85 Payg‘ambarimiz (s.a.v.) iltifot qildilar: «Kim menga jag‘lari, oyoqlari orasidagi a’zolarini muhofaza qilishga kafolat bersa, men uni jannatga kirishiga kafolat beraman!» (Buxoriy, «Riqoq», 23, «Hudud», 19; Ahmad, 5/279, 281).
«Inson bolasi tong ottirganida barcha a’zolari tilga zorlanib, yolvorib deydilar: "Bizning haqqimizda Allohdan qo‘rq! Biz barchamiz senga bog‘liqmiz. Sen to‘g‘ri bo‘lsang, biz ham to‘g‘ri bo‘lamiz. Sen egri bo‘lsang, biz ham egri bo‘lamiz!» (Termiziy, «Zuhd», 61).
86 Narsani qo‘lga kiritishdan ko‘ra qo‘lga kirgan narsani muhofaza qilish mushkul. To‘g‘ri so‘zli bo‘lish, doimo to‘g‘ri so‘zlash - to‘g‘ri ish qilishning boshi va asosidir. So‘zi to‘g‘rining ishi to‘g‘ri bo‘ladi. Hamisha to‘g‘ri so‘zlash hayotda to‘g‘ri odam bo‘lish, to‘g‘ri ishlash omilidir.
87 Alloh taolo marhamat qiladi: «Biz omonatni osmonlarga, yerga va tog‘larga taklif qildik, ular esa olishdan chekindilar, qo‘rqdilar. Inson esa (bu omonatni) oldi. Haqiqatan u juda zolim va juda johildir» (Ahzob surasi, 72-oyat mazmuni).
«Alloh sizlarga omonatni egalariga berishingizni amr qildi» (Niso surasi, 58-oyat mazmuni).
«Ular (najot topuvchi mo‘minlar) omonatlariga va bergan so‘zlariga rioya qiladilar» ( Mo‘minlar surasi, 8-oyat mazmuni).
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) iltifot qildilar: «Munofiqning alomati uchtadir: so‘zlasa yolg‘on so‘zlaydi, va’dasini bajarmaydi, omonatga xiyonat qiladi» (Buxoriy, «Shahodat». 28; Muslim, «Iymon», 107, 109; Termiziy, «Iymon», 14).
Begonalar orasida gapirilishi istalmagan so‘zni eshitgan kishiga, u so‘z omonatdir.
Ibni Abbos (r. a.) shunday deydilar: «Omonat Alloh jalla jalaluhuga va Rasuliga (s.a.v.) itoat. Va Haq taoloning farz qilgan narsalaridir» (Hasan Basriy Chantay, «Kur’oni Hakiym va Maoli Karim», 2/757).
«Namoz va tahorat omonatdir, o‘lchov va tarozi omonatdir... Bularning eng og‘iri vadiyadir (saqlashga berilgan narsa)» (Ibni Kasiyr, 1/515).
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) «Qiyomat qachon?» deb so‘ragan badaviyga javob berdilar: «Omonatdorlik yo‘qolganda qiyomatni kut!» Badaviy: «U qanday yo‘qoladi?», deb so‘radi. Shunda Rasululloh (s.a.v.) iltifot qildilar: «Ish layoqatsizlarga berilsa, qiyomatni kut!» (Buxoriy, «Ilm», 2).