Bu mustamlakachilik boshqaruvining boshqa bir o‘shandan kam bo‘lmagan soliqqa oid merosi, ya'ni mintaqaning xalqaro chegaralari tufayli yanada yomonlashib ketdi. Tarixda hech qachon Iordaniya, Iroq, Livan, Janubiy Yaman yoki Liviya degan davlat bo‘lmagan. 20-asrning boshlariga qadar bu mintaqa Istanbuldagi Usmonlilar sultonining yagona hukmronligi ostida birlashtirilgan, Makka, Bag‘dod va Tirana singari uzoq yerlar uzra ham yagona bayroq hilpirab turar edi. Bu qadar bepoyon, qashshoq, ammo nihoyatda tinchliksevar va barqaror zaminda son mingta kam sonli elatlar o‘z bilganicha kun kechirar edi. Druz, shia, yazdiylar, xristianlar, yahudiylar va boshqa diniy guruhlar; arablar, turklar, albanlar va boshqa etnik guruhlar. Usmonlilar imperiyasi milliy davlat emas edi, ammo shu bilan birgalikda, yevropaliklar tushunchasidagi boshqa davlatlar ustidan hukm yurgizadigan metropoliya[501] mamlakati ham emas edi. U ma'lum ma'noda Amerika Qo‘shma shtatlarini eslatardi. Xuddi AQSh singari Usmonlilar davlat tizimi fuqarolikni etnik guruhlarga asoslanmasdan belgilar edi. Frantsiya frantsuzlarning, Germaniya nemislarning vatani bo‘lsa, Amerika etnik kelib chiqishi kim bo‘lishidan qat'i nazar, amerikaliklarning vatanidir; Usmonlilar imperiyasi ham Istanbuldagi sultonning hokimiyatini tan olgan turli etnik guruhlarning vatani bo‘lgan.
Biz dunyoviylashgan milliy zodagonlar yevropacha emas, amerikacha andozani ulgi bilib, zamonaviy Yaqin Sharq taqdirini yaratganida yaqinda butun mintaqani domiga tortgan fojianing oldini bemalol olish mumkin edi, deb hech ikkilanmasdan aytishimiz mumkin.