OSHIQ XAYOLI
Guljamol Asqarova
Men dunyoni ishqim bilan zabt etsaydim,
Oshiqlarning oyoq gardiga yetsaydim.
Dunyosiga xayr-hushlar aytib keyin
Tuproq bilan oshno bo’lgali ketsaydim.
Taxtim baland bo’lsa shohlar taxtidan ham,
Baxtim go’zal bo’lsa hurlar baxtidan ham.
Ishq shahrida malikalar tojin kiyib,
Yor bag’riga oyday to’lgali ketsaydim.
Nedin axir ruhimdagi xavotirlar,
Siz qaydasiz ertakdagi bahodirlar?
Necha yilki, dunyo dilim ma’yus qildi,
Endi baxtdan xushnud kulgali ketsaydim.
Gulman dedim, yor, bag’ringda yashnatmading,
Bir lahza ham obodlikda yashatmading.
Sening aziz diydoringni ko’rarman deb,
Ostonangda gulday so’lgali ketsaydim.
Bir bor to’lsa ko’zlarimga bu qomatlar,
Keyin mayli bo’lib ketsa qiyomatlar.
Ne bo’lsa ham yor, ko’ksinga boshim qo’yib,
Vasling ko’rib, sarxush o’lgali ketsaydim,
Yor bag’riga oyday to’lgali ketsaydim.