«Ul zot ochlik tufayli beliga tosh bog‘lab yurar edi. Ul zot keltirilgan ovqatni yer, yeyish mumkin bo‘lgan biror taomni qaytarmas edi. Mabodo, xurmoni nonsiz keltirishsa, qaytarmas, qovurilgan go‘sht bo‘lsa ham yer edi; agar dag‘al arpa non bo‘lsa ham, asal yoki boshqa biror shirin narsa bo‘lsa ham yer edi; mabodo, nonsiz faqat qatiq bo‘lsa ham qanoat qilguvchi edi».
«Ul zot kambag‘alligi yoki ziqnaligi uchun emas, balki boshqalarni o‘zidan ustun qo‘ygani uchun Alloh bilan uchrashishdan oldin qatorasiga uch kun, hatto, arpa non ham yemadi».
«Ul zot to‘ylarga borar, bemorlarni borib ko‘rar, janozalarda ishtirok etar, hatto dushmanlarining orasida ham qo‘riqchilarsiz yurar edi. Ul zot eng tavozeli, eng ko‘ngli ochiq va kibrni bilmaydigan zot edi. Ul zot uzundan-uzoq so‘zlashni yoqtirmaydigan so‘zga usta edi. Ul zot eng ohanraboli zot edi. Ul zot dunyoda hech narsadan qo‘rqmas edi. Ul zot Yaman jubbasi yoki jun chakmon, ya'ni kiyish mumkin va qo‘lida bo‘lgan kiyimlarni kiyib yurar edi. Ul zot nima to‘g‘ri kelsa, ba'zan tuya, ba'zan ot, ba'zan xachir va ba'zan eshakni ham minib ketaverar edi. Ul zot ba'zi vaqtlar yalangoyoq va sallasiz yalangbosh yayov yurar edi. U Madinaning boshqa bir chekkasidagi bemorlarni ham ziyorat qilar edi. Ul zot mushk anbarni yaxshi ko‘rar, qo‘lansa hidlarni yoqtirmas edi».