Ayniqsa, tog‘ cho‘qqisida bo‘lgan elchi hammadan ko‘p o‘z so‘zini ma'qullaydi. Aytishicha, unga borgan joyida bir sirli ko‘zgu berishgan va bu ko‘zgu orqali nafaqat Moviy Osmon qarshisidagi o‘z yuzini, balki o‘n sakkiz ming olamning bor aqlu zakovatini ko‘rgan. Biroq, uning samimiyat ila so‘zlashicha, mast holda qo‘llarida ko‘zguni tutib turolmagan. Yo balki bu insonga xos hayajon tufayli sodir bo‘lgan. Harqalay, u ko‘zguni qo‘lidan yerga tushirib yuborgan va u chilparchin bo‘lib, butun vodiyga sochilib ketgan. Shunga o‘xshash hikoyani aytib bergan elchilardan biri daryo yoqasida bo‘lgan. U ham birinchi elchi gaplarini aytgan, lekin bitta farqi shuki, daryo ularni uzoqqa supurib tashlagan. Harholda ularning barchalari orasida ko‘r-ko‘rona dushmanlik paydo bo‘lgan... Kunlarning birida qariya ularni yana bir joyga to‘playdi va tag‘in mast qilib, hammalarini avvalgi boqqa eltadi. Bu safar ular uyg‘onib, qarshilarida o‘zlarining egizlari turganini ko‘rishadi. U egizlar, ulardan qarshi o‘laroq, singan oynaparchalar bir joyga yig‘ilgan ko‘yi o‘tirishgan va tarqoq elchilarni o‘zlariga qo‘shilishga taklif qilishardi. «Biz sizlarning pok ruhlaringiz bo‘lamiz, - tushuntirishibdi ular, - siz esa pastkash dunyodagi jismimizsiz.» O'z akslariga boqib, elchilar yig‘lashga tushibdi: «Hayotimizdagi kirliklar nimadan iborat edi, dunyoda nima gunoh qilibmiz?» Shu tariqa ular o‘zlarining komil ruhlari bilan birga o‘z nuqson va gunohlariga iqror bo‘lib, kun va tunlarni o‘tkazadilar, lekin bir pokiza hur endi ular o‘z dunyolariga qaytishlari va unda barcha muqaddas bilimlarni tarqatishlari lozimligini e'lon qilganida, hamma elchilar o‘sha turgan joylarida qolishni, dunyoga esa o‘z ruhlarini yuborishni o‘tinib so‘raydilar.