Haydovchining himmatiTuman markaziga borish uchun bekatda bo'sh turgan "Damas"ga o'tirdim. Hadeganda to'lavermadi, lekin kirachi ham poylab o'tirmadi, yurvordi.
Yo'lda bir to'da bola chuvillashib mashinani to'xtatishdi. Kirachi ularni manzillariga eltib qo'ydi. Bolalar xursand bo'lishib, haydovchiga rahmat aytishdi.
Vujudimni ajib bir tuyg'u qamrab oldi. Ko'p kirachilar bolalarga to'xtalishmaydi. Boisi - "ular pul berishmaydi". Bunday holatlarni ko'p ko'rganim uchunmi, bu yigitning himmatidan hayratlandim.
- Bolalarning duosiga qoldingiz-da! - dedim haydovchiga.
Yigit kulimsirab qo'ydi. Ozgina yurar-yurmas, bir voqeani so'zlab berdi:
- Bir amakini bilardim. Nafaqaga chiqdi. Bir idoraga ishi tushib, lavozimi kattaroq yigit huzuriga kiribdi. Yigit amakini izzat-hurmat bilan kutib olibdi. Amaki bundan g'oyat ajablanib, boisini so'rabdi.
Amaki uni kichik o'quvchi yoshida doim avtobusida olib ketar, chipta haqi ham so'ramas ekan. O'sha bola uchun u hayotidagi "eng yaxshi amaki" bo'lgan ekan... Amaki bu so'zlardan quvonibdi. Ishi oson bitganidan mamnun bo'lib, yigitni duo qilibdi.
Darhaqiqat, bolalar yaxshilikni unutishmaydi. Ularning duosida hikmat ko'p.
Adashali Bekmirzayev
"Hidoyat" jurnali 2009yil 7-son