Imom G’azzoliy mashaqqatli riyozatlarga to‘la umri davomida islom falsafasi, iymon-e’tiqodni yuksaklarga ko‘taruvchi ko‘pgina buyuk asarlar yaratdi. Uning «Ihya al-ulum ad-din» («Diniy ilmlarning tirilishi»), «Makrsidul falosifa» («Faylasuflarning maqsadlari»), «Tahofutul falosifa» («Faylasuflar yanglishuvi»), «Fazoyixul botiniya» («Botiniylikning rasvoligi»), «Ajoyibul-qulub», «Qistosul mustaqim» («Haqiqat mezonlari») asarlari arab, fors, turk, olmon, lotin, rus tillarida nashr etilgan. O’z asarlari bilan G’azzoliy falsafiy tafakkur taraqqiyotiga ta’sir ko‘rsatib, keyinchalik Ibn Rushd, Ibn Xaldun, Immanuel Kant, Rene Dekart, David Yum, Georg Gegel kabi mutafakkirlarning yetishib chiqishiga maydon ochib berdi. Xususan, G. Gegel G’azzoliy haqida «Mantiq va metafizikaga doir asarlar muallifi, sharqona buyuk aql egasi» degan edi.
G’azzoliyning «Faylasuflarning maqsadlari» asari 1145 yilda Ispaniyaning ilmiy markazlaridan biri - Toledo shahrida Dominik Gundisalvo tarjimasida lotin gilida nashr etilgan. «Ihya al-ulum» asarini arabchadan rus tiliga V. Naumkin tarjima qilib, sharhlar yozgan.
O’rta asrlarda olimlar Forobiy va Ibn Sino fikrlari bilan G’azzoliy fikrlari hamohang ekanligini bilganlar. Keyingi davr G’arb olimlari Forobiy va Ibn Sinoga Abu Homid G’azzoliyni qarshi qo‘ya boshladilar. Lekin bizning zamondoshlarimiz agar Forobiyning «Arou ahli madinatul fozila» («Fozillar shahri aholisining qarashlari» yoki qisqarog‘i «Fozil odamlar shahri»), Ibn Sinoning «Risolai fil-ishq», «Hayy ibn Yaqzon» («Uyg‘oq o‘g‘li Tirik») va boshqa falsafiy asarlarini taqqoslab ko‘rsalar, bu allomalarning qarashlari bir-birlariga zid emas, balki ohangdosh ekanligini tushunib yetadilar. Jumladan, Forobiy va Ibn Sino ham, G’azzoliy ham ruh kamoloti bosqichlari xaqida fikr yuritib, o‘simliklar ruhi, hayvonot ruhi, insoniy ruh deb, farishtalar ruhi va ilohiy ruh deb tasnif qiladilar. Bu uchchala donishmand hayvoniy ruhdan insoniy ruhga ilm-ma’rifat, mashaqqat chekish bilan, dilni hayvoniy istak, mayllardan tozalash, poklash bilan yetish mumkinligini aytadilar. Ya’ni, barcha insonlarga ma’naviy kamolot yo‘llarini ko‘rsatadilar.
Keyingi vaqtlarda Imom G’azzoliy ijodini Bo‘riboy Ahmedov, Aloviddin Mansur, Mas’udali, Q. Munirov, Mansurali, Mubashshir Ahmad, Miraziz A’zam, Abduqodir Zohid, Abdulla Sher. Poyon Ravshan, Sayfiddin Raf’iddin. Yo‘ldosh Eshbek, Rashid Zohid kabi olimlar tarjima va tadqiq etib, xayrli ishlar qildilar.
Mazkur kitobning nashri uchun xizmatlarini darig‘ tutmagan ustoz Abdulaziz Mansurga, Najmiddin Komilovga, Mahmud Saporga, Erkin Abdurahmonovga, Normurod Narziyga, Urfon Otajonga, Rafiqjon Sotiboldievga, Shuhoat Ismoilovga, Maxammadjon Rahimovga minnatdorchiligimizni izhor etamiz. Asarning turli nusxalarini topib bergan rahmatli ustoz Abdusodiq Irisovning ruhiga duogo‘ymiz.
Mahkam Mahmud Andijoniy