— Tag‘in bitta kulcha bering, firqa bova, — dedi beva. — Bolamga berayin, non deyapti...
— Beraman, beraman... — Botir firqa shunday deya, komandirga yuz soldi.
— Urtoq komandir, tiriklarni ko‘mish qanday bo‘ladi?
— Endi, nima qilaylik, o‘rtoq rais? Zamon shunday! Ocharchilikni bartaraf etmasak bo‘lmaydi.
— Ammo-lekin... tirik-da, tirik! Ana, bag‘ridagi bolasi-da tirik! Sho‘ro hukumatiga ishchi kuchi kerak, o‘rtoq komandir, ular hali ish beradi.
— Tushunaman, o‘rtoq rais, tushunaman. Ammo ular baribir... o‘ladi-da, o‘ladi! Nima yeb, jon saqlaydi?
— Men ularga bittadan kulcha berib turar edim, o‘rtoq komandir. Bunday bo‘lishini bilsam, ikkitadan kulcha berar edim, o‘rtoq komandir. Men endi ularga ikkitadan kulcha berib turaman, o‘rtoq komandir, ikkitadan!
Komandir Botir firqaga o‘smoqchilab-o‘smoqchilab qaradi. Bir ko‘zini qisib-qisib oldi.
U bilan... apoq-chapoqmisiz deyman? — dedi. — Balki qo‘lidagi bolasiyam... o‘zlariga qarashlidir, o‘rtoq rais?