Anas (r.a.) Payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi vasallam) quyidagilarni rivoyat qilganlar: "Alloh yerni yaratganda ustidagi narsalarning og‘irligidan yer titradi. Shunda Alloh tog‘larni yaratib, uning ustiga qo‘ydi va yerning titrog‘ini to‘xtatdi. Maloikalar ajablanib: "Parvardigoro! Xalqing ichida tog‘lardan ham qattig‘i bormi?" deyishdi. Alloh: "Ha, temir", dedi. Ular: "Temirdan ham qattiqrog‘i bormi?" deyishdi. Alloh taolo: "Ha, olov", dedi. "Olovdan ham qattiqrog‘i bormi?" deyishdi. "Ha, suv", dedi. "Suvdan ham qattiqrog‘i bormi?" deb so‘rashdi keyin. Alloh: "Ha, shamol", dedi. "Shamoldan ham qattig‘rog‘i bormi?" deyishdi. Shunda Alloh: "Mazkurlarning hammasidan ashaddiysi o‘ng qo‘li qilgan sadaqani chap qo‘li bilmagan odam bolasidir", dedi.
Binobarin, sadaqani maxfiy qilish lozim. Ba’zi bir salaflar sadaqalarini berishda o‘zlarini bildirmaslik uchun ko‘r faqirlarni izlar edilar. Ba’zi birlari esa, uxlab yotgan faqirlarning kiyimiga sadaqani qo‘yib ketardilar. Ikkinchi, minnat va ozor yetkazishdan saqlanish lozim. Chunki Alloh taolo Qur’onda minnat qilishdan qaytargan. Uchinchi, halol moldan sadaqa berish lozim, chunki Qur’onda Alloh taolo: "Suygan, yaxshi ko‘rgan narsalaringizdan infoq qilib bermaguningizcha, hargiz yaxshilikka yetmagaysiz", deb murojaat qilgan. Sufyoni Savriy aytganlarki: "Kim Alloh yo‘lida harom moldan ehson qilsa, go‘yo nopok kiyimini siydik bilan yuvib poklanmoqchi bo‘lganga o‘xshaydi. Holbuki, faqat pok suv bilangina poklanur. Shuningdek, gunohdan faqatgina halol molni ehson qilish bilan poklaniladi. To‘rtinchi, qovoq solmay, ochiq chehra bilan berish lozim. Shuning uchun Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) aytganlarki: "Xursandlik bilan halol bir dirhamni sadaqa qilish norozi bo‘lib berilgan yuz ming dirhamdan afzaldir". Beshinchi, joyini topib, agar imkoni bo‘lsa, muttaqiy olimga yoki tolibi ilmga yo solih kishilarga berish lozim. Chunki Qur’onda Alloh taolo sadaqalarning o‘rnini bayon qilgan. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Berilgan vaqtda sadaqa o‘z sohibiga beshta gap gapiradi: "Men kichkina edim, kattaga aylantirding. Mening qarovulim eding, endi men sening qorovuling bo‘ldim. Dushmaning edim, do‘sting bo‘ldim. Sen meni foniylikdan boqiylikka aylantirding. Men oz edim, ko‘paytirding", deydi.