Torn ketdi, Tassone esa yolg’iz o’zi qoldi. Hammasi tugadi, u yutqazdi. Ruhoniy asta o’rnidan turdi va kimsasiz parkka nazar tashladi. Atrofni dahshatli sukunat qoplagandi. Shu payt Tassonening qulog’iga qandaydir tovush chalindi. Tovush uzoqdan kelardi. Bir zumda bu tovush butun atrofni tutib ketdi. Uning qulog’i batangga keldi. Tassone xochni mahkam ushlaganicha, parkni xavotir bilan kuzata boshladi. Osmonda bulutlar quyuqlashib borar, shamol tobora kuchayib daraxtlarni silkitardi.
Tassone xochni ikki qo’llab ushlaganicha xavfsizroq joy izlab ko’chaga chiqdi. Ammo kutilmaganda shamol kuchaydi, yerda yotgan qog’oz va boshqa mayda-chuyda narsalar uchib ketdi. Ruhoniyning yuziga kuchli shamol epkini urildi. Ko’chaning narigi tarafida cherkov ko’rindi. Tassone oldinga intildi. Chang-to’zon uning ko’ziga urilib, yo’lni yaxshiroq ko’rishga imkon bermasdi. U o’zidan bir necha qadam nariga yuk mashinasi kelib to’xtaganini sezmadi. Mashina yo’l chetiga urildi. Oynaning singani eshitildi. Birdan shamol to’xtadi va odamlar qichqirganicha Tassonening yonidan o’tishib, yuk mashinasi tomon chopishdi. Haydovchining tanasi rulga suyanib turar, mashinaning old oynasi qonga belangandi. Tassone ko’cha o’rtasida turganicha qo’rqqanidan yiyolardi. Osmonda momaqaldiroq gumburlab, chaqmoq chaqdi. Tassone yana parkka qarab qochdi. Dahshatdan ho’ngrar ekan, u toyib yiqildi. Tassone o’rnidan turayotganida, yashin uning narirog’idagi o’rindiqqa urilib, uni bir zumda kulga aylantirdi. Ruhoniy butalarni yorib o’tib, ko’chaga chiqdi. U osmonga tikilganicha, qadam tashlardi. Yomg’ir tobora kuchayib borardi. Butun Londondagilar pana joy izlab u yoqdan-bu yoqqa yugurishar, derazalarni yopishardi. Parkdan olti kvartal naridagi maktab o’qituvchisi esa qo’lidagi uzun temir bilan sinf derazasini yopishga urinar, o’quvchilar uni kuzatib turishardi.