— Uni shuncha yildan beri birontamiz yo‘qlamadik. Sog‘inib-sarg‘ayganiga chidamay, ozorlarini, alam va qayg‘ularini unutib qaytib keldi. Kelgan kunlari juda yaxshi edi. Sen bo‘lsang, qalbida anchagina bitib qolgan yarasini yana ochib yubording... — Mujgonning ko‘zlariga yosh keldi. — Ertaga jo‘naydi, lekin bechoraning qanchalik azob, qanchalik iztirob ichida jo‘nashini men yaxshi bilaman... Shunday, Komron, Farida ertaga ketadi! Hammayog‘ini tayyorlab qo‘ydi. Men ham bundan bexabar edim. Farida bu safar menga na qalbini ochdi va na hayotiga doir biron narsa aytdi. Tuyqusdan jo‘nayotganligini aytdi. Imonim komil, bu gapi yolg‘on. Aslida, Farida sendan qochib ketyapti, axir qachongacha azob tortadi? Men bu gaplarni senga shunchaki aytayotganim yo‘q, Komron. Men bu ayriliqning Farida uchun juda ham og‘ir bo‘lishidan qo‘rqaman. Farida bardam, odamning aqli ishonmaydigan darajada bardam, lekin har holda xotin kishi. Sen uni juvonmarg qilgan kishisan, shuning uchun undan qarzdorsan! Endi har nima bo‘lsa ham shu ayriliq soatlarida o‘zingni bardam, og‘ir tut, Faridaga ham iloji boricha kuch ber, quvvat ber.
Komron bu so‘zlarni eshitib, yashil ko‘zlarigacha oqarib ketdi.
— Faqat Faridaning xazon bo‘lgan hayotini gapirasan, xo‘sh, meniki-chi? — dedi.
— Seniki o‘zingning xohishing bilan bo‘ldi.
— Bunchalik bag‘ritosh bo‘lma, Mujgon!
— Tushungin axir, iloji bo‘lganda edi, men bunday tisarilib turmas edim. Nima qilaylik, qo‘limizdan hech narsa kelmaydi. Axir Farida boshqa odamning xotini, bechoraning boshi bog‘liq. Ko‘rib turibman, sen ham juda baxtsizsan. Ilgarigiday sendan xafa emasman. Lekin, nima qilaylik, nochormiz...