— Rahmat, qaynujonum. Mana, kepsiz, shuning o‘zi yetadi menga, — dedi u to‘liqib. — Boshim osmonga yetdi. Shu kecha tushlarimga Hizrdek oppoq bir qariya, nurludan nurlu bir mo‘ysafid kirib yuribdu. Kitob-larda ko‘rganumiz, she’rlarini yod olganumiz o‘sha hazrat Navoiygami, kimga o‘xshab ketadu, tavba. «Qizim, ko‘pam qayg‘urmang, dardingizning davosi bor, inshaalloh, Sizni yo‘qlab kelishgay. Meni qidirib topsinlar», deydu. Ertalabdan beri hayron edum nima ekan deb. Mana, najot farishtasudek o‘ziz kirib keldungiz. Endi qo‘rqmayman. Sizni Xudoyimning o‘zi yetkazdu, — deb qo‘llarimni tavof etib, barmoqlarimning uchini o‘pib qo‘yar, hov bir vaqtdagidek ma’sum-ma’sum jilmayar edi.
Uning bu ishidan jonu jahonim yorishib, o‘rnimdan turib olgim, bozorliqlarimni ochib, o‘sha ilingan narsalarimdan jilla qursa, ikki donagina nokniyu Oyto‘ra buvi berib yuborgan qalampirmunchoqni qo‘llariga tutqazgim kelardi. Axiyri olib:
— Mana, men Sizga nimalar olib keldim, qarang,— dedim.
— Voy, halim nokmu? — kennoyim azza-bazza boshini ko‘tarib, tirsagiga tiraldi. — Hidinu qarang, asal tortub ketipti-ku!..
Darhaqiqat, undan asal hidi gurkirab, o‘zi sariq ipakdek jilvalanar edi.
— Bir kampirshodan oldim bu jannatning mevasini. Duo qilib yeyar ekansiz.
— Rahmat, — dedi u chiroyli kiprik qoqib. (Aftidan mutaassirlanib, og‘riqlariyu qayg‘ularini bir zumgina unutgan edi.) — Bunisu qalampirmunchoq-ku. Rahmat. Shundan shu yoqqa ilinub... ko‘tarub yurubsiz,— dedi u.
— Uni buvi berib yubordilar. Hidlab turarkansiz, g‘uboringizni olarkan.
— Voy, shundaymu? Baraka topsunlar. Menga yaxshilik sog‘inganlarnu Alloh qo‘llasun, o‘zi aziz qilsun, — dedi u yana ham ta’sirlanib. Ko‘zlari chaqnab, yoshmi — nima yiltilladi. — Qani edu, tushlarum o‘ngudan kela qolsa.
— Inshaalloh, o‘shal ko‘ringan odamni-da, topgaymiz. Bekorga belgi bermagan,— dedim eshikbon ayolning gaplari rost kelayotganidan o‘zim ham hayratlanib.
— Valloh, farishtalar omin deb turgan bo‘lsun. — U mijjalariga qalqib chiqqan yoshlarni artib, boyagidek minnatdor tikildi. — O‘sha-o‘shasuz-a, qaynujonum, kichikoyumlarning, kattabog‘liklarning hidinu tuydum, rahmat.