Akalar Yusuf (a.s.)ga yana murojaat qilib:
«Ey aziz, Binyominning bir qari otasi bor. Buning ayrilig‘iga chiday olmaydi, uning o‘rniga bizlardan bittamizni olib qoling. Bizlar sizni ezgu ishlarni qiluvchi zotlardan ekaningizni ko‘rmoqdamiz», - deyishdi. Yusuf (a.s.) rad javobini berib:
«Alloh saqlasin, biz kimdan matomizni topgan bo‘lsak, o‘shani olib qolamiz. Aks holda biz zolim kimsalardan bo‘lib qolurmiz», - deb Binyominni olib qoldilar. Akalari noumid bo‘lgandan keyin endi nima qilish haqida maslahat qildilar. Yahuzo ularga dedi:
«Otamiz bizlardan Binyominni saqlashimiz haqida va’da olmaganmidi, imon bilan qasam ichmaganmidik, endi nima deymiz. Bir ukamizni yo‘qotdik, ikkinchisi uchun ichgan qasamimizni buzdik. Hali otamizning jigari Yusuf uchun ezilishdan to‘xtagani yo‘q, ko‘zyoshlari tingani yo‘q; endi otamizning ko‘ziga qanday qaraymiz? Men bir qadam ham bosmayman, to otam izn bermaguncha yoki Alloh menga hukm qilmaguncha, chunki Alloh eng yaxshi hukm qiluvchidir», - dedi.
Akalar endi Binyominni ham, Yahuzoni ham Misrda qoldirib, otalari huzuriga bordilar va bo‘lgan voqeadan xabardor qildilar. Ya’qub (a.s.)ning firoq o‘tlari yanada ziyoda bo‘lsada, «bunda albatta Allohning hikmati bor», deb sabr qildilar.
«(Ya’qub) dedi: «Yo‘q! Sizlarga havoyi nafsingiz (yomon) ishni chiroyli qilib ko‘rsatgan. Endi mening ishim chiroyli sabrdir. Shoyadki, Alloh ularning (Yusuf, Binyomin va katta o‘g‘limning) barchalarini bag‘rimga qaytarsa. Albatta, U bilim va hikmat sohibidir.
Keyin ulardan yuz o‘girib: «esizgina Yusuf!» dedi. G’am-g‘ussadan uning ko‘zlari oqarib (ojiz bo‘lib) qoldi va endi u hazindir».