Bir kishi orqali bizga yo‘llangan salomni ham "Vaalaykum assalom" deb qarshi olish lozim. Kim bo‘lmasin bizlar orqali birovlarga salom yo‘llasa, u salomni egalariga topshirishimiz zarur, chunki bu salom ham bir omonat sanaladi.
Bir kishining salomini olganda yoki salom berganda, bukilish, ta’zim qilish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Dinimiz Allohgagina ta’zim qilishga buyuradi, odamning odamga ta’zim qilishini xohlamaydi. Payg‘ambarimiz ham: "Bir-biringiz bilan salomlashganda, bukilmang", -deganlar.
Kundalik hayotimizda salom o‘rnida ishlatiladigan so‘zlar ham bor. Masalan, esonmisiz, ahvolingiz qalay, xayrli tong, xayrli kech, safaringiz xayrli bo‘lsin, ko‘rishguncha kabilar. Bularni aytishning ham o‘ziga xos savobi bo‘lsa kerak. Bular millatimizga oid chiroyli so‘zlardir. Ularni ham unutmasdan har doim aytib turilsa ziyon qilmaydi, lekin salom baynalmilaldir barcha musulmonlarning mushtarak ishoratidir. Shuning uchun biron mamlakatga, biron yig‘ilishga berganda, eng avvalo salom beriladi, so‘ng so‘rashiladi. Salom barcha so‘zlardan avval keladi. Payg‘ambarimiz bir hadislarida "Salom kalomdan, so‘zdan avvaldir", -degan edilar.