67- bob. To‘yda ziyofat bermoqlik — to‘g‘ri ishdur!
Abdurrahmon ibn Avf rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam menga: «Bir qo‘y so‘yib bo‘lsa ham, to‘y qilgil!»—dedilar».
Anas ibn Molik Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Madinaga kelganlarida o‘n yashar bola erdilar, ul kishi bunday dedilar: «Onam meni doimo Janob Rasulullohning xizmatlarini qilishga undar erdilar, men ul zotga o‘n yil xizmat qildim. Janob Rasululloh vafot qilganlarida yigirma yoshda erdim. «Hijob» oyati xususida eng ko‘p bilguvchi kishi men bo‘lib, bu oyat Janob Rasulullohning Zaynab binti Jahsh birlan turmush qurgan kunlari nozil bo‘lgan dastlabki oyat erdi. Ushanda Janob Rasululloh Zaynabga qo‘shilib kuyov bo‘lgach, qavmni to‘y ziyofatiga chorladilar, qavm yeb-ichib, so‘ng chiqib ketdi. Janob Rasulullohning huzurlarida bir necha kishigina uzoq o‘ltirib qoldi. Shunda ul zot o‘rinlaridan turib tashqariga chiqdilar, men ham anavilar chiqib keqin deb, ul zot birlan birga chiqib ketdim. Janob Rasululloh yurdilar, men ham yurdim. Ul zot Oisha onamizning hujralari ostonasiga qadar bordilar, so‘ng anavilar chiqib ketgandur, deb o‘ylab ortlariga qaytdilar, men ham birga qaytdim. Ammo, ul zot Zaynabning huzuriga kirganlarida anavilar hanuz suhbatlashib o‘ltirishar erdi. Janob Rasululloh buni ko‘rib, yana ortlariga qaytdilar-da, Oisha onamizning hujralari ostonasiga qadar bordilar, men ham birgalashib bordim. So‘ng, anavilar chiqib ketgandur, deb o‘ylab yana ortlariga qaytdilar, men ham birga qaytdim. Bu safar qaytganlarida anavilar chiqib ketishgan erdi. Janob Rasululloh o‘zlari birlan mening o‘rtamga parda tashlab qo‘ydilar. Shunda Olloh taolo «Hijob» («Parda») oyatini nozil qildi».