Hazrati Fotimaga yarashadigan javob edi bu. Sizning bilishingizga ehtiyoj bo‘lganida, siz ham eshitadigan darajada gapirgan bo‘lardilar, otam bildirmagan narsani men bildira olmayman, demoqchi bo‘ldi.
Oyisha onamiz (r.anho) buni Janobimizning (s.a.v.) vafotlaridan keyin yana so‘raydi va bilib oladi.
O’sha kuni Payg‘ambar janobimiz oxirgi marta bir yengillik his qildilar. Shu xol ustiga hazrati Abu Bakr (r.a.) kirib keldi va Olloh rasulini bu vaziyatda ko‘rib, suyunib ketdi.
- Ey Ollohning payg‘ambari, Ollohga shukr, bugun yaxshisiz. Ruxsat bersangiz, Avoli tomonlarga Xorijaning qizini ko‘rib kelishga borsam. Bugun uning kuni, - dedi. Ruxsat olib, chiqib ketdi.
Janobimiz (s.a.v.) Oyisha onamizni chorladilar:
- Uyda picha pul bor edi, uni nima qilding? - deb so‘radilar.
Oyisha onamiz o‘rnidan turib, olti yoki yetti dirham kumush tanga keltirdi. Kasalingizga qayg‘urib unutibman, degan ma’noda uzr tiladi. Payg‘ambarimiz ularni darhol tarqatib yuborishga buyurdilar. Oz bir fursatda buyruqlari bajarilganini aytishganida Janobimizning muborak yuzlarini huzur alomati qopladi.
- Mana endi tinchlandim, - deya marhamat qildilar.
Bu orada Oyisha onamiz Payg‘ambarimizning orqalariga o‘tib o‘tirdi. Boshlarini ko‘ksiga bosdi va kasalliklari boshlanganidan beri necha marotaba qilgani kabi «Qul a’zu...» suralarini o‘qib, sevikli payg‘ambarimizning muborak qo‘llariga ufurdi va bu qo‘llarni muborak vujudlariga surdi. Yana, Payg‘ambar janobimizdan oldinroq eshitgan ushbu duoni o‘qidi:
- Ey insonlarning Egasi, kasallikni ketkaz, shifo ber. Shifo beruvchi faqat o‘zingsan. Sen beradigan shifodan tashqarida shifo yo‘q. Hech qanday xastalik qoldirmaydigan shifo berishingni istayman.
Oyisha onamiz kasallik boshlanganidan beri bu duoni ham necha martalab o‘qidi. U har duo qilganida Janobimiz muborak qo‘llarini suvga botirar, yuzlariga surar va:
- Ollohim, o‘lim beradigan iztiroblarga qarshi menga yordamchi bo‘l, - der edilar.
Ora-orada: «Namozni qoldirmanglar... Qo‘l ostlaringizdagi qullarning huquqlariga rioya qilinglar... xotinlarga yaxshi muomalada bo‘linglar...» deb nasihat qilardilar.
Shu payt Abu Bakrning o‘g‘li Abdurahmon xonaga kirdi. Koinot sayyidining (sallallohu alayhi va sallam) muborak ko‘zlari uning qo‘lidagi misvokka qadaldi.
Oyisha onamiz buni sezib:
- Misvok ishlatmoqchimisiz, ey Ollohning Payg‘ambari? - deb so‘radi. Ha, degan ishorani sezgach, misvokni olib, Janobimizga tutqazdi. Lekin misvok quruq edi.
- Ho‘llab beraymi? - deb so‘radi.
-Ha.
Mo‘minlar onasi misvokni olib, og‘zida ho‘llab, yana qaytarib berdi. Payg‘ambarlar sultoni (s.a.v.) uni og‘zilariga solib, rosa ishqaladilar. So‘ng kuchlari qolmadi shekilli, misvok qo‘llaridan tushdi.
Bir oz hushsiz yotdilar. O’zlariga kelganday bo‘lganlarida, «Sen ne’matlantirgan zotlar bilan birga bo‘lishni tilayman: payg‘ambarlar, siddiq (rost so‘zlovchi)lar, shahidlar, solihlar bilan birga...» deyayotganlari eshitildi. Oyisha onamiz shunda Rasulullohning o‘lim ustida turganlarini angladi. «Demak, endi bizni emas, oxirat yurtini tanlayaptilar», dedi. «Bir payg‘ambar dunyo va oxirat orasida ixtiyorli qoldirilib, u to oxiratni tanlamagunicha o‘lmaydi», hadisini esladi.
Janobimizning muborak nigohlari teranlashdi:
- Ollohumma ar Rafiqal a’lo, - dedilar*.