«Enamning suratini ehtiyotlang»
— Enamning suratini ehtiyot qiling, — degandi Tog’ay Murod.
U shoir bo’laman, dedi. Xalqining ko’nglidagini topib-topib aytdi. Qator-qator kitoblar bitdi. O’quvchilari serob-serob bo’ldi.
Maqsadi kitob o’qimoq, yozmoq bo’ldi. Davralardan olis-olis yurdi, dardlarini to’lib-to’kib bitdi.
Eliga iste’dodli bir ijodkor bo’lib tanildi. Katta doiralarni, uchrashuvlarni xohlamadi, ijodi haqida biror muxbirga so’z aytishni ko’ngli buyurmadi. U ko’ngil kishisi edi, undan narisi shoirga yot edi..
Ammo bundan o’n uch yil avval yozuvchiga onasining surati bilan jurnalga bermoqchiligimizni, onasi nomidan bir so’z yozish kerakligini aytganimizda, jimib qoldi. O’ychan, keskir chehrasiga, ko’zlariga yorug’lik yugurdi:
— Xo’-o’-o’sh, — dedi, — to’rt-besh kundan keyin qo’ng’iroq qiling.
Yozuvchining rozinamo so’zlaridan quvonib, natijani kutdik. Aytilgan muddatdagi qo’ng’irog’imizga «kelavering», degan javobni olganimizda quvonib huzuriga shoshildik.
Tog’ay Murod onasining duosi yozilgan qog’ozni uzatarkan, «Enamning nomidan yozish qiyin ekan, bir nechta kitoblarni o’qib, keyingina yozdim... Enam bundan ziyoda duo qiladi, men unday tushirolmadim», deya qog’oz uzatdi. Unda shular yozilgandi:
«Iloyim, o’zbaki poshikasta-ayollari... qozoni o’tdan tushmasin, suprasidan non arimasin, tuz-taomlik bo’lsin, qut-barakotlik bo’lsin, oydin yo’llik bo’lsin, olchaday gullik bo’lsin, tamal-toshlik bo’lsin, toj-taxtlik bo’lsin, oftobday nurlik bo’lsin, Muhammad payg’ambar yoshini ko’rsin, baxt-iqboli qosh-kipriklari orasida bo’lsin, Ozodlik gashtini suyub-suyub tuysin, qonib-qonib tuysin, iloyim!»