Yaqin Sharqdagi xorijiylik harakati hijriy 3-asrga kelib, inqirozga yuz tutdi. Ammo vahhobiylar mana shu tamoyilni qayta tiriltirdi. Uning asoschisi Muhammad ibn al-Vahhob, musulmon dunyosi majusiylikka yuz tutdi, deb hisoblab, tez orada yangi davlat barpo etdi. Dinning o‘ta sofligi tarafdori bo‘lgan vahhobiylar nazarida, xudojo‘ylikning mavjud an'anaviy shakllari musulmonlarning siyosiy inqiroziga sabab bo‘layotgan edi. Ular Alloh avliyolarga e'tiqod qilgan va Ul zotning o‘ziga bevosita emas, Rasululloh orqali iltijo etib, namoz o‘qigan (tavassul)larga toqat qilgan musulmon qavmdan o‘z marhamatini darig‘ tutadi, deb hisoblar edi. Vahhobiylar ibn Taymiyaning asarlaridan o‘z e'tiqodi uchun intellektual qarashlar sistemasini topgach, islomga u paydo bo‘lgan paytdagi sofligini qaytarish umidida mujodala boshladilar. Ularning nazdida, go‘yo chin e'tiqod kemasidan uloqtirilgan Qur'on va hadislar o‘rta asrlarda yashab o‘tgan faqihlar va ilohiyotshunoslar changalidan hamda asrlar loyqasidan ozod bo‘lishi kerak edi.
Tarixchilar o‘sha sabrsiz faollarga, ular ham xuddi Yevropadagi Reformatsiya davrining mutaassiblari yuritgan siyosatga o‘xshash yo‘l tutayotganini va bu mutlaqo kutilmagan oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatib berishlari kerak edi. Masalalar ko‘pincha bir-biriga juda o‘xshash edi. O'rta asrlarning sxolastik binosi buzib tashlandi, uning o‘rnini individual ongda muqaddas bitikka nisbatan shakllangan ishonch egallashi kerak edi. O'tmishning buyuk allomalari nihoyat go‘rga tiqildi, ko‘pincha ular shafqatsizlarcha la'natlanadigan bo‘ldi. Avliyolik g‘oyasi ilk dindorlar (ularning barchasi avliyo bo‘lgani uchun avliyolikka muhtoj emas edi)ning so‘zligida mavjud bo‘lmagani uchun unga shubha bilan qaraladigan bo‘ldi. Masjidlardan bezak va hashamlar yo‘q qilindi, ilgarigi paytlarda san'at namunasi bo‘lgan murakkab muqaddas ramzlar odamlarning e'tiborini chalg‘itadi, deb hisoblanadigan bo‘ldi. Diniy marosimlar vahiyda ijozat berilgan darajaga qadar kamaytirildi. Shahar va qishloqlar muqaddas an'analardan tozalandi va standartlashtirish siyosatiga bo‘ysundirildi.