36- bob. Faqat valiy ishtirokidagina nikoh qilinadi!
Olloh taolo: «Ularga to‘sqinlik qilmangizlar!» — deganda juvonni, shuningdek bokirani ham nazarda tutadi. Olloh taolo yana: «Mushriklarga ular mo‘min bo‘lmagunlari-cha, (musulmon ayollarni) nikoh qilmangizlar!» va «Tul xotinlarni nikohlaringizga olingizlar!» — deydi.
Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Johiliyat davrida to‘rt xil nikoh mavjud erdi. Ulardan biri bugungi kunda ham bor bo‘lib, kishi o‘z qo‘l ostidagi ayollardan birini yoki o‘z qizini bir kishiga erga beradi, u ersa mahrini berib, uni nikohiga oladi. Ikkinchisi — bir kishi o‘z xotiniga, agar u hayzdan poklangan bo‘lsa: «Birovga bildirmay falonchining oldiga borgin-da, u birlan kelishib dom olishgin!» — deydi, so‘ng u xotinini alohida qilib qo‘yib, to o‘sha kishidan homiladorligi ma’lum bo‘lguncha, unga sira ham qo‘l tekkizmaydi. Xotinining homiladorligi ma’lum bo‘lgach, agar istasa, u birlan yashayveradi. U farzandlik bo‘lish niyatidagina shunday qiladi. Bu nikohni «Uzaro kelishilgan nikoh» deb atashgan. Uchinchisi — o‘ntacha kishi birgalashib bir ayolning huzuriga kirishadi-da, hammalari uni jimo’ qilishadi, agar u homilador bo‘lib, tug‘sa, tuqqanidan keyin bir necha kecha o‘tgach, boyagi kishilarni chorlab odam yuboradi, ulardan birortasi ham o‘zini olib qocholmaydi. Barchalari ayolning huzurida to‘planishadi. Ayol ularga: «Qilgan ishlaringizning oqibatini bildingizlar, mana men tug‘dim, ey falonchi, bu sening farzanding!» — deb ulardan o‘zi xohlagan kishining ismini aytadi-da, bolasini o‘sha kishiga topshiradi, u kishi ersa rad etolmaydi. To‘rtinchisi — ko‘p kishilar yig‘ilishib, barchalari bir ayolning huzuriga kirishadi, ayol ulardan birortasiga ham «yo‘q» demaydi. Bunday xotinlar fohishalar bo‘lib, eshiklari tepasiga belgi sifatida bayroq osib qo‘yganlar, istagan kishi ularning huzurlariga kiravergan. Agar bunday ayollardan biri homilador bo‘lib qolib, tug‘sa, boyagi kishilar uning huzurida to‘planishganda, folbin xotinni chaqirishgan. Keyin, kimga fol chiqqan bo‘lsa, bolani o‘shanga berib yuborishgan, o‘ziga fol chiqqan kishining bolani rad qilishga sira iloji bo‘lmagan. Olloh taolo Muhammad sallallohu alayhi va sallamni payg‘ambar qilib yuborgach, bugungi kundagi nikohdan bo‘lak barcha johiliyat davridagi nikohlar yo‘q qilindi».