Rhaq seskanib, ko‘zini yumib ochdi. Darhaqiqat, ekrandan Fid emas, Lukn qarab turar edi. Rhaq jon holatda ekranni kaftlari bilan to‘sdi. Tasvir yo‘qoldi. U telba bir ahvolda o‘rnidan turib ko‘zlarini uqaladi. Ekran qorayib turibdi. Yana gallyutsinatsiyami? Nima bu, halokat belgisimi? U boshini changallab o‘tirdi. Keyin xayolini jamlamoq uchun ko‘zlarini yumib, stolni beixtiyor cherta boshladi. Nazarida qo‘li og‘irlashayotganday, harakat mushkullashganday tuyuldi. Ko‘zini ochib baqirib yuboray dedi: barmoqlari beshtadan bo‘lib qolibdi! Xuddi yerliklarnikiday — beshta! U ko‘zlarini mahkam yumib, keyin yana ochdi. Yo‘q. Barmoqlari beshta emas, tangliklarnikiday uchta. Demak, yana gallyutsinatsiya. Asablari pand beryapti. Qanday bo‘lmasin uxlashi kerak. Yo‘qsa, manziliga yetib borolmasligi mumkin.
Kema bir maromda uchib borar, Rhaqning asablari esa tobora izdan chiqar, noxush kechinmalar o‘tida qovurilardi. Keyingi kunlarda ko‘ziga faqat Fid — Yerda hayot borligini bashorat qilgan donishmand Fid ko‘rinadi. Qandaydir hukm chiqarishga, uni ijro etishga undaydi.
Rhaq Fid bilan ko‘p jihatdan hamfikr edi. U gallyutsinatsiya domidan ozod bo‘lgan kezlari xayoliy bahslarni eslab hayratlandi. Chunki Tangda Fid bilan biron-bir muammo ustida bunchalik qattiq tortishmagan edi.
Tang fazogirlari juda ko‘p yulduzlarga bordilar. Lekin hech birida ongli mavjudot uchratmadilar. Donishmandlar markazida endigina tahsilni tugatgan Fid kattaligi jihatidan ham, nuri jihatidan ham o‘zgalardan farq qiluvchi yulduz atrofida harakat qilayotgan nisbatan mayda va nursiz to‘qqiz yulduzni kuzata boshlaganida unga aytarli ahamiyat berishmadi. Bir tomonda o‘zini qoya deb his qiluvchi donishmandlarning taxmini isbotlanmay turganda, bu «go‘dak»ning farazlariga kim ham e’tibor qilardi? Fid maqsadga faqat iqtidor bilan emas, balki sabr-toqat bilan ham borilajagini yaxshi bilardi. U ultrabinafsha spektrometr yordamida yorqin yulduzga yaqinlik bo‘yicha uchinchi turuvchi, kattalikda esa beshinchi o‘rinda turuvchi xira yulduz atmosferasining kimyoviy tarkibini aniqlab, undagi vodorod va geliy miqdori Tangniki kabi ekanini aytganda ham, xira yulduz atmosferasida suv bug‘i mavjudligini spektroskopik tadqiqotlar isbot etgandan keyin ham shuhratga umid qilmadi. U o‘zini donishmand sanaydigan, aslida «nima uchun kunduzi yorug‘, tunda qorong‘i bo‘ladi» deb bosh qotirib yuradigan chala olimlar qatorida navbat kutishga majbur bo‘ldi. Bu uning izzat-nafsiga tegsa-da, sayyorada joriy bo‘lgan qonunga tik borolmasligini bilib, toqat qildi. Tangda uning kashfiyotidan hayratlanib, birinchi bo‘lib qutlagan kimsa Rhaq edi. U do‘stining taxminlariga ishonardi. Farazlarning isbot etilishi Rhaq uchun nur ustiga a’lo nur bo‘lgan edi.