr aytadilar: «Payg‘ambarning (s.a.v.) oldilariga yetib borsam, ul zot Ka’ba soyasida o‘tirgan ekanlar. Meni ko‘rgach: «Ka’ba Parvardigoriga qasamki, ular zarar ko‘ruvchilardir», dedilar. Men: «Ular kimlar?» dedim. «Ular mollari ko‘p kishilardir. Illo, oldidan ham, orqasidan ham, o‘ngidan ham, so‘lidan ham shunday, shunday, deya (molini sochgan) kishilar bundan istisno. Ular esa juda ham kamdirlar. Agar tuya, sigir va qo‘y egasi ularning zakotini ado etmasa, ushbu mollar qiyomat kunida eng katta va eng semiz holda kelib, egasini shoxlari bilan suzib, tuyoqlari bilan tepkilab tashlaydi. Agar biri ishini oxiriga yetkazsa, to odamlar o‘rtasida hukm o‘qilmaguncha boshqasi qaytib kelaveradi», deb aytdilar» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari). Demakki, bu dahshatlar «Sahihayn»da kelgan ekan, zakotning sirlarini, oshkor va maxfiy shartlarini hamda zohiriy va botiniy ma’nolarini zakot beruvchi va oluvchining bilishiga yetarli miqdorda qisqacha ochib berish dinning muhim ishlaridan bo‘lib qoldi. Bu esa to‘rt faslda ayon bo‘ladi:
Birinchi fasl zakotning turlari va vojib bo‘lish sabablari haqida.
Ikkinchi fasl uning odob, botiniy va zohiriy shartlari haqida.
Uchinchi fasl oluvchi, uning haqlilik shartlari va olish odoblari to‘g‘risida.
To‘rtinchi fasl ixtiyoriy sadaqa va uning fazilati xususida.