Fargʻona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon  ( 155554 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 ... 40 B


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 23:17:40

Afshin ochko‘z, tamagir ekanini eshitgan Zirg‘omning xayoli qochdi, chunki u juda katta merosga vasiy bo‘lib olgan edi-da. Ehtimol, Jahonning mol-mulkiga xiyonat qilar. Ammo Zirg‘om o‘zi halol bo‘lgani uchun o‘zgalardan ham shubhalanmasdi. Nahotki, shunday katta qo‘mondon o‘zi vasiy bo‘lgan mol-mulkka xiyonat qilsa?
— Merosga Afshin qo‘lini cho‘zadi deb o‘ylaysizmi?
— Bilmayman, lekin o‘sha bechora aytgan sirni senga oshkor qilyapman-da. Somon ustida bilganlarimni ham, uning merosdan mahrum qilinish sabablarini ham hokimning xotini aytgan edi...
Zirg‘omning Somon haqidagi shak-shubhalari ko‘z oldiga keldi.
— Otasining ko‘ngli qolganini Somonning o‘zi ham sezib yurgan ekan. Vasiyatni man qilay deb jon-jahdi bilan kirishib ko‘ribdi. Otasi qachon «kohinni chaqirib kel», deb yuborsa, chaqirib kelmay qayoqdagi bahonalarni to‘qib chiqardi.
— Vasiyatnoma kohinning qo‘li bilan yozildimi? — Oftob so‘radi.
— Ha, uni topib kelish uchun men Vardonni yuborgandim.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 23:17:57

    Oftob boshini irg‘ab: «O‘zi yaxshi kohin. Jahonning onasi rahmatlik shu kohinni ham yoqtirmasdi. Uni ko‘rgisi kelmasdi. Bayramlarda uylariga kelsa, basharasini ko‘rmay, deb ayvonga chiqib ketardi. Yaxshiyam, Vardonni esimga solding, u qaerda?»
— Shu yerda, safardan charchab keldi, hozir uxlagan bo‘lsa kerak. Rostini aytsam, u shijoatli odam. Hamma ishlarimda shunga suyanaman. Uni xizmatkorim deb aytishga ham tilim bormaydi. Uni do‘stim desam arziydi. Xizmatkorlardan u allaqancha yuqori turadi. Unda qandaydir bir xislat bor, bejiz odam emas.
— Undan beparvo bo‘lma, o‘g‘lim. U zamondan jabrlangan bo‘lsa kerak. Zamon o‘zi shunaqa, hamma vaqt dono kishilarni qoqiltirib-suqiltirib kelgan.
Uxlash vaqti yaqinlashgani, xususan, o‘g‘lining yo‘ldan horib kelgani onaning esiga tushib qoldi.
— Qo‘zichog‘im, bor, o‘rningga borib yot. Xudo xohlasa, ertaga xalifa Mu’tasimning oldiga borasan. U bilan yaxshilik ishlar ustida ko‘rishishing nasib bo‘lsin, — dedi-da, o‘rnidan turdi. Hammalari o‘z o‘rinlariga borib yotishdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 23:18:31

     XALIFA MU’TASIM VA SHER

     Ertasiga ertalab Zirg‘om o‘rnidan turdi. Yuvinib kelib, onasiga salom berdi, ta’zim bilan uning qo‘lini o‘pdi. Keyin birga o‘tirib nonushta qilishgandan so‘ng odatda xalifa huzuriga kirganda kiyadigan kiyimlarini — ustiga salla o‘ralgan qalpoq, abbosiylar kiyadigan qora to‘n, ichidan kamzul va uzun cholvor kiyib, bo‘yniga qilichini osdi, otini minib, Vardon bilan birgalikda xalifaning saroyi tomon yo‘l oldi.
     Mu’tasimning saroyi Somurroning sharqiy tomonida joylashgan bo‘lib, bir necha hashamatli binolardan iborat keng maydonni ishg‘ol qilgan edi. Chor atrofi devor bilan o‘ralgan. Saroy qadimiy eron shohlarining Madoin shahridagi binolari tarzida qurilgan. Uning tashqi katta darvozasi uch tavaqali bo‘lib, o‘rtasida ot-aravalar bemalol o‘tadigan katta eshik: ikki chekkasida odam o‘tadigan ikkita kichkina eshigi bor edi. Ichkariga kirgan kishi binolar o‘rtasidagi katta boqchaga ko‘zi tushadi. U binolardan biri va eng kattasi Mu’tasimning hashamatli qasri.    Qolganlari esa saroy ahlining turar joylari, mehmonxonadan iborat edi. Sherlar uchun qurilgan maxsus bino ham bor edi. Mu’tasim sherlarni asrash va tarbiya qilishga ishqiboz bo‘lib, ko‘pincha sher oviga o‘zi chiqib turardi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 23:18:48

     Zirg‘om xalifaning o‘sha saroyiga yetib kelganida kun ancha ko‘tarilib qolgan edi. Darvozaga yaqinlashishi bilan soqchilar uni tik turib qarshi olishdi. Zirg‘om otidan tushmay, darvozadan to‘g‘ri ichkariga kirib, xalifaning qasri yonida to‘xtadi. Vardon esa darvoza yonida otidan tushib, uni yetaklaganicha Zirg‘om orqasidan borib, uning oti jilovidan ushladi va ikkala otni otxona tomon yetaklab ketdi. Xalifaning maxsus hojibi uni qarshi oldi. Zirg‘om xalifa huzuriga kirish uchun ruxsat so‘ragan edi, hojib: «Kecha kechqurun ovga chiqib ketgan edilar, hali qaytganlari yo‘q», — deb javob berdi.
— Yaqin orada qaytarmikinlar?
— Hozir kelib qolsalar kerak.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 23:19:12

     Hojib dam olishi uchun Zirg‘omni qasr ichidagi katta xonaga taklif qildi va: «Xush kelibsiz, safardan eson-omon qaytib keldingizmi?» deb hol-ahvol so‘radi. Zirg‘om hojibga javob qilgandan keyin, xalifa nima sababdan chaqirtirganini bilmoq uchun mamlakatda bo‘layotgan voqealar to‘g‘risida so‘rab, uni ancha gapga soldi-yu, lekin qanoatlanarli javob ololmadi, safarga ketganidan keyin saroyda qilingan ba’zi yangiliklarni ko‘zdan kechirish bilan o‘zini mashg‘ul qilib o‘tirdi. Keyin boqchaga chiqib, undagi gul va daraxtlarni tomosha qilmoqchi bo‘ldi. Hojib ham boqcha tevaragida u bilan birga yurgan edi, saroydagilar g‘ovur-g‘uvur qilib qolishdi. Kimdir «xalifa ovdan qaytdilar» deyishi bilan odamlar qasr tomonga o‘tadigan yo‘l chetiga tizilishdi. Xalifa yonida ovga chiqqan kishilar otliq va piyoda kirib kela boshladi. Keyin ovga chiqqan vaqtda vahshiy hayvonlar hujumidan saqlanish uchun kiyadigan ov kiyimlarini ko‘ylagi ustidan kiyib olgan xalifaning o‘zi kirib keldi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 23:19:28

     Mu’tasim o‘rta bo‘yli, uzun va qizg‘ish soqolli odam edi. Uning butun vujudida shijoat sezilar, o‘ynab chiqqan paylari kuch-quvvatga to‘la edi. U shu qadar kuchli ediki, bir o‘zi ming qadoq* yukni yelkasida ko‘tarib, bir necha qadam yerga olib bora olardi. Birovning bilagini ikki barmog‘i orasiga olsa, uni ezib yuborardi, temirni egib chambarak qilar va chaqa pulni barmog‘i bilan astoydil bossa, undagi muhr o‘chib ketardi. U serjahl, ginasi qattiq odam edi. Ot minishga, chavgon o‘yiniga o‘ch edi. U qasr darvozasiga kelib otdan tushdi. Ko‘pchiligi qo‘mondon va otliq askarlardan iborat bo‘lgan kutib turuvchilar bilan salomlashdi. Ular orasida Zirg‘omga ko‘zi tushib, bir jilmaydi-da, unga salom berdi. Zirg‘om chopib borib uning qo‘lini o‘pmoqchi bo‘lgandi, rozi bo‘lmagandek qo‘lini tortib oldi* va «Sen ham shu yerdamiding?» deb so‘radi.
— Janoblarining farmoyishlari bilan yetib keldim,— dedi Zirg‘om.
— Kecha kechqurun bu yerda bo‘lganingda men bilan ovga chiqqan bo‘larding.
— Koshkiydi, amiralmo‘’minin, ayni muddao bo‘lar-kan-a, ...hamma vaqt baxt va g‘alaba sizga yor bo‘lsin!

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 23:20:01

     Xalifa qars tomon yuzlandi-yu, yana orqasiga qaytib, turgan kishilarga tarqalish uchun ruxsat berdi va Zirg‘omning o‘zini to‘xtatib: «Seni shodlantiradigan bir gap aytmoqchiman, men bahaybat bir sher ushlab keldim. Qachon sherni ko‘rsam, seni eslayman, chunki sening noming uning nomlaridan bittasi*, — dedi-da, hojibni chaqirib, — ovchilarga ayt, sherni anavi qafasga olib kelishsin», — dedi. Keyin boqchaning bir tomonidagi hayvonlar turadigan joyga qarab yurdi. Yonida Zirg‘om. U bilan so‘zlashib bora turib, xalifa safari to‘g‘risida gap ochdi: «Bu safardan bizning istagimizni yaxshilab bajarib kelgan bo‘lsang kerak, albatta». — Xojamning farmoyishlarini bosh ustiga oldim, u kishining madadi bizga yor bo‘ldi. Cho‘rilarni sotib oldik.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 23:20:25

Xalifa uning gapini bo‘ldi:
— O‘zing sotib oldingmi?
— Yo‘q, mening oldi-sotdi ishlarda uquvim kamroq. Lekin kerakli cho‘rilarni sotib olishda kishilarga ko‘maklashdim. Yaqinda ular bu yerga yetib kelib qolishadi. Men farmoningizga muvofiq tezroq, ulardan oldinroq jo‘nayverdim.
     Zirg‘omning so‘zini eshitib Mu’tasimning chehrasida boshqa bir holat ro‘y berdi, boshini yerga egdi. Keyin u: «Mayli, bu haqda bafurja so‘zlasharmiz», — dedi-da, boqchaning eshigiga ko‘z tashladi. Xalifaning chakkasidagi taram-taram tomirlariga qon yugurdi. Zirg‘omga imlab, xodachalar ustiga qo‘yilgan temir qafasni ko‘tarib kelayotgan kishilarni ko‘rsatdi. Qafas ichida ko‘zidan o‘t chaqnab bahaybat bir sher turardi. Yirtqich hayvonning shijoati Zirg‘omga allanechuk ko‘rindi-yu, xayoliga bir narsa kelgandek yuragi o‘ynab, qovoqlarini chimirdi.
     Xalifa tik qarab turardi. Qafas ko‘targanlar yaqinlashishi bilan uni qo‘llaridan yerga qo‘yishga buyurdi. Sher quloqlarni kar qilgudek baland ovozi bilan bo‘kirardi: «Sher jarohati qattiqligidan bo‘kiryapti. Ko‘kragining tepasidan otgandim. O‘lib qolmasa edi deb qo‘rqaman, lekin har ko‘rganda bir shodlanishim uchun o‘lmay yurishini istardim». Xalifa shunday dedi-yu, qafas tomonga qadam tashladi. Uning hurmatini saqlab Zirg‘om orqasidan yurdi. Sherning oldiga yetishlariga bir necha qadam qoldi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 23:20:49

     Xalifaning qo‘lida faqat bitta o‘q yoydan bo‘lak quroli yo‘q edi, chunki kiyim-boshiga qarab turuvchi xizmatchisi u kelgan vaqtda shundan bo‘lak hamma qurollarini yig‘ishtirib olgan edi. Xalifa qafasga yaqin keldi-da, sherning jig‘iga tega boshladi: urmoqchi bo‘lgandek qo‘lidagi o‘q yoyni unga o‘qtalar, sher esa bo‘kirar va tipirchilardi. Sher ko‘kragining yuqorisidan tinmay qon oqar, qon tomchilari uning ko‘kragi va oyoqlarida qotib qolgandi, ko‘zlariga qon to‘lgan, yumilay deb qolgan edi. Mu’tasim uni hozir o‘lib qoladi deb o‘ylab, tegajaklik qilib, unga o‘q yoyni otgandi, u sherning naq ko‘ziga borib tegdi. Sher jon achchig‘ida unga hamla qilaman deb bir sakragandi, boshi temir panjaraga urildi. Uning g‘azabi yana battarroq oshib, o‘zini bilmay orqasiga qaytdi. Mu’tasim bilan Zirg‘om xavotir ichida sherning harakatlariga qarab turishardi. Axir, u sher emasmi? O‘lim oldida ham vahimasi bor-da.
     Xalifa yonida Zirg‘om sherning shu achinarli ahvoliga rahmi kelib, tikilib turarkan, u birdan qafasning bir chekkasini boshi bilan qattiq urib, ikkita panjarani sindirdi va u yerdan boshini tashqari chiqarib oldi. Zirg‘om bilan xalifadan boshqa hamma bir-birini bosib-yanchib tumtaraqay bo‘lib ketishdi. Sher «hap» etib xalifaga tashlandi-da, tirnoqlari bilan uning bilagiga yopishdi. Uni butunisicha yutib yuborguday bo‘lib, og‘zini katta ochdi. Mu’tasim holdan ketib, o‘zini o‘lganga chiqarib qo‘ydi. Chunki o‘zini mudofaa qilishga va sherning changalidan qutulib chiqishiga biror chora qolmagan edi. Odamlar bo‘lsa allaqachon hammasi chekka-chekkaga yashiringandi. Ammo Zirg‘om joyidan siljimay sherga tashlandi, u bir qo‘li bilan sherning pastki, ikkinchi qo‘li bilan yuqori jag‘ini yirib: «Mavlono, xizmatingizga tayyorman, xudoning amri bilan salomat qoldingiz», — dedi. Xalifa shu onda sherning ikkala jag‘i ajrab ketganini ko‘rdi va bilagini uning changalidan bir amallab tortib oldi. Shunga qaramay, sher Zirg‘omga hamla qilishga urinmoqda edi. Zirg‘om yonidan xanjarini chiqarib uni sherning ko‘ksi, biqini va qo‘ltig‘i ostiga sancha boshladi. Uning qattiq jahli chiqqanidan, butun vajohati shernikidan ham haybatliroq bo‘lib, mo‘ylabi dikkayib, ko‘zi qizarib va qovog‘i solinib ketdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 23:21:15

     O‘takasi yorilib, har tomonga qochib ketgan odamlar sherning qonga bo‘yalganini, Zirg‘om uning ustiga minib olganini va xalifa Zirg‘omga tikilib turganini ko‘rib, yopirilib kelishdi. Ular g‘ovur-g‘uvur ichida xalifaning salomat qolgani uchun shukurlar aytib, Zirg‘omning botirligiga qoyil qolib, hang-mang bo‘lib turishardi. Bu tasodifiy hodisadan qo‘rqib rangi o‘chib ketgan xalifa Zirg‘omga zo‘rg‘a jilmayib, qaradi-da: «Barakallo, Zirg‘om! Chindan ham sher ekansan», — dedi.
     Xalifaning maqtovini eshitgan Zirg‘om o‘zini tutib oldi. Qo‘lidagi qon tomib turgan xanjarni yerga qo‘ydi-da, «Men amiralmo‘’minining qullariman, bu qilgan ishim sizning iltifotingiz tufayli bo‘ldi. Bu yirtqich hayvondan o‘ch olishga siz munosib edingiz, yolg‘iz o‘zingiz uni albatta o‘ldirgan bo‘lardingiz, lekin men shoshilib, o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim, sizga chovt solganiga chiday olmay, unga tashlanib o‘ldirdim. Qilgan jur’atim uchun meni avf etasiz»,— dedi.

Qayd etilgan