Biroq bu hol faqat ibodat vaqti bilangina chegaralanib qolmaydi. Bir qarashga asosan ibodat qilish va boshqasiga asosan, yashash ruhiyatda ziddiyatni vujudga keltiradi. Bugungi kunda ba'zi bir dinlar o‘z tarafdorlariga ko‘ngil tusaganday yashashiga yo‘l beradi, biroq 20-asrga xos turmush tarzi ibodatgohdan tashqaridadir. Islom bunday hayotning bema'ni ekanini biladi. Salot vaqtida ilohiy mavjudotga qarata e'tiborni jamlash bizning boshqa narsalarga bo‘lgan qarashimizni o‘zgartirib yuboradi. Ka'badan boshqa tomonga yuzlanganimizda so‘z ichimizda aks-sado berib turadi, biz o‘ngga va chapga qarab «Assalomu alaykum», deymiz. Tugal va muqaddas markaz bilan qayta bog‘lanish hayotimizning qolgan qismiga bo‘lgan munosabatimizni o‘zgartirib yuboradi. Kitobda: «salot buzuqi va qo‘pol tiynatga izn bermaydi», deyiladi. Agar u huzur - aql va ruh ishtirokida ado etilsa, tiynatimiz asta-sekin poklanib boradi. Bemaza xatti-harakatlar, qo‘pol so‘zlash, o‘zgalarga hamdard bo‘lolmaslik bizning namozni noto‘g‘ri o‘qiyotganimiz, butun e'tiborimizni Allohga qaratmayotganimiz bilan bog‘liqdir.
Buning ma'nosi shuki, islom bizning e'tiqodimiz bilan turmush tarzimizdagi narsalarni bir-biridan ajratmaydi, ya'ni ibodatni yo‘lga qo‘yish barcha musulmon jamoalari islohotining ibtidosi va u bizni faqat masjidda jamoa bo‘lib namoz o‘qigan paytda emas, balki doimiy birlashtiradigan nuqta tomon yo‘naltirishi kerak bo‘ladi. To‘g‘ri, ibodat amallarini e'tibor qilmasdan ham bajarish mumkin, biroq ular sariq chaqaga ham arzimaydi. Hadisda: «Namoz o‘qiyotgan kishi butun diqqat-e'tiborini his qilayotgan narsasiga jamlashi kerak», deyiladi. Hasan Basriy esa: «Qalb ishtirok etmaydigan har qanday ibodat maqtovu mukofotga emas, jazoga loyiqdir», degan edi.