29
Tan olishim kerak, Fiona yaqin kunlardagi hayotimning asosiy va eng iliq xotirasi bo‘lib qoldi men uchun. Bir-birimiz bilan qanchalik oson topishgan bo‘lsak, bir-birimizni shunchalik tez yo‘qotib ham qo‘ydik. Aniqrog‘i, men uni yo‘qotdim.
Hammasi aniq, men bu yerda har bir narsani aniqlashga, tartibga tushirishga va barcha narsadan mantiq qidirishga urinmoqdaman, ayniqsa, o‘ylash uchun fursat bo‘lganda, yana shuni angladimki, hayot u qadar o‘tkinchi narsa ham emas ekan. U loyga o‘xshab, istagan shaklga kira oladi. Kunlarning birida ertalab uyg‘onib qarasam, yonimda Fiona yo‘q. Miyamga kelgan birinchi fikr shu bo‘ldi: u Xitoyda Lukni tashlab ketganiday, meni ham hech bir ogohlantirishsiz qoldirib ketavergan. Dominik - biz turgan mehmonxona xo‘jayini qo‘li bilan ishora qilib «Xonim juda erta chiqib ketdi» dedi. Vahima qilganim yo‘q. Antibga bordim, shumshayib qolganday Pikasso muzeyida ancha vaqtimni o‘tkazdim, kimsasiz qirg‘oqqa bordim, lekin ko‘nglim qaytarib bo‘lmas nimadir sodir bo‘lganligini sezardi. Odatga ko‘ra, tushlikka ikkimizga ham yoqib qolgan mo‘‘jazgina «La kote a l-os» restoraniga keldim, bizni tanib qolgan ofitsiant «chiroyli xonim tez orada keladimi» deya so‘ragandi, unga javoban qizil vinodan ko‘proq keltirishni iltimos qildim...
U o‘zi rejalashtirib yurgani - Monakoga ketib qolgan, deya ishonishga urindim, aqalli u Noam bilan birga bo‘lishi kerak, biroq vaqt o‘taverardi, undan esa darak bo‘lmadi. Kot d-Azurda yangidan-yangi bahonalar axtarib yana ikki kun qoldim: u Lukning sevgilisi bo‘lgan, u mendan uzunroq edi va ikkimiz turganimizda juda kulgili tuyulardi, unda Noamga nisbatan «simpatiya» uyg‘ondi, bundan buyon gunohim kamroq bo‘lar, va hokazolarni o‘ylab tashladim. Birdan, bor pulimni ishlatib bo‘lganim esimga tushdi va hech bir umidsiz, yo‘lovchi mashinalarda sayohat qilib, Bambergga qaytdim. Fiona aytganiday, uchar unlilarning shaffofligisiz, loyga qorishgan undoshlar kabi borardim...