"Oltin to‘p"ning oltmish bo‘lagi
1997 yildan tabiatan cho‘rtkesar va samimiy Rivaldo "Nou Kamp" arenasida mezbon sifatida to‘p surishga kirishganida, gollandiyalik murabbiy - diktator bilan ko‘plab mojarolar keltirib chiqarishini xayoliga keltirmagan bo‘lsa kerak. Chunki Lui van Galga shogirdlaridan hech biri yurak betlab e'tiroz bildira olmasdi. Shundan bo‘lsa kerak, ma'lum muddat o‘tib, kutilmaganda murabbiydan o‘ziga birinchi raqamli futbolchi sifatida munosabatda bo‘lishini talab qilishi katta portlash edi. Sababi "Barsa"ning chempion bo‘lishida 24 gol muallifi Rivaldoning hissasi katta edi. "Tun qiroli" Romario turli mojarolarga aralashib qolgan, "reklama bolasi" Ronaldo esa pul va kinos'yomkalar haqida ko‘proq o‘ylay boshlagan, Jovanni restoranlardagi asosiy janjalkashlardan biriga aylangan bir paytda o‘ziga nisbatan muomalani o‘zgartirishni so‘rashga Rivaldoning to‘la haqqi bor edi. Chunki u yuqoridagi qusurlardan xoli, mashÂg‘ulotlarga hammadan oldin kelar, raqs tushishni yoqtirmas, atrofiga tekinxo‘rlarni ham yig‘ib olmagan edi.
Ko‘p vaqt o‘tmay, u FIFAdan o‘zining "Oltin to‘pi"ni qabul qilib oldi va sovrinni tanish zargarga uzoq tortishib 60 bo‘lakka bo‘ldirdi. Har bir qismÂga ismlar yozilgan kumush parchalarni yopishtirib, parchalangan "Oltin to‘p"ni jamoadagilarga bo‘lib berdi. Uning fikricha, erishgan yutug‘ida jamoadoshlari, murabbiyi, shifokor, massajchi, jamoa kosibi, hatto kiyinish xonasidagi farroshning ham birdek hissalari bor ekan.
U boylikka juda ham mukkasidan ketmagan, balki uning asosiy maqsadlaridan biri Braziliyada o‘zining futbol maktabini ochish va moddiy jihatdan qiynalib qolgan oilalar farzandlarini o‘qitishdan iborat. Murabbiy bo‘lish orzusi umuman yo‘q. "Mening ishim menejment. Qachonlardir matematika fani jonu dilim edi", - deydi u.