O'zbek shoirlarining ajoyib sherlari  ( 327521 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 ... 54 B


Muhammad Amin  26 Dekabr 2007, 18:11:23

Sog'inch

I

Ortimda sog'inib keladi qushlar-
Falakning muzaffar yo'lovchilari.
Meni izlab kelar olis qishloqdan
Musaffo bahorning sho'x tomchilari.

Ko'zimda uyg'onar isyonli tog'lar,
Uyg'onar bog'larning salqin nafasi.
Sarpoychan jo'naydi dalalar tomon
Kenglikni qo'msagan ko'krak qafasi.

Quvonch - ko'zlarimga cho'kkan qal'adir,
Kulgular jarangi-achchiq noladir,
Qafasga sig'magan qalbni olaket,
Olis paxtazordan kelgan bolakay...

II

Olib tor nimchali xonimchalarni
Tebranib o'tadi avtotulporlar.
Xiyonat - yashil yo'l, keta ketguncha
Haqini to'laydi tanti puldorlar.

Jimjima o'rinlar pinjidan oldim
Termulgan bema'no, chirik ko'zlarni.
Va bedard yo'lchining qo'ynida ko'rdim
Zang bosgan nafsiga sherik so'zlarni.

Itqitib tashladi sipo eshiklar,
Loqayd oqayotgan yo'lga sig'madim.
Beton ariqlarning o'zanlarida
Men sening qadringga umrim yig'ladim.

Quvonch - ko'zlarimga cho'kkan qal'adir,
Kulgular jarangi-achchiq noladir.
Shaharga sig'magan dardni olaket
Olis paxtazordan kelgan bolakay...

Qayd etilgan


Muhammad Amin  26 Dekabr 2007, 18:11:41

Volidai muhtarama Bodom Shodmon qizining nevarasiga aytganlari

Oybek dedim, oy qizlarning begi bo'l,
Tengdoshlaring qatorinda tengi bo'l.
O'z elingning o'g'loni bo'l, mardi bo'l,
O'z elingda muhabbat bo'l, sevgi bo'l.

Bul chamanda bisyor erur savdolar,
Uchragaydur yo'lda shohlar, gadolar.
Shohlarida tole yo'qdir, gadosida karomat,
Xalqingni sev, shulardadir adolat.

Hotamtoyidek saxiy bo'lsang buzarlar,
Qadamingni o'lchab, fitna tuzarlar.
Har amalda me'yorni bil, toshni bil,
Olchoqlarga to'lib ketdi guzarlar.

Omad kelar bo'lsa kimsa baxtidan,
Zarur bo'lsa, kech Sulaymon taxtidan.
Haqiqatning isyoni bo'l, qoni bo'l,
Nasiya so'z afzal nomard naqdidan.

Inson umri bir tutamdir, chaqindir,
Shul sababdan asrlar ham yaqindir.
Yonib o'tgan chaqinlarga madad bo'l,
Chaqinlarni kuylab o'tgan oqindir.

Unutma, bor Oybek degan ulug' zot,
Sening noming shunga otdosh, ulug' ot.
Daryodil bo'l, bo'l shu nomga munosib,
Ziyo istar yorug'likka to'liq ot.

Yana senga jigarbandim, shul o'git.
Bobolardan olgan tug'ni baland tut.
Shu tug'ni deb yashadilar, yondilar,
Elni desa, egilmaydi mard yigit!
26 dekabr, 1982 yil.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  26 Dekabr 2007, 18:12:12

Ko'ngil fasli

Yondim bir guli noz shikorlarinda,
Bag'rima bosildi tikonlari-da,
Maqsadsiz tentirab kezdim-da kuydim,
Sevgining gulhayo do'konlarida,
Ko'ngil osmon edi, ziyosi so'ndi,
Bu dil bulbul edi, go'yosi tindi.

Ko'zlarim ko'zlaring kaftinda qoldi,
So'zlarim so'zlaring sahfinda qoldi,
Bo'zlarim yozlaring taftinda qoldi,
Ko'ngil osmon edi, ziyosi so'ndi,
Bu dil bulbul edi, go'yosi tindi.

Naysonlar yuzlarni yuvib o'tdilar,
Fasllar yillarni quvib yetdilar,
Ko'zimga millarni qalam etdilar,
Ko'ngil osmon edi, ziyosi so'ndi,
Bu dil bulbul edi, go'yosi tindi.

Men vasl istadim, hayrona kezdim,
Sahroda bo'zlagan jayrona kezdim,
Labimni kuydirdi taloto'mlarda,
Mastona kezdim-u, sayrona kezdim,
Ko'ngil osmon edi, ziyosi so'ndi,
Bu dil bulbul edi, go'yosi tindi.
1989.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  26 Dekabr 2007, 18:12:33

Sinfdoshlarga

Yillar bizga ne ko'rgilik yozib ketdi,
Yelkamizga qismat yukin bosib ketdi.
Biz ishqida qalam tortgan ne-ne qizlar
Bugun endi kim-kimlarga nasib etdi.

Ul faslning sho'xliklari tumor endi,
To'rttamiz bir yig'ilmoqqa xumor endi.
Qolib ketdi bu yo'llarda sho'x navolar,
Umrimizning tashvishlari dutor endi.

Kimga mayu, kimga dunyo safo bo'ldi,
Kimga do'stlar g'animatdur, davo bo'ldi.
Har tomonga ayri ketdi turfa izlar,
Bugun yo'lda uch-to'rt do'stu vafo qoldi.

Ol qadahni, mayni sipqar, ado bo'lsin,
Do'stlik mehri umrimizga sado bo'lsin.
Shu aziz bosh egilmasin jafolarga,
Bir umrga elu-yurtga fido bo'lsin!
1983.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  26 Dekabr 2007, 18:13:06

Ochiq she'r

...Baxtiyor Hamroyev Afg'onistonda, internatsional burchini ado etayotib halok bo'Lgan.
B.Hamroyevning xotirasini abadiylashtirishga asos yo'q deb topildi.

Voroshilov rayon ijroiya komitetining raisi N.Mirzayev.
(Gazetaga kelgan javobdan) 1986 yil.

...Prometey ko'ksini hozirgacha to
Kalxatlar cho'qirmish ulkan qoyada.
Hayriyat, adolat oftobi bordir,
Sizning ko'zlaringiz hamon soyada.

Ko'ksimni kalxatlar, cho'qiyvermang, bas,
Yetar suyuqoyoq so'zlar bozori!
Sizga ne, savdoga kirasiz oson,
Hali sovumasdan jangchi mozori.

Men esa yarador Promteyday
Ko'ksimni ochaman kalxatlar tomon.
Afg'on tuprog'ida omon yurganlar,
Aziz ukalarim, bormisiz omon?!

Nega so'zlamaydi navqiron ruhlar,
Tili sug'urilgan qo'ng'iroqday jim?
So'ylang, Baxtiyorlar, Furqatlar, ayting,
Ko'ksingiz cho'qigan u kalxatlar kim?!

...Siz esa tushmaysiz ulkan minbardan.
Ulkan rejalardan boshingiz qotgan.
Biroq tan olmaysiz, makkor kiborlik
Sizda ajiriqday tomirlab otgan.

Bilaman, ishingiz jo'yali, puxta.
Zarra e'tirozsiz bitasiz xatni.
Bir jangchi afg'onda o'lgan-da, ketgan
Nomini abadiy aylamoq shartmi?..

Onalar ne ko'yga tushdi, bilmadim...
Meni majruh qildi har bir so'zingiz.
Sizga baribir-da, bir jangchi yodi,
Loaqal sanchmaydi zarang ko'ksingiz...

Bularning
har biri,
bir Matrosovdir!
To'ychi Eryigitdek, har birin shoni
Hali yor sochiga qo'li yetmagan,
Do'stni qo'riqlagan qiynalib joni!!!

Siz esa...
sizga xos so'z topmoq qiyin...
Askarday qalmoqda so'zlarki sho'r, talx.
Albatta aytajak haqli hukmini
Sizni shu mansabga qo'ygan ona xalq!

Qayd etilgan


Muhammad Amin  26 Dekabr 2007, 18:13:57

Meni uyg'otsalar

Meni uyg'otsalar ming yildan keyin
Ruhim fig'onini tinglasalar, dod,
Ming yildan keyin ham qalqib chiqadi
Qalbim adog'ida qolgan shu faryod.

Meni uyg'otsalar ming yildan keyin,
Avval paxtazorim qayda, so'rardim.
So'zimdan kulishib, Afandi, deya
Yonimda yosh-yalang hayron yurardi.

Meni uyg'otsalar ming yildan keyin,
Sen kimsan, desalar ona tilimda,
Yuragim otilib ketsa kerag-ov
Bu so'zni eshitib qonim-elimdan.

Meni uyg'otsalar ming yildan keyin,
Ko'ksimdan kuy bo'lib oqardi dardim.
Alanglab, sel bo'lib to'xtab qolardi
Nenidireslagan o'tkinchi mardum.

Meni uyg'otsalar ming yildan keyin,
Rost bo'lsa shu rohdan qayta kelarim
Bu yorug' dunyoga chinqirib emas,
Shu "Qaro ko'zim"ni aytib kelardim!

Qayd etilgan


Muhammad Amin  26 Dekabr 2007, 18:14:17

Navro'z

Ariqlarni yalpiz atri qildi ishg'ol,
Allaqaydan qarlug'ochlar keldi hushhol,
Yechib qishni egnimizdan dedik, xush qol
Kel-ey Navro'z, tashrifing xush, safo bo'lsin.

Urib nayson, tirqirar gul og'ochlarda,
Bo'sa ta'min tuyar qizlar ravochlarda,
Ne xushnudlik erur bu sanduvochlarda
Ki ko'ngil rishta payvandi vafo bo'lsin.

Tog'u tug'yon, dasht-u dala qo'zg'alipti,
El labida qo'shiq-yalla qo'zg'alipti,
Kelinchakli uyda alla qo'zg'alipti
Ko'ngilga ishq gulobidin navo bo'lsin

Do'stmi-yog'iy, siylayverar mehmonini,
Boshga bolish qilib uxlar ketmonini,
Bir umrga yamab o'tar chakmonini
Shu el mardumig'a hamdu-sano bo'lsin.

Chuchmomalar chayqaladi bezak yanglig',
Ahyon o'tgay izg'irinlar kuzak yanglig',
Allakimlar turar kaltakesak yanglig',
Bu kaslarg'a chayon fasli ravo bo'lsin.

Yosh vujudlar neni qo'msar, tug'yondadir,
Tun yarmida bolish quchib uyg'onadir,
Bu ko'ngilda azaliy bir cho'g' yonadir,
Kel-ey Navro'z, kelganing xush, safo bo'lsin.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  26 Dekabr 2007, 18:14:45

O'tdingmi...

Majnuntol egilib, yerga shivirlar,
Qizg'aldoq tushini qirga shivirlar,
Arg'umoq depsinar, o'rga shivirlar,
Shabboda xobdagi gulga shivirlar:
O'tdingmi, o'tdingmi Dalvi devona,
Xudoyim, yetkurgil Savri sultona.

Qir oshib jo'naydi Quyosh safarga,
To'lishib bormoqda, boq bu Qamarga
Bir fasl keladi ruhi sarvarga
Naysonlar yarashar subhi dilbarga
O'tdingmi, o'tdingmi Dalvi devona,
Xudoyim, yetkurgil Sarvi sultona.

Shu kunga yetibmiz, e dil shukrona,
Ahli yurt shukrona, oqil shukrona,
Qushchalar yayrashib o'qir shukrona,
Tirik jon shukrona, so'qir shukrona
O'tdingmi, o'tdingmi dalvi devona,
Xudoyim, yetkurgil Sarvi sultona.

Qizlar labidagi olucha bo'lib,
Visol damlarining bolicha bo'lib,
Qamar ko'ksidagi xolicha bo'lib
G'irko'kning olovli yolicha bo'lib
O'tdingmi, o'tdingmi Dalvi devona,
Xudoyim, yetkurgil Sarvi sultona.

Jimirlar jilg'aning qorli ko'rpasi,
Qimirlar qirlarning bug'doy, arpasi.
Sog'inib kelmoqda bahor sharpasi
O'tdingmi, o'tdingmi Dalvi devona,
Xudoyim, yetkurgil Sarvi sultona.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  26 Dekabr 2007, 18:16:47

 Sozimda qoldi

G'uncha yanog'ingda gulning ifori,
Inja dudog'inda yelning xumori,
Erka nigohinda oyning nigori
Bahor naysonlari bo'zimda qoldi,
Sevdim degan so'zim bo'g'zimda qoldi.

Endi binafshadan panoh so'rayman,
O'zim gunohkormon, gunoh so'rayman, Benajot qushchadan qanot so'rayman,
Bahor naysonlari bo'zimda qoldi,
Sevdim degan so'zim bo'g'zimda qoldi.

To'rt fasl - to'rt gulxan, kuydim-da yondim,
Qancha suluvlarni suydim-da, tondim,
Tunlar tushlarimda yig'lab uyg'ondim,
Bahor naysonlari bo'zimda qoldi,
Sevdim degan so'zim bo'g'zimda qoldi.

Majnun ko'ksidagi dili poraman,
Yeldim, yetolmadim nozli yora man,
Nayson bo'lib derazangdan boraman,
Bahor naysonlari bo'zimda qoldi,
Sevdim degan so'zim bo'g'zimda qoldi.

Muhabbat yo'llari g'am-firoq bo'lmish,
Majnuntol ko'zlari nam-so'roq bo'lmish,
Ul bodom gullari shamchiroq bo'lmish
Bahor naysonlari bo'zimda qoldi,
Sevdim degan so'zim bo'g'zimda qoldi"¦

Qayd etilgan


Muhammad Amin  26 Dekabr 2007, 18:17:04

Yuragingning hazing dashtini...

Qo'y, so'zlarni ortiq qiynama,
O'z holicha quvnab yayrasin.
Ufqqa boq, bo'zarib kelar,
Olib kelar yellar nay sasin.

Endi bo'm-bo'sh ko'chalarga chiq,
Tishla martning namxush labidan.
So'zlaringni yo'lla, joy olsin
Sayrayotgan qushlar safidan.

Giyoh bo'lib tingla xilvatda
Ona yerning erkalashini
Qizg'aldoqqa to'ldirib qaytgil
Yuragingning hazing dashtini"¦
1988

Qayd etilgan